Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Andijonda Germaniyaning mashhur matematika ko‘rgazmasi namoyishi bo‘lmoqda

Andijonda Germaniyaning mashhur matematika ko‘rgazmasi namoyishi bo‘lmoqda

Foto: «Xabar.uz»

Joriy yilning 18 aprel kuni Andijon viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyida Germaniyaning O‘zbekistondagi Gyote instituti bilan hamkorlikda «Matematikani qo‘lga ol» interfaol ko‘rgazmasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

«Matematikani qo‘lga ol» — Germaniyaning Gissen shahridagi «Mathematikum» muzeyining barcha yoshdagilar uchun mo‘ljallangan interfaol ko‘chma ko‘rgazmasi bo‘lib, nemis tilida «Mathematic zum Anfassen» ma’nosini beradi. Muzey 2002 yilda ochilgandan boshlab har yili 150 minglab qatnashchilarni o‘ziga rom qilib kelmoqda.

Ko‘rgazma bugungi kunga qadar Yevropa, Amerika va Osiyoning ko‘plab mamlakatlarida namoyish etildi. Xususan, 2011 yilda Toshkentda ham mehmon bo‘lgan va bu yil yana O‘zbekistonga qaytib keldi.

Ko‘rgazma ta’lim jarayonida fanlararo uzviylikni targ‘ib qilish, alohida fanlarni nemis tilida o‘qitish, shuningdek, matematika, informatika kabi tabiiy va texnik fanlarni o‘rganishga qiziqtirishini oshirishga qaratilgan.

Barcha eksponatlar o‘yinlar orqali namoyish etiladi. Ularning hech biri matematikani qo‘rqinchli fan sifatida ko‘rsatmaydi. Aksincha, eksponatlarning har biri go‘yoki «Men qiyin emasman, sen meni o‘yin orqali tushunib olasan», demoqchidek. O‘yin davomida inson miyasi o‘z-o‘zidan ishlay boshlaydi. Siz o‘zingizga «Nima uchun shunday?» «Nima uchun shar boshqalariga qaraganda tezroq?» «Nima uchun ko‘zgulardagi aksim benihoya ko‘p?» deya savol berasiz.

O‘yinlar orqali tushunish va anglab yetish jarayonining uyg‘unligi, «Matematikani qo‘lga ol» ko‘rgazmasi sirini ochuvchi eng muhim kalitdir. Aynan u ko‘rgazmaga tashrif buyuruvchilarga cheksiz quvonch va o‘z ishidan qoniqish hissini beradi.

Ko‘rgazma 20 kun davom etadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring