Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Andijonlik IIB «xodimi» xotiniga ishqiy munosabatda bo‘lgan shaxsdan ming dollar talab qildi

Andijonlik IIB «xodimi» xotiniga ishqiy munosabatda bo‘lgan shaxsdan ming dollar talab qildi

Foto: «Xabar.uz»

Andijon viloyati IIB matbuot xizmatining bergan ma’lumotiga ko‘ra, Andijon tumanida yashovchi fuqaro O‘.X. ga o‘zini Andijon shahar IIBda ishlovchi «Eldor» deb tanishtirgan shaxs qo‘ng‘iroq qiladi. U o‘zining turmush o‘rtog‘iga SMS yozib, u bilan ishqiy munosabatda bo‘lib kelayotgani yuzasidan fuqaro O‘.X. ustidan ichki ishlar idorasiga ariza qilganini va unga nisbatan tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirayotganini aytib, qo‘rqitadi.

Kelgusida mazkur holat yuzasidan unga nisbatan chora ko‘rmaslik va uni oila a’zolarini oldida sharmanda qilmaslik evaziga «Eldor» fuqaro O‘.X. dan dastlab 1 000 AQSh dollari talab qiladi. O‘.X. buncha miqdorda puli yo‘qligini aytadi. Shundan so‘ng qo‘ng‘iroq qilgan shaxs ushbu ishlarni ijobiy hal qilish evaziga, O‘.X. dan 400 AQSh dollari miqdorida pul berishini, agar talab qilingan pulni bermasa, O‘.X. ni jinoiy javobgarlikka tortib yuborishini bildiradi.

Olingan tezkor ma’lumotga asosan, joriy yilning 8-iyun kuni Andijon viloyati IIB o‘z xavfsizligi bo‘limi hamda Jinoyat qidiruv boshqarmasining mas’ul xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi. «Eldor» fuqaro O‘.X dan 300 AQSh dollari miqdoridagi pulni olayotgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan qo‘lga olindi.

Mazkur holat yuzasidan o‘tkazilgan surishtiruv ishlari davomida, o‘zini Andijon shahar IIBda ishlovchi «Eldor» deb tanishtirgan shaxs aslida fuqaro I.M. ekani, ichki ishlar idoralari tizimida esa umuman faoliyat yuritmasligi ma’lum bo‘ldi. Hozirda mazkur holat yuzasidan Andijon shahar IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring