Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Interpol: Indoneziyada jinoiy uyushma ochib, ayollarni fohishalikka majbur etgan samarqandlik shaxs ushlandi

Interpol: Indoneziyada jinoiy uyushma ochib, ayollarni fohishalikka majbur etgan samarqandlik shaxs ushlandi

Foto: «Xabar.uz»

Interpolning O‘zbekistondagi Milliy markaziy byurosi tomonidan amalga oshirilgan ishlar yuzasidan O‘zA muxbiri byuro boshlig‘i Rustam Isroilov bilan suhbatlashdi.

Qayd etilishicha, Interpolning asosiy maqsadi umumiy jinoyatchilikka qarshi kurashishda huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlik qilish va ana shunday milliy organlar faoliyatini muvofiqlashtirishdir. Mazkur tuzilma faqat siyosiy, harbiy, diniy, irqiy tusdagi faoliyatga daxl qilmaydi.

— To‘g‘ri, oldin ham murakkab vaziyatlar bo‘lgan, — deydi R.Isroilov. — Masalan, 1999-yilda Toshkentda sodir bo‘lgan portlashlar bevosita xalqaro terrorizm bilan bog‘liq bo‘lgan. Ushbu jinoyatlarni sodir etgan shaxslarni qidirish, ularni topib mamlakatimiz huquqni muhofaza qiluvchi organlariga topshirishda xalqaro hamkorlikka asoslangan tuzilmamiz samarali ish olib bordi. Natijada jinoyatni sodir etib Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari kabi davlatlarga qochib ketgan shaxslar haqida tezkor ma’lumot almashinuvi, bu borada Interpol bosh qarorgohi (mazkur qarorgoh Lion shahri (Fransiya)da joylashgan) bevosita ko‘magida ular ushlangan va yurtimizga keltirilgan. Xalqimizning tinch hayotiga tajovuz qilgan shaxslar sud hukmi bilan javobgarlikka tortilgan.

R.Isroilovning ta’kidlashicha, ayollarni aldab, qullikka, turli tuban ishlarga mahkum etayotgan jinoiy guruhlar ildiziga bolta urish dolzarb bo‘lib turibdi. Bu borada Indoneziyada uzoq vaqt yashab, o‘rnashib, keyin katta jinoiy uyushmaga asos solgan, ayollarni turli yo‘llar bilan olib ketib, fohishalikka majbur etgan samarqandlik shaxs aniqlandi. Uni Interpol imkoniyati bo‘yicha qidirib topib, qo‘lga olish va mamlakatga qaytarish chorasi ko‘rildi.

Ma’lumot uchun: Interpol (Jinoyat qidiruv politsiyasi xalqaro tashkiloti)ga bugungi kunda 192 davlat a’zo bo‘lib, ko‘lami kengligi jihatidan BMTdan keyin ikkinchi o‘rinni egallagan yirik xalqaro tashkilotdir. O‘zbekiston Interpolga 1994 yilda a’zo bo‘lgan.

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring