Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

AKT vaziri: «Keyingi yil 30 mingga, undan keyin 50 mingga chiqarishimiz kerak» (video)

Joriy yilning 14-aprel kuni prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida axborot texnologiyalari va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish borasidagi islohotlar natijadorligi hamda sohada 2022-yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazilgan endi. Unda davlatimiz rahbari tomonidan AKT sohasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab berilgandi.

O‘sha yig‘ilishda «Taraqqiyot strategiyasida raqamli iqtisodiyotni drayver sohaga aylantirib, IT xizmatlarini 2,5 barobar oshirish va eksportni 500 million dollarga yetkazish bo‘yicha katta-katta maqsadlarni qo‘ydik. Bir narsani aniq tushunish kerak: ushbu soha rivojlanmasa, boshqa biror bir tarmoq oldinga yurmaydi», deya AKT sohasining ahamiyatiga alohida to‘xtalgan edi prezident.

Bugun, 19 aprel kuni ana shu yig‘ilishda belgilab berilgan vazifa va topshiriqlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hay’atining kengaytirilgan majlisi videokonferensaloqa tizimi orqali bo‘lib o‘tdi. 

Alohida ta’kidlash joiz, mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi yildan-yilga rivojlanib bormoqda. Buni birgina shu yilning birinchi choragida amalga oshirilgan ishlarni o‘zida jam etgan iqtisodiy ko‘rsatkichlar misolida ham ko‘rish mumkin.

Masalan, AKT sohasi bo‘yicha xizmatlar hajmi 2021 yilda 17 trln. so‘mdan oshgan. O‘tgan yilning birinchi choragida bu ko‘rsatkich 3,4 trln. so‘m bo‘lsa, joriy yilning shu davrida 4,6 trln. so‘mga yetdi, ya’ni foiz hisobida o‘sish 135 foizni tashkil qildi. Yil yakuniga qadar bu yo‘nalishda xizmatlar hajmini 21,2 trln. so‘mga yetkazish rejalashtirilgan. 

Yig‘ilish davomida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri, Hay’at raisi Sherzod Shermatov bunday aniq misollarni ko‘p keltirdi.

— 2019 yilda IT-Park rezidentlarida atigi 4000 nafar odam ishlagan bo‘lsa, hozir 11,5 mingta mutaxassis bo‘ldi, lekin bu juda kam deb, yig‘ilishda Prezidentimiz yangi vazifa qo‘ydi, — dedi AKT vaziri. — Bundan buyog‘i eng katta maqsadimiz eksport bilan yuqori maoshli ishchi o‘rinlar yaratishdir. Yilning oxirigacha bu ko‘rsatkichni 15 mingga, keyingi yil 30 mingga, undan keyin 50 mingga chiqarishimiz kerak. Bu katta vazifa. Shuning uchun hammamiz ishlashimiz kerak. Bundan tashqari «ayti sohasi»da o‘zini-o‘zi band qilgan shaxslar 20 mingga yetdi. Yilning oxirigacha 23800, deyarli 24000 odam bo‘ladi. Buni ham ko‘paytirishimiz lozim. Joylarda hududimiz rahbarlari shu odamlarni ham bilishi, o‘rganishi, kerak bo‘lsa uchrashuvlar o‘tkazishi lozim. 20 ming odam, 20 ming ishchi kuchi katta raqam. Asosiy vazifamiz — O‘zbekistonni mintaqaviy ayti-markazga aylantirish.

Tahliliy ruhda o‘tgan yig‘ilishda oldinga qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirish yuzasidan AKT vazirligi mutasaddilari chora-tadbirlarni ma’lum qilishdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring