Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistonda bepul maslahat beruvchi veb-portal yaratiladi

O‘zbekistonda bepul maslahat beruvchi veb-portal yaratiladi

Foto: «Middlesbrough CAB»

Adliya vazirligi «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda turli sohalar (tadbirkorlik, ijtimoiy himoya, huquqiy himoya va boshqalar) bo‘yicha bepul maslahat beradigan «Advice.uz» yagona ma’lumotlar portalini yaratish ishlari boshlandi.

Portalni muvaffaqiyatli ishga tushirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ma’muriyati va Adliya vazirligi vakillaridan iborat delegatsiyaning London shahriga tashrifi uyushtirildi.

Delegatsiya Britaniyaning fuqarolarga maslahat berish bo‘yicha eng yaxshi amaliyotlari, xususan, 1939-yilda ish boshlagan «Citizens Advice» tarmog‘i faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

«Citizens Advice» — Buyuk Britaniyadagi 316 ta mustaqil xayriya tashkiloti tarmog‘idir.

Bu tizim orqali ijtimoiy yordam, mehnat munosabatlari, qarzdorlik, iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish, oila, uy-joy, sud-huquq, migratsiya sog‘liqni saqlash kabi sohalarda elektron portal, telefon, elektron va «Webchat» xizmati yordamida bepul ma’lumot va maslahatlar taqdim etiladi.

«Citizens Advice»ning Buyuk Britaniya hududida 600 dan ortiq byurosi mavjud bo‘lib, ularga aholi o‘zining muammosi bo‘yicha bepul maslahat olish uchun bevosita murojaat qilishi mumkin.

2017-2018-yillar davomida «Citizens Advice» jamoasi tomonidan 2 mln. 700 ming nafardan ortiq shaxslarga bevosita huquqiy yordam ko‘rsatilgan. Onlayn maslahat saytiga 43 million foydalanuvchi kirgan.

O‘zbekiston delegatsiyasi o‘z tashrifi davomida Fuqarolar maslahatlari byurosi milliy uyushmasi (National Association of Citizens Advice Bureaux – NACAB), mazkur uyushma bilan hamkorlik qiluvchi Buyuk Britaniya hukumatining elektron hukumat tizimini rivojlantirish bo‘yicha xizmati (Government Digital Services-GDS), Biznes, energetika va sanoat strategiyasi departamenti (Department for Business, Energy and Industrial Strategy) hamda Buyuk Britaniyada mustaqil maslahat xizmatlari tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlovchi «AdviceUK» xayriya tashkiloti vakillari bilan uchrashdi.

Uchrashuvlar doirasida delegatsiya a’zolari va xorijiy tashkilot vakillari o‘rtasida «Advice.uz» Yagona axborot portali loyihasini O‘zbekistonda ishga tushirish istiqbollari bo‘yicha fikrlar almashildi.

«Citizens Advice» vakillari O‘zbekiston delegatsiyasiga uyushma faoliyatiga berilgan yuksak baho uchun o‘z minnatdorligini izhor qildi hamda mazkur loyihani amalga oshirishda kerakli bo‘lgan barcha axborot resurslarini taqdim etish, ekspert yordamini ko‘rsatish orqali Adliya vazirligi bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirdi.

«Government Digital Services» vakillari bilan bo‘lgan uchrashuvda axborot texnologiyalari, xususan, mazkur portalning veb platformasini ishlab chiqishda ekspert yordami ko‘rsatish bo‘yicha hamkorlik qilishga qaror qilindi. Tomonlar O‘zbekiston delegatsiyasining kelgusi tashrifida Hamkorlik memorandumini imzolashga kelishishdi.

Bepul maslahat beruvchi veb-portalning yaratilishi fuqarolarning arzimagan masalalar bo‘yicha turli idoralarga murojaat qilishini keskin kamaytirishi bilan birgalikda, kundalik hayotda duch kelishi mumkin bo‘lgan turli muammoli masalalarning qonuniy yechimini topilishini ta’minlaydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring