Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Asadjon Xo‘jayev: «Bizning inspeksiya yangi «nazorat organi emas»

Asadjon Xo‘jayev: «Bizning inspeksiya yangi «nazorat organi emas»

Foto: «Xabar.uz»

Bugungi kunda mamlakatimizda mobil aloqa xizmatlaridan foydalanayotgan abonentlar soni 23 milliondan, internet xizmatlari ko‘rsatilayotgan foydalanuvchilar soni esa 20 milliondan oshadi. Aloqa va axborotlashtirish sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’yektlarining qonunchilik va litsenziya kelishuvlari talablariga rioya etishi ustidan nazoratni amalga oshiruvchi organning bu boradagi roli ham muhim ahamiyatga ega. Yaqinda «O‘zkomnazorat» boshlig‘i etib tayinlangan Asadjon Azatbekovich Xo‘jayev bilan shu haqida suhbat qurdik.

— Asadjon Azatbekovich, «O‘zkomnazorat»ning asosiy vazifalari nimalardan iborat? Davlat tomonidan yana bir nazorat organining tashkil qilinishining sababi nimada?

— Aslini olganda bizning inspeksiya yangi «nazorat organi emas». «O‘zkomnazorat» davlat inspeksiyasi 1991 yilda Aloqa vazirligi tomonidan tashkil qilinib, telefoniya, pochta, teleradioeshittirish va matbuot nashrlarini tarqatish sohasida qonunchilik va normativ hujjatlar talablariga rioya etilishi yuzasidan nazoratni amalga oshirardi. Axborot texnologiyalarining rivojlanishi va aloqa sohasiga litsenziyalash mexanizmining joriy etilishi natijasida, inspeksiya nazorat qiladigan yo‘nalishlarga aloqa va axborotlashtirish sohasida tadbirkorlik sub’yektlarining qonunchilik va litsenziya talablariga rioya qilinishini nazorat qilish vazifalari ham yuklatildi.

Axborot kommunikatsiyalarining taraqqiyoti va «Elektron hukumat» tizimi loyihalarining amalga oshirilishi inspeksiyaga davlat organlarida AKT-loyihalarining joriy etilishi, shuningdek, davlat idoralarida idoralararo qo‘shma hamkorlikda axborotlar bilan ishlashda xavfsizlik talablariga rioya qilinishi bo‘yicha nazoratni amalga oshirish ishonib topshirildi.

Bugun «O‘zkomnazorat» faoliyati yangi bosqichga ko‘tarilmoqda!

Davlat boshqaruvida AKTni joriy etish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishda nazoratni ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil noyabr oyidagi qarori bilan davlat inspeksiyasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tarkibidan mustaqil davlat organi sifatida ajratib olindi. 

Qarorning qabul qilinishi, davlat organlarida AKTning joriy etilganlik holati haqida xolis tahliliy ma’lumotlar tayyorlash, ushbu jarayonga yuqori turuvchi idoralarning har qanday aralashuvi va ta’sirini yo‘q qildi.

«O‘zkomnazorat»ning asosiy faoliyat yo‘nalishlari haqida batafsilroq ma’lumot bersangiz?  Inspeksiyaga yuklatilgan vazifalar, jumladan faoliyatdagi yangi yo‘nalishlar bo‘yicha nimalar qilinmoqda?

— Inspeksiya faoliyati keng ko‘lamli. Ayni vaqtda «O‘zkomnazorat» davlat inspeksiyasi aholi va yuridik shaxslarning aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari hamda matbuot nashrlarini tarqatish sohalarida ko‘rsatilayotgan xizmatlar bo‘yicha murojaatlari, shuningdek, tadbirkorlik sub’yektlarining litsenziya kelishuvi talablariga rioya etishi yuzasidan faol ish olib bormoqda.

Davlat inspeksiyasi o‘z vakolati doirasida davlat standartlari qoidalarining buzilishi, ko‘rsatilayotgan xizmatlarda kuzatilgan to‘xtalishlar sababini o‘rganib, zarurat bo‘lganda aybdorlarga nisbatan ma’muriy jazo choralarini ko‘rishi yoki tegishli chora ko‘rish uchun rasmiylashtirilgan dalillarni sudga taqdim qilishi mumkin.

Masalan, 2018 yil davomida «O‘zkomnazorat» tomonidan 55 ta ma’muriy qoidabuzarlik, 2019 yilda esa 107 ta holat bo‘yicha qoidabuzarlik sodir etilgani aniqlangan. Bu qoidabuzishlar ko‘paydi yoki inspeksiya chuqurroq tekshirishni boshladi degani emas. Sohadagi xizmatlar turlari va iste’molchilar soni kundan kunga ko‘payib borayotgani inspeksiya ish hajmining ham ortishiga turtki bermoqda.

Ish faoliyatimizning muhim tomonini, aniqrog‘i nazoratda asosiy urg‘u beriladigan jihatni alohida qayd etmoqchiman. Inspeksiya xodimlari bugun «tekshirish»lar emas, balki «o‘rganish»lar o‘tkazmoqda. Bugun «jarimaga tortamiz yoki ko‘rsatma beramiz» demaymiz, balki kamchiliklarni barataraf qilish yuzasidan tavsiyalar berib, texnik yechimlardagi mavjud zaifliklarni ko‘rsatamiz. Nazorat ham «aqlli» texnologiyalar kabi, asoslangan va interaktiv bo‘lishi lozim. Eng muhimi — ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish! 

Inspeksiyaga Davlat organlarida «Elektron hukumat» tizimini barpo etishning samaradorligini o‘rganish vazifasi ham yuklatilgan. Bu haqda batafsilroq ma’lumot bersangiz.

— Haqiqatdan ham, «O‘zkomnazorat» davlat organlarida AKTdan samarali foydalanish hamda «Elektron hukumat» tizimini rivojlantirishni nazorat qiladi. Davlat organlarida o‘tkazilgan o‘rganishlarda boshqaruv jarayonlarini avtomatlashtirish, idoralararo ma’lumotlar uzatish tarmoqlari va integratsiyalashgan axborot tizimlarini joriy etish masalalari ko‘rib chiqilmoqda. Bundan tashqari mavjud davlat axborot resurslarini integratsiyalash va elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatishda umumiy foydalanish imkoniyatini yaratish ham ko‘zda tutilgan.

O‘rganishlar davomida idoralar tomonidan interaktiv davlat xizmatlarini tashkil qilish va ko‘rsatishda jarayonning barcha tashkiliy hamda texnik jihatlari e’tiborga olinmagani: serverlarning ortiqchaligi yoki yetarli quvvatga ega emasligi, dasturiy ta’minotning noto‘g‘ri ishlashi, axborotning ishonchli himoyalanmasligi, internet tarmog‘i orqali ko‘rsatiladigan xizmatlardan foydalanishda uzilishlar kuzatilayotgani shular jumlasidan.

Shu sababli davlat organlarida o‘tkaziladigan o‘rganishlardan keyin beriladigan tavsiyalarda interaktiv xizmatlar ko‘rsatishni tashkil qilish texnik masalalarida kamchiliklarni barataraf qilish bo‘yicha va bu borada kuzatiladigan zaif nuqtalar haqida ma’lumotlar beriladi.

Tavsiyalar «Elektron hukumat» tizimini barpo qilishda barcha davlat interaktiv xizmatlarini integratsiya qiladigan yagona texnologik platforma yaratilishida va davlat organlaridagi axborot tizimlarining o‘zaro birlashuvida muhim ahamiyat kasb etadi.

«Elektron hukumat» tizimini sifatli joriy etilishi va tezkor ishlashida eng asosiy global muammo nimada?

— Vazirlik va idoralarda barcha boshqaruv va ishlab chiqarish yo‘nalishlarida avtomatlashtirish, infratuzilma va ma’lumotlar almashuvi uchun davlat axborot resurslariga yagona texnologik makon yaratish ko‘zda tutilgan «Elektron hukumat» tizimini barpo etish murakkab vazifa hisoblanadi. Bunda barcha vazirlik va idoralar qog‘oz hujjatlarsiz texnologiyalar, yagona hujjatlar almashuvi tizimi, ma’lumotlarni qayta ishlash markazi bilan ishlashini taqozo etadi. Ushbu jarayonni bir necha yil ichida amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda.

Afsuski, bugun deyarli barcha davlat organlarida lokal axborot tizimlaridan foydalaniladi, ular faoliyatida o‘zaro bog‘liqlik yo‘q. Idoralar integratsiyalashgan, ikki tizimni o‘zaro bog‘lash asosida xizmat ko‘rsatishi kerak bo‘lmoqda, biroq jarayon davlat organlarining ichki resurslarini bir-biriga ochmayotgani tufayli to‘xtab qolmoqda.

Oqibatda, sun’iy va murakkab qarorlar qabul qilinib, interaktiv xizmat jismoniy jihatdan vazirliklardagi bir-biridan ancha uzoqda joylashgan bazalardan olib ko‘rsatilmoqda. Shuning uchun internet orqali interaktiv xizmatni joriy etish jarayoni kechikmoqda yoki umuman amalga oshirilmayapti, binobarin xizmat ko‘rsatishning tezkorligi keskin tushib, davlat budjetidan sarflanayotgan mablag‘lar, bir-birini takrorlaydigan axborot tizimlariga sarflanmoqda.

Fikrimcha, «idoraviy xudbinlik» degan ushbu muammoni hal etish lozim, u yoki bu davlat organlari interaktiv tarzda xizmatlarini ko‘rsatishni istamayapti va o‘zining axborot resurslarining yopiq turishini afzal bilmoqda.

Bugungi kunda tashkilotlar uchun himoyalangan, jumladan shaxsga doir hamda boshqa konfidensial axborotlar xavfsizligi ta’minlangan umumiy Davlat organlari uchun idoralararo ma’lumotlar uzatish tarmog‘i yaratildi. Davlat organlari o‘z ichki serverlarini, ma’lumotlar saqlanadigan lokal markazlarini yaratishi lozim degan amaliyotdan, turli bahonalar bilan axborotlarni yashirishdan voz kechish kerak.

Ma’lumotlarni qayta ishlaydigan, zaruriy quvvatga ega markazlar hozirda raspublikada mavjud. Shu sababli idoraviy axborot resurslarini bunday maydonlarga o‘tkazish, ularda davlat interaktiv xizmatlarini ko‘rsatishni yanada rivojlantirish zarur.

— Vazirlik va idoralar faoliyatida yana qanday xatolar uchraydi?

— Yana bir muhim yo‘nalish bu – davlat axborot tizimlarini loyihalashtirish, tuzish va qabul qilish masalasidir. Idoralar o‘z axborot tizimini joriy etishda belgilangan ekspertiza talablarini bajarmaydi, tizimni ishlashga qabul qilishni tegishli tashkilotlar bilan kelishmaydi. Oqibatda texnik hujjatlar umuman mavjud emas yoki amalga oshirilgan va ishlayotgan tizimga to‘g‘ri kelmaydi, interaktiv xizmat unga tushadigan yuklamani hisobga olinmasdan barpo etilgan. Ushbu barcha omillar interaktiv xizmatning barcha uchun ochiq bo‘lishi, sifatli ishlashiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Turli idoralarda kuzatiladigan yana bir kamchilik texnik personalning yetarli darajada malakaga ega emasligi, tashkilotda axborot xavfsizligi siyosati, texnik rivojlanish rejasi, texnika mutaxassislarining bu boradagi ko‘nikmalarini oshirish yo‘lga qo‘yilmagani va texnika mutaxassislarida, tarmoq administratorlarida professional sifatlarni shakllantirish, konfidensial axborot yoki tizimni ishlatishda xodimlarni mas’uliyatini tabaqalash yo‘qligi. Loyihalar texnik hujjatlarsiz qabul qilinadi yoki texnik hujjatlar narxni arzonlashtirish, qaror qabul qilish jarayonini tezlatish maqsadida ishlab chiqilib, texnik topshiriqqa umuman mos kelmaydi.

Oqibatda axborot tizimidagi ma’lumotlar o‘z-o‘zidan yo‘qolishi holatlari kuzatiladi, shu sababli «O‘zkomnazorat» inspeksiyasi tomonidan tarmoq yaratish sxemasi, axborot almashinuvi reglamenti, ma’lumotlarni muntazam zaxiralashni tartibga solish, dasturiy ta’minotni sertifikatsiyalash, axborotning kriptografik himoyasini ta’minlash bo‘yicha tahlil asosida tavsiyalar berib boriladi.

Xizmatlar onlayn rejimda, kuniga 24 soat taqdim etilishini tushunish lozim. Biroq, texnik va tashkiliy masalalar (xodimlarning yetarlicha malakasi, ko‘rsatilayotgan xizmatlar ma’muriy reglamentlari mavjudligi, kutilmagan vaziyat yuzaga kelganda harakatlar yo‘riqnomasi, davlat organlari veb-saytiga internet-hujumlar bo‘lganda harakatlar rejasi, ruxsat berilmagan tashqi ta’sirlar, jumladan internet orqali tizimga hujumdan axborot resurslari va axborot tizimlarini himoyalash choralari) hal etilmagani sababli, buni ta’minlash imkonsiz bo‘ladi.

Texnik xodimlarning malakasi yuqori bo‘lishi lozimligi, texnik hujjatlar aniq bo‘lishi, harakatlar reglamenti, kutilmagan vaziyatlarda harakatlar rejasi, axborot resurslarini himoya qilish masalasi, kiberxavfsizlik muammolari ba’zida idoralar rahbarlari tomonidan kerakli e’tibor bilan qabul qilinmaydi.

Shu munosabat bilan, «O‘zkomnazorat» davlat inspeksiyasining yo‘nalishlaridan biri aynan mana shunday muammoli masalalarni aniqlash va yangi idoralararo unifikatsiyalangan axborot tizimlarini qurish uchun davlat organlarining integratsiyalangan texnik makonini qurish, idoraviy ma’lumotlardan foydalanishni ta’minlash bo‘yicha yo‘nalishlar va tavsiyalarni ishlab chiqish, «Elektron hukumat» tizimida yangi interaktiv xizmatlarni rivojlantirishning texnik imkoniyatlarini yaratish sanaladi.

2019 yil 1 oktyabrda «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi. Raqamlashtirish asrining barcha jarayonlarida uning muhimligini alohida ta’kidlash lozim. Ushbu masalaning yechimi bo‘yicha ishlar qanday bormoqda?

— Bugungi kunda shaxsga doir ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlash masalasi ham juda muhim. Joriy yilning oktyabridan mamlakatimizda «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi qonun kuchga kirdi. Shaxsga aloqador ma’lumotlarni himoya qilish davlat siyosatining muhim ahamiyatga ega yo‘nalishlaridan biri. Ammo ko‘plab davlat organlari, jumladan fuqarolarimiz ham internet orqali davlat xizmatlaridan foydalanayotgan vaqtda shaxsga doir ma’lumotlar tarmoqqa tushsa qanday xavf yuzaga kelishi mumkinligi haqida o‘ylab ko‘rmaydi.

Xorij nashrlarida chop etilayotgan, OAVda e’lon qilinayotgan xabarlarda bank sohasida katta ma’lumotlar bazasidagi axborotning oshkor bo‘lgani, elektron pochta parollari va bank hisob raqamlari haqidagi axborot ochiq qolgani haqida o‘qiymiz, eshitamiz, ko‘ramiz va ko‘pincha bu boshqa davlat hududida ro‘y berdi deb parvo qilmaymiz.

Axborot texnologiyalarining rivojlanishi bunday tahdidlarni O‘zbekiston hududiga ham kirib kelishiga turtki bo‘ldi va endi shaxsga aloqador axborotlar bilan ishlashda ehtiyotkor bo‘lishimiz talab etiladi. Bitta muhim axborotning oshkor qilinishi ham nopok niyatli kimsalarning tekshiruv tizimlarini aldab, moliyaviy hisob raqamlarga yo‘l ochishiga olib kelishi mumkin.

Ijtimoiy tarmoqlarda ishlaganda, turli bulutli texnologiyalardan foydalanganda shaxsiy ma’lumotlar butligi masalasi alohida turadi. Bir qancha xorijiy servislar borki, foydalanuvchining o‘zi o‘z ixtiyori bilan ijtimoiy tarmoqlarga ulanishni taqdim etadigan kompaniyalarga o‘zi haqidagi kontakt ma’lumotlar – telefon, FISh, yashash joyi, bank rekvizitlarini beradi. Shuningdek, foydalanuvchilar bunday servislarda o‘z shaxsiy axborotlari – turli fotosuratlar, video, turli hujjatlar skanlarini joylashlari ham ko‘p kuzatiladi, ba’zida ular maxfiy xarakterga ham ega bo‘ladi. Shu tariqa, bu axborot «sizib chiqadi», u turli xorijiy serverlarda saqlanadi va bunday ma’lumotlarning muayyan mintaqa uchun himoyalanganligi o‘sha kompaniyalarning vijdoniga havola bo‘ladi. Bulutli servislar, mashhur ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlarni buzish holatlari ko‘p uchraydi, unda yashirin axborot jamoatchilikka oshkor bo‘ladi va shaxsiy hayotga tajovuz qayd etiladi.

Shuni aniq tushunish lozim: u yoki bu texnologiya yoxud xizmatning ruxsat berilmagan aralashuv va axborotni ilib olish borasidagi himoyalanganligining texnik jihatlari bilan bir qatorda, ehtimoliy xatarlar to‘g‘risida xabardor qilish siyosatini yuritish va aholi savodxonligini oshirish zarur.

Hamma axborot xavfsizligi haqida gapiradi. Siz rahbarlik qilayotgan inspeksiya ushbu tushunchani qay darajada tahlil etadi?

— Interaktiv davlat xizmatlari ko‘rsatilishida foydalanuvchilar xizmat ko‘rsatilishining rad etilishidan, kiritilgan axborot sizib ketishi yoki o‘zgartirilishidan, to‘lov haqidagi ma’lumotning yo‘qotilishidan, kommunal xizmat (gaz, elektr, issiq suv, maishiy chiqindilar va boshqa)lar uchun hisob-kitobdagi xato va o‘zgartirishlardan kafolatlangan bo‘lishi lozim.

Ushbu ma’lumotlarning hammasi texnik vositalar yordamida noqonuniy o‘zgarishlar, axborotning yo‘q qilinishidan himoyalangan bo‘lishi lozim, aks holda bahsli vaziyatlar kelib chiqib, qurilmaning yoki dasturiy ta’minotning texnik xatosi tufayli yoxud qing‘ir yo‘lni tanlagan kimsalarning harakatlari oqibatida hisobdan pul yechilishi, yangi qarzdorlik paydo bo‘lishi mumkin va bu aholida norozilik paydo bo‘lishiga olib keladi.

Hozirda statistik, soliq, «bank-mijoz», internet-banking hisobotlarini elektron imzo orqali yuritish ishlab turibdi. Bu xizmatlarning barchasi ochiq internet-makonda taqdim etiladi va axborot xavfsizligi qanchalik ta’minlangani, axborot qanchalik texnik soz va ishonchli himoyalangani, uzatilayotgan ma’lumotlarning sizib chiqish, ushlab olish, o‘zgartirishdan muhofazasi qay daraja ekanligiga qarab bu xizmatlar talabgir bo‘ladi.

— Xizmatlar sifati bo‘yicha e’tirozlar va murojaatlarni «O‘zkomnazorat»ga qanday yo‘llash mumkin?

— Ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash masalasi inspeksiya faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. «11-44» ishonch telefoni orqali murojaatlarni qabul qilish xizmati yo‘lga qo‘yilgan, rahbar qabuliga kelib murojaat qilish, elektron pochta (info@gis.uz,  gis@exat.uz) orqali internet xizmatlari, mobil aloqa, telefon va pochta aloqasi bo‘yicha murojaatlar yo‘llash mumkin.

Masalan, 2019 yilning hozirgi davriga qadar inspeksiyaga 8842 ta murojaat kelib tushgan, 2018 yilning ushbu davrida ularning soni 7906 tani tashkil etgandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring