Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Andijonda deputatlar tintuv qilindi va bu – hammasi emas...

Andijonda deputatlar tintuv qilindi va bu – hammasi emas...

Xalq deputatlari Andijon shahar kengashining navbatdagi sessiyasida bir guruh deputatlar tintuvdan o‘tkazilibdi. Bunda deputat daxlsizligiga amal qilinmagan, deb xabar bermoqda deputat Rasul Kusherbayev.

«Ushbu sessiyada Andijonda yer sotuvchilarning kirdikorlarini fosh qilib yurgan deputatni prokuror taqdimnomasiga ko‘ra daxlsizlik huquqidan mahrum qilishibdi.

Katta ehtimol bilan  deputatlarni daxlsizlik huquqigayam tupurib tintuv o‘tkazishga topshiriq berganlar yer sotish ishlariga daxldor va deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum qilib qamashga ishtiyoqmand «o‘sha» shaxslar bo‘lishi kerak.

Noqonuniy tintuv o‘tkazilishiga kelganda taqdimnoma kiritgan qonun himoyachisi prokurorni ko‘zi qayerda qoldi, degan savol ochiq qolayapti», deb yozadi Oliy Majlis deputati.

Huquqshunos Saydali Muxtoraliyevning yozishicha, hodisa 2021 yil 17 may kuni sodir bo‘lgan.

«Sessiya kun tartibiga yagona masala hokimning noqonuniy qarorlariga qarshi chiqayotgan va Andijon shahar prokurorini attestatsiyadan o‘tkazishni talab qilgan deputatni daxlsizlik huquqdan mahrum qilish edi», qayd etadi huquqshunos.

Aytilishicha, sessiya kun tartibidagi masala «muhokamasi» o‘sha attestatsiyadan o‘tilishi talab qilingan Andijon shahar prokurori tomonidan kiritilgan 2021 yil 6 maydagi taqdimnoma bo‘lgan.

Shahar prokurorining taqdimnomasida ijtimoiy tarmoqlarda Bosh prokurordan Andijondagi «Yer sotish sindromi» yuzasidan tekshirish o‘tkazishni, Prezident hamda Vazirlar Mahkamasining qarorlariga nisbatan zid qaror qabul qilayotgan mas’ullarga javobgarlik masalasini ko‘rib chiqishni so‘ragan shahar Kengashi deputati Sh.Karimovni dahlsizlik huquqidan mahrum qilish to‘g‘risidagi masalani darhol ko‘rib chiqish so‘ralgan.

Saydali Muxtoraliyevga ko‘ra, sessiya o‘tkazilishi tartibi ham amaldagi qonunlarga zidligini bilib turgan (balki taalluqli qonun normalarini umuman BILMAGAN) ko‘pchilik deputatlar Andijon shahar hokimi boshchiligida Xalq manfaatlari uchun kurashgan DEPUTATNI dahlsizlik huquqidan mahrum qilishgan.

«Quyidagi asoslarga ko‘ra bugungi bo‘lib o‘tgan sessiya noqonuniy deb hisoblayman.

  • O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2010 yil 30 dekabrdagi 154-II-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining namunaviy reglamenti»ning 11-moddasidaga zid tarzda prokuror taqdimnomasi dastlab «Reglament va deputatlik odobi» masalalari bo‘yicha doimiy komissiya tomonidan ko‘rib chiqilmadi.
  • 12-moddasiga zid tarzda Kengash deputatlariga tanishib chiqish uchun tegishli hujjatlar taqdim e’tilmadi. Sessiya ochiq oshkora o‘tkazilmadi va ommaviy axborot vositalari vakillari hokimlik majlislar zaliga kiritilmadi.

O‘z o‘rnida savol tug‘iladi: O‘zbekistonda Sessiya kun tartibida qonun buzilishi holatlari qachongacha davom etaveradi?», deb yozadi huquqshunos.

Ushbu holat yuzasidan Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyevaga murojat qilinib, «nahotki shahar Kengashi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, Mamlakatimiz Prezidenti Farmon va qarorlari, Oliy Majlisi Senati Kengashining qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasining qarorlariga zid bo‘lgan qarorlarni qabul qilayotgan mas’ullarga nisbatan hech qanday munosabat bildirilmasa yoki ularga choralar ko‘rilmasa?» — deya savol o‘rtaga qo‘yiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring