Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bayonot ortidan Gulnora Karimovaga oid yana bir mavhumlik oshkor bo‘ldi

Bayonot ortidan Gulnora Karimovaga oid yana bir mavhumlik oshkor bo‘ldi

Foto: «bigmir»

Ikki yildirki, Gulona Karimova mavzusi kun tartibidan tushmayapti.

Unga bog‘liq shov-shuvlar e-endi tinay deganda, goh sobiq turmush o‘rtog‘i mulk bilan bog‘liq bayonot bersa, goh o‘g‘li yoki qizi yoinki xorij matbuoti qanaqadir yangilik topib, mavzuni yana «o‘z o‘rniga» chiqarib qo‘ymoqda.

Kecha tarqalgan navbatdagi xabar hammasidan oshib tushdi: Imon Karimova onasi go‘yoki o‘g‘rilab ketilganini iddao qilib, ijtimoiy tarmoqlarni larzaga keltirdi.

Bunga nisbatan Bosh prokuraturaning bayonoti ko‘pam hayallamadi. Tongga yaqin (!) tarqatilgan bayonot mazmunicha, Gulnora Karimova o‘g‘rilab ketilmagan, balki unga nisbatan tayinlangan ozodlikdan cheklash jazosi talablarini muttasil buzib kelgani uchun chora o‘zgartirilib, umumiy rejimdagi koloniyaga yuborilgan.

«Umumiy rejimdagi koloniya» – panjara orti deganidir.

Gulnora Karimova yulduzi so‘nishi ortidan «ichkarida» o‘tirgan-o‘tirmagani mavhumligicha qolayotgandi shu paytgacha. Tarqatilgan sanoqsiz xabarlarda jinoiy javobgarlikka tortilgani aytilib, tayinlagan jazo turi xususida ma’lumotlar berilsa-da, u panjara ortidami-yo‘qmi, degan savol ochiq qolayotgan edi.

Sobiq «malika»ning jinoyatlari haqida Bosh prokuratura ilk bor 2017-yilning iyul oyi oxirida rasman bayonot bergan edi. Unda G.Karimovaning sodir etgan jinoyatlari tafsilotlari ancha ochiq bayon etilishi barobarida jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudining 2015-yil 21-avgust kungi hukmi bilan 5 yilga ozodlikdan cheklash jazosiga mustahiq etilgani ta’kidlanadi. Shuningdek, uning boshqa jinoyatlari bo‘yicha tergov harakatlari olib borilayotgani ham urg‘ulanadi.

Shu paytgacha afkor omma uning shu jazoni o‘tayotganini bilar, keyingi tergov natijalari xususida ham deyarli bexabar edi. Chunki, G.Karimova bilan bog‘liq 2018-yilning 2-oktyabridagi bayonotda ayni jazo ta’kidlangan bo‘lsa, Xalqaro press-klubning o‘tgan yilning 19-dekbaridagi sessiyasida Bosh prokuror o‘rinbosari umumiygina qilib u «sud hukmida belgilagan jazoni O‘zbekiston Respublikasi hududida o‘tayotgani»ni bildirgandi.

Tamom jazo haqida boshqa gap ham, yangilik ham yo‘q.

Bosh prokuraturaning bugungi bayonotida ilgari oshkor etilmagan ikkita holat ayon bo‘ldi. Ya’ni, 2015-yildan keyin ham Gulnora Karimovaga oid ikkita sud majlisi bo‘lib o‘tgan ekan: u 2017-yilning 18-dekabr kuni 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgan bo‘lsa, Toshkent shahar sudining 2018-yil 1-iyuldagi ajrimiga muvofiq, ushbu jazo turi 5 yilllik ozodlikni cheklash jazosiga almashtirilgan.

Bu ma’lumotlar omma uchun katta yangilik. Ular G.Karimova go‘yoki «o‘g‘rilab ketilmaguncha» ommaga oshkor qilinmaganidan ajablanish mumkin, xolos.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring