Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ulug‘bek Oripov

Ba’zan sukut haqiqatdan afzal bo‘lishi mumkin.

Bemavrid mulohazalar

Bemavrid mulohazalar

Jamiyatga pessimistlar ham kerak. Chunki ular muammoni boshqacha rakursda ko‘radi.

«Bizning eng katta kamchiliklarimizdan biri nima?» deyishsa «O‘z fikriga ega bo‘lgan yoxud oqimga qarshi suzishni xush ko‘radiganlarni yoqtirmaymiz, iloji bo‘lsa, ularni tuproqqa qorishtirib, birini «noshukur», ikkinchisini «g‘arbchi» va nihoyat etni jimirlatadigan «vatan xoini» deyishgacha boramiz» deya javob bergan bo‘lardim. Harbiylarning farzandlariga oliy o‘quv yurtlariga imtihonsiz kirish imtiyozi berilishi masalasiga e’tiroz bildirganim uchun do‘st-dushmandan eshitmagan gapim qolmadi. Lekin baribir fikrimda sobitman. Chunki fuqaro sifatida qaysidir islohotga o‘z pozitsiyang bo‘lmasa zombidan farqing qolmaydi.

Ushbu imtiyozning e’tirozga sabab bo‘lgan birinchi jihati tabaqaviy diskriminatsiyani keltirib chiqarishidir. Xalq tilida «normalniy» yashamoqchi bo‘lgan kishi bugun harbiylikni tanlamoqda. Chunki maoshi yaxshi, imtiyozlari anchagina. Chunki qiynalsang ham, «katta xolangni ko‘rsang ham» pensiya yoshigacha yetib olsang marra seniki. Harbiylarning o‘ziga berilgan imtiyozlar-ku xo‘p-xo‘p, endi harbiyning oilasida tug‘ilish ham baxt bo‘lib qolmoqda («Sen kimga keraksan, dehqon bolasi?!»). Eng yomoni, maktabda o‘qib yurgan, kelajakda yaxshi shifokor, o‘qituvchi, jurnalist bo‘lishi mumkin bo‘lganlar ham qobiliyatidan ko‘z yumib, faqat maosh va imtiyozlar uchungina harbiy bo‘lishga qaror qilishmoqda.

Deylik, Eshmat, Toshmat va Shermat sinfdosh. Eshmat bilimli, Toshmat jismonan baquvvat, Shermat o‘rtamiyona. Toshmat kuchiga ishonib harbiylikni tanladi. Uyidan uzoqda, qiyinchilikda, behalovat yursa ham puli bor, kreditga mashina, arzon uy olgan. Kelajakdan g‘ami yo‘q. Eshmat esa qiynalib o‘qidi, ikki-uchta til o‘rgandi. Ammo qishloqdan ish topa olmay, shaharda falon pulga ijarada turib ishlay boshladi. Oylikni bir-biriga ulay olmay, qiynalib, oxiri «hayyo huyt» deb chet elga survordi. Mamlakat yaxshi bir kadrdan ajraldi. Endi uning qachon kelishi dargumon...

Shermatga esa ikkovining yo‘liyam nasib qilmadi. O‘qishga kira olmay qishloqda poda boqdi, mardikorlik qildi. Oxiri Rossiyaga ketdi. U yoqda «diniy bilimi yo‘qligi tufayli ayrim oqimlar domiga tushib qoldi».

Bunday formuladagi insonlar juda ko‘p hayotimizda. Hammasi zanjir misol o‘ralgan. Bir achchiq haqiqatni tan olaylik: hech bo‘lmaganda o‘qituvchilarning ahvolini yaxshilab, ta’limga zo‘r bermas ekanmiz, harbiylarga imtiyoz berib, o‘zimizdan o‘zimizni qo‘riqlashga majbur bo‘lib yuraveramiz.

Sayyoramizning bir burchida bir millat ikkiga bo‘linib yotibdi (qaysi davlatlar ekanligini tushundingiz, chamamda). Birinchisi harbiylarini haddan ortiq sevadi. Uning qurollaridan butun dunyo xavfsiraydi, ammo xalqining ahvoli achinarli. Odamlar bir burda non yemasa yemaydi, ammo harbiylarda hamma sharoit bor. Ikkinchisi esa xavfsizlik bilan bir qatorda ilm-fanni, taraqqiyotni ham asosiy maqsad qilib olgan.  Natija shu bo‘ldiki, oxirgi 50-60 yilda bir paytlar yaxlit davlat bo‘lgan ikki hududdan biri misli ko‘rilmagan darajada rivojlandi. Ikkinchi tomon esa faqat bir narsasi bilan maqtana oladi: bir necha millionlik armiyasi va qurollari bilan...

Harbiy salohiyat bo‘yicha dunyoda falon, MDHda pismadon o‘rindamiz deb bot-bot maqtanamiz. Ammo hech savol berdikmi, sog‘liqni saqlash, ta’lim, turizm, xizmat ko‘rsatish, yalpi ichki mahsulot, e boringki, iqtisodiyot sohasida nechanchi o‘rindamiz?

Jamiyatimizdagi kamchiliklarni faqat harbiylarga berilgan imtiyozlardan qidirish niyatim yo‘q. Barchamiz bilamiz, bizda harbiy faoliyat professional tarzda yo‘lga qo‘yilgan ilg‘or sohalardan biri. Ammo nega boshqa ba’zi muhim tarmoqlarga ham xuddi harbiy sohaga yondashgandek e’tibor qilmaymiz, imtiyozlar bermaymiz? Janubiy Koreyadek ishlab chiqarish, Finlandiyaniki kabi ta’lim tizimi, Germaniyaniki kabi sog‘liqni saqlash, AQShniki kabi mustahkam iqtisodiyot qurishga mashhur bir tarixiy shaxs ta’biri bilan aytganda «kim xalaqit beradi?». Hatto o‘qituvchi va shifokorlarni majburiy mehnatdan ozod etish «imtiyoz»i uchun ham bir inson qurbon bo‘ldi...

Albatta, bu fikrlardan keyin «tinchlikning qadriga yetmagan noshukur» degan dashnomni eshitdim va eshitmoqdaman. Ammo «zato tinchmiz-ku» degan shior ortidan nimalarni boy berib qo‘yganimiz har bir videoselektordan so‘ng oydinlashmoqda-ku...

Ulug‘bek Oripov


Ushbu blogpost Blogerlar chempionatining ikkinchi bosqichida ishtirok etdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring