Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Aziz Abduhakimov: Xalqaro axborotdan erkin umumfoydalanish kuniga bag‘ishlangan navbatdagi anjuman Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadi

Aziz Abduhakimov: Xalqaro axborotdan erkin umumfoydalanish kuniga bag‘ishlangan navbatdagi anjuman Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadi

28-sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari, UNESCO masalalari bo‘yicha Milliy komissiya raisi Aziz Abduhakimov UNESCO Bosh direktori Odri Azule bilan birga Xalqaro axborotdan erkin umumfoydalanish kuni (XAUFK)ni nishonlashga bag‘ishlangan yuqori darajali onlayn-muhokamada ishtirok etdi. Tadbir 28-29-sentyabr kunlari Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Xalqaro arxivlar kengashi, BMT Taraqqiyot dasturi, «Twitter» ijtimoiy tarmog‘i, «Ochiq hukumat» hamkorligi tashabbusi, «Transparency International» ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi kabi yetakchi tashkilot va tuzilmalarning rahbariyati ishtirokida o‘tkazilmoqda.

Ta’kidash joizki, O‘zbekiston bu kabi nufuzli forumga taklif qilingan yagona mamlakat bo‘lib, bu O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan shaffoflik va erkin fikrlilikni ta’minlash yo‘lida olib borilayotgan siyosat natijasida mamlakatimizda ro‘y bergan o‘zgarishlar e’tirofidir.

Axborotning «COVID-19» pandemiyasiga qarshi kurashishdagi muhim rolini inobatga olib, tadbir mavzusi sifatida «Axborot olish — hayotlarni qutqarib, ishonchni mustahkamlab, umid bag‘ishlab» tanlangan. Ma’ruzachilar pandemiya sharoitida jamiyatni axborot bilan ta’minlashning turli jihatlarini xalqaro tuzilmalar, davlat va nodavlat tashkilotlar, shuningdek xususiy sektor nuqtai nazaridan yoritishdi.

Aziz Abduhakimov O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyov boshchiligida OAVni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga oid taqdimot o‘tkazdi. O‘zbekistonda OAVni liberallashtirish va ularning jamiyatdagi rolini mustahkamlash, so‘z erkinligi va jurnalistlar huquqlarini targ‘ib qilish, hukumat faoliyati ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, davlat tashkilotlari hamda aholi o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash yo‘lida qilingan ishlar aniq misollar bilan yoritib berildi. Mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar mevasi o‘laroq, jamiyat hayotida ijtimoiy-siyosiy faol qatlamning paydo bo‘layotgani, kuchli fuqarolik jamiyati sari ildam qadamlar qo‘yilayotganiga alohida urg‘u berdi.

Yuqori darajali onlayn-muhokama davomida O‘zbekiston Hukumatining UNESCO bilan hamkorlikdagi XAUFK bo‘yicha xalqaro anjumanini 2021 yilning kuzida Toshkent shahrida o‘tkazish istagi bildirildi.

Aziz Abduhakimovning so‘zlariga ko‘ra, ushbu tadbirni respublikamizda tashkil qilishga doir kelishuvga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbarlari Komil Allamjanov va Saida Mirziyoyeva (hozirda Milliy mass-mediani rivojlantirish jamoat fondi rahbariyati)ning UNESCO bosh direktori Odri Azule bilan 2020-yilning 9-yanvarida Parij shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvi davomida erishilgan.

Bosh vazir o‘rinbosari keyingi yilga rejalashtirilgan ushbu anjuman davlatlarda yuz berishi mumkin bo‘lgan axboriy inqirozlar va muammolarning oldini olish va ularga qarshi kurashish yo‘lida UNESCO hamda boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash yo‘lida xizmat qilishini ta’kidladi.

UNESCO Bosh kotibi Odri Azule va tadbirning boshqa ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasi Hukumatiga kelgusi yilda bu qadar muhim tadbirni o‘tkazishga tayyor ekanligi uchun samimiy minnatdorchilik bildirishdi.

Tadbir to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda Tashkilotning rasmiy veb-sayti hamda uning barcha yirik ijtimoiy platformalardagi kanallarida keng yoritildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring