Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Behzod Musayev: «Bu soliq to‘lovchining emas, bizning aybimiz»

Behzod Musayev: «Bu soliq to‘lovchining emas, bizning aybimiz»

Foto: «UzDaily.uz»

Davlat soliq qo‘mitasi raisi vazifasini bajaruvchi Behzod Musayev «Xabar.uz» saytiga bergan intervyusida soliq to‘lovchilar uchun yaratilgan imtiyozlar, sharoitlar haqida gapirar ekan, oddiy xalqning aksar qismi bulardan bexabar ekanini ta’kidladi va bunda soliqchilar aybdorligini aytdi.

— Xudoga ming qatra shukr, bizni o‘zbek xalqi qonun ustuvorligini va uning oldidagi majburiyatini his qiladigan xalq, — deydi Behzod Musayev. — Mana biz boshqa davlatlar bilan gaplashamiz, bor bilganingni qil, nima qilsang qil, men to‘lamayman, deydigan millatlar ham bor. Bizda unday narsa yo‘q. Lekin bu narsani tushuntirgan boshqa, bu narsaga sharoit yaratish boshqa. Kechirasizu, biz soliq to‘lovchisini, kulib kutib olib, kulib kuzatishimiz kerak. Chunki sizning pulingiz orqali biz davlatimizni boyityapmiz.

Shunday ekan, psixologiya, mentalitet ham o‘zgarishi kerak. Umuman soliq inspeksiyasini o‘zgartishimiz kerak. Ya’ni hozirgi kunda shunday yomon tizim qo‘yilganki, soliq to‘lovchi u bo‘limga ham murojaat qiladi, bunga ham, nariginga ham. Bu ortiqcha kontakt, ortiqcha kelishuv va korrupsiya alomati. Bitta unga xizmat ko‘rsatadigan servis bo‘lishi kerak, chiroyli kutib oladigan, unga katta bir zal yaratib qo‘yilsa, ya’ni ko‘pchilik bir vaqtda kelib qolishi mumkin, unga bir raqamini qo‘liga bersangiz, tepada shuni ko‘radi, navbatini kutadi, ungacha o‘tirib turadi.

Yoki hisob orqali fermer xo‘jaligini olaylik. Ularda buxgalter yo‘q. Lekin soliqdan qochish niyati ham yo‘q. Faqat, ochig‘ini aytish kerak, kompyuter yo‘q, printer yo‘q. Biz hozir interaktiv xizmatlarni yaratganmiz. Katta aybimiz: bundan qanday qilib foydalanishni yetkazmaganmiz. Hozir mana maxsus autsorsing qilib bitta dizayn jamoani jalb qilyapmiz, har bir bizni jarayon uchun maxsus qo‘llanmalar bo‘ladi. Anavi kuni menga bittasi telefon qildi, iltimos, bolamning pasportiga zarur INN raqami kerak ekan, ovir olish uchun. Men INNni kompyuterdan, internetdan olsang bo‘ladi, dedim. Qanday qilib, deb so‘raydi. Bu uning aybi emas, bizning aybimiz. Bu turdagi xizmat turini yaratganmiz, lekin buni qanday qilib foydalanish mumkinligini ko‘rsatmaganmiz.

DSQ raisining ta’kidlashicha, hozir internetdan bemalol soliq to‘lovini to‘lash mumkin. «Lekin kim hisob raqamidagi pulni, hali buning tagiga yetmasdan, o‘rganmasdan internet orqali to‘lab yuboradi? Buni oldin tushuntirish kerak», deydi B.Musayev.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring