Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Amerika fondi O‘zbekiston bilan hamkorlikda islom va uning tarixiga oid film suratga oladi

Amerika fondi O‘zbekiston bilan hamkorlikda islom va uning tarixiga oid film suratga oladi

Foto:O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti matbuot xizmati

Amerikaning mashhur «Unity Productions Foundation» nodavlat fondi mamlakatimizdagi ijtimoiy-madaniy muassasalar bilan hamkorlikda islom dini va uning tarixiga oid qisqa metrajli film suratga olish niyatida.

Rejissyor va mohir prodyuser, «UPF» tashkilotining dasturlar bo‘yicha direktori Daniyel Tutt mamlakatimizdagi safari davomida kecha O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga ham keldi. Bu haqda institut matbuot xizmati xabar berdi. 

Uchrashuvda institutning Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori Davlat Mullajonov, Ovoz rejissyorligi va operatorlik mahorati kafedrasi mudiri Iqbol Meliqo‘ziyev, O‘zbekkino milliy agentligi vakili, rejissyor Jahongir Ahmedov, professor-o‘qituvchilar hamda iqtidorli talabalar ishtirok etishdi.

– O‘zbekistonga kelishimdan asosiy maqsad, men faoliyat yuritayotgan «Unity Productions Foundation» nodavlat fondi tomonidan tasvirga olinishi rejalashtirilayotgan islom dini va sivilizatsiyasi to‘g‘risida qisqa metrajli filmga turli materiallar topishdir, – dedi Daniyel Tutt. – Bugun O‘zbekistonning san’at va madaniyat institutiga qilgan sayohatim davomida shunga amin bo‘ldimki, menimcha, kelajakda bizning O‘zbekistondagi faoliyatimizda kerak bo‘ladigan ko‘plab fikr va g‘oyalar, amaliy ishlar bu yerda yetarlicha. Masalan, institutdagi ba’zi yoshlarning animatsiya va operatorlikdagi mahorati menga manzur bo‘ldi. Ular bilan albatta kelajakda birga ishlaymiz degan umiddaman.

Aytib o‘tish lozimki, «Unity Productions Foundation» nodavlat fondi 1992 yilda tashkil etilgan bo‘lib, tashkilotning asosiy maqsadi ommaviy axborot vositalari hamda turli filmlar orqali turli dinlar targ‘ibotiga qarshi kurashishdir. Islom ham din ham ilm sifatida rivoj topgan mamlakatimizda ushbu qisqa metrajli filmning suratga olinayotganligining asosiy  sababi ham shundan.

– Sir emas, bugun Amerikada islom diniga nisbatan salbiy fikrlaydigan insonlar yetarlicha. Bu tabiiy hol, chunki ushbu dinga e’tiqod qiladiganlar yurtimizda atigi bir yoki ikki foizni tashkil etadi. Bizning maqsadimiz mana shunday qarashlarni, barcha dinlar aslida ezgulikka xizmat qilishini  o‘z filmimiz orqali ko‘rsatib berishdir, deydi taniqli rejissyor.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring