Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bill Geyts 2020-yilni shu kitoblarni o‘qishdan boshlashni tavsiya qildi

Bill Geyts 2020-yilni shu kitoblarni o‘qishdan boshlashni tavsiya qildi

Foto: «Seonews»

«Microsoft» asoschisi, dunyoning eng boy insonlaridan biri sanalmish Bill Geyts o‘zi 2019-yilda o‘qigan 5 ta eng yaxshi kitobni boshqalarga ham tavsiya qilmoqda. O‘qing, afsus qilmaysiz!

«Amerikancha nikoh», Tayari Jons

Bu romanni Bill Geytsga qizi Jenn tavsiya qilgan ekan. Asar AQSh janubida yashovchi afroamerikaliklar juftligi, adolatsizlik oqibatida tugab borayotgan oila haqida.

«Roman mavzusi og‘ir, o‘ylanishga majbur qiladi. Roy va Selestina muhabbatining fojiali taqdiri meni qattiq ta’sirlantirdi», — deb yozadi Bill Geyts.


«Bu haqiqatlar: Qo‘shma Shtatlar tarixi», Jill Lepor

Garvardlik tarixchi va nyu-yorklik jurnalist Jill Lepor tomonidan yozilgan va AQShning jami tarixini o‘z ichiga olgan bu kitob 800 sahifadan iborat. Geytsning iqror bo‘lishicha, Amerika tarixi haqida hali bunchalik halollik va qat’iyat bilan yozilgan asarni uchratmagan ekan.


«O‘sish», Vatslav Smil

Chex-kanadalik professor Vatslav Smil — Geytsning sevimli mualliflaridan biri, shu boisdan uning har bir yangi kitobi chiqishini intiqlik bilan kutadi. Zamonamizning eng kuchli mutafakkirlaridan birining 39-kitobi ham Geytsni quvontirdi. Tabiiy va sun’iy dunyoda o‘sish modellariga bag‘ishlangan asarni Gets ajoyib sintez deb atadi, shuniyam qo‘shimcha qildiki, kitob hamma uchun ham emas (ayrim joylari darslik yoki texnik qo‘llanmani eslatadi).


«Tayyormisiz: to‘laqonli hayot uchun bolalarga nima kerak», Diana Tavenner

«Eng yaxshi maktab tarmoqlaridan biri»ning asoschisi Diana Tavennerning bu qo‘llanmasi maktabni bitirgan bolalarni katta hayotga qanday tayyorlash haqida. Unda uqtiriladigan asosiy jihatlardan biri shuki, ota-onalar bolalariga nafaqat kollejga qanday kirishni, balki qanday baxtli yashashni ham o‘rgatishlari kerak.


«Nega biz uxlaymiz. Uyqu va tushlar haqidagi yangi fan», Mettyu Uolker

Geyts inson fe’l-atvori haqida o‘zi o‘qigan kitoblar orasida mana shunisini eng qiziq va mukammallaridan biri deb hisoblaydi. Bu kitobni unga qizi Jenn hamda amerikalik sarmoyador Jon Doyerr tavsiya qilishgan. Shu kitobni o‘qib bo‘lganidan so‘ng Geyts yaxshiroq uxlash uchun kechki odatlarini o‘zgartirganini aytadi.

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring