Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bir kiloga 10 yilu olti oymi? Bo‘lmasa-chi?!

Bir kiloga 10 yilu olti oymi? Bo‘lmasa-chi?!

Illyustrativ surat

«Tovar» degani og‘irmas, vazni bir kilogayam yetmaydi. Biroq foydasi katta: 5 ming dollarga olingandi, 7 ming «ko‘ki»ga xaridor naqd!

Farg‘onalik Rahim Umidov (1985-y.t.) va Ismat Nusratov (1980-y.t.) avvaliga shoshib qolishgani bor gap. Axir, pochasiga chang tegmay 2 ming dollar «topib» turishibdi. Xaridorning tayyorligini ayting. O‘zlari «tovar» olgan odamni yaxshiroq tanib olishmabdi-da: narsani o‘tkazdi-yu g‘oyib bo‘ldi. Hatto isminiyam aytmadi. Qo‘rqadi-da. Hozir kimda ishonch qolibdi? O‘ng ko‘z chap ko‘zni aldaygan zamon-a... Mayli, bosh omon bo‘lsa, «tovar» yetkazib beruvchi topilar yana. Muhimi, ular «klent»ni qochirmasa, bas. Ishonchli odamga o‘xshaydi: basharasi sovquqqina ekan: «qurug‘idan» tortaverib, yuzida nur qolmagan-da.

Xullas, katta daromaddan shoshib qolgan ikkovlon «tovar»ni qo‘yniga solib aytilgan joyga kelishdi. «Klent» ham ko‘p kuttirmadi: narsani ko‘rgach, hidlab tekshirgan bo‘ldi, «toza» ekaniga ishonch hosil qilgach, shartta kelishilgan pulni sanadi.

...O‘sha paytda bu ikkovlon Farg‘ona viloyati IIB JQB va Oltiariq tumani IIB JQB xodimlari tomonidan o‘tkazilayotgan «Nazorat xarid» tadbiri qahramoniga aylanishayotganini qayoqdan bilishsin?! «Klent»ning «maxsus xaridor» ekanini-chi?! Pulni sanashgayam ulgurishmadi-ya...

...Farg‘ona viloyati IIB EKB ekspertlarining 2018-yil 16-may kungi 250-sonli xulosasiga ko‘ra, giyohvand modda «gashish» deb atalar ekan, uning sof vazni 999,87 (to‘qqiz yuz to‘qson to‘qqiz butun yuzdan sakson yetti) grammni tashkil qildi.

Rahim Umidov va Ismat Nusratovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borildi. Ularga nisbatan dastlabki tergov paytidayoq «qamoqqa olish» ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Chunki, ular ayblanayotgan jinoyat shuni talab qiladi. Suddan ochiqqa chiqib ketish imkoniyati yo‘q darjada. Shunday bo‘ldi ham: sud har ikkisiga 10 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.

...Hatto peshona teri bilan topilgan boylik ham inson uchun sinov aslida. Topgan davlatini ko‘taradigan bor, ko‘tarolmaydigan bor... Jinoiy yo‘l bilan topilganni-chi? Albatta, buning oxiri voy! Giyohvand moddalar savdosiga aralashganning-ku, inchunin.

Inomjon Olimov,
 Oltiariq tumani IIB huzuridagi TB tergovchisi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring