Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bir vaqtda uch OTMga yo‘nalish tanlash qanday bo‘ladi?

Bir vaqtda uch OTMga yo‘nalish tanlash qanday bo‘ladi?

Foto:«Xabar.uz»

11-mart kuni efirga uzatilgan «Munosabat» tok-shousida kirish imtihonlarida DTM vakili 3 ta yo‘nalishni tanlash tartibi qanday bo‘lishiga oydinlik kiritdi. 

Unda «Masalan, abituriyent 1-yo‘nalishga kontraktga, 2-yo‘nalishga grantga, 3-yo‘nalishga kontrakga kirdi, deylik. Bunday vaziyatda grantga kirgan 2-yo‘nalishni tanlasa bo‘ladimi», degan mazmunda savol berildi.

Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev o‘z kanalida bu savolga javob yozdi. 

«Abituriyentlar hujjat topshirayotgan paytda, 3ta yo‘nalishni ustuvor ketma-ketlikda belgilaydi. Ya’ni birinchi, ikkinchi va uchinchi yo‘nalish sifatida qaysi OTMlarni tanlaganini oldindan belgilashadi. Xuddi shu paytgacha harbiy imtiyozga abituriyentlar 2 ta OTMni tanlagani kabi.

Bunday vaziyatda abituriyent ustuvor yo‘nalishga kira olmagan taqdirdagina keyingi yo‘nalishda omadini sinab ko‘rishi mumkin. Agar xoh kontrakt, xoh grant bo‘lsin, ustuvor yo‘nalishga to‘plagan bali yetsa, unda keyingi yo‘nalishlar uchun tanlovda ishtirok eta olmaydi.

Aytaylik, farg‘onalik abituriyent tarix yo‘nalishi bo‘yicha quyidagi ketma-ketlikda OTMlarni tanladi deylik:

1-yo‘nalish: O‘zMU

2-yo‘nalish: Sharqshunoslik instituti

3-yo‘nalish: FarDU

Abituriyent test sinovlaridan 150 ball to‘pladi, deylik. Bu ball O‘zMUga kontrakt, TDShI va FarDUga esa budjetga yetarli bo‘lsa, unda abituriyent qaysi birini tanlashi mumkin? Sharqshunoslikning budjetini tanlasa bo‘ladimi?

Yo‘q, bo‘lmaydi! Bunday vaziyatda abituriyentda tanlov imkoniyati yo‘q, u ustuvor yo‘nalish sifatida 1-o‘rinda O‘zMUni belgilagani uchun, shu yerning kontraktiga kirgan hisoblanadi, qolgan 2 yo‘nalish inobatga olinmaydi. Qachonki u O‘zMUga yetarli ball to‘play olmasagina, keyin Sharqshunoslik hisoblanadi. Agar abituriyent bali O‘zMU va Sharqshunoslikka yetarli bo‘lmasagina, keyin FarDU inobatga olinadi».

Ya’ni ustuvor OTMga kira olmasagina, ball keyingisiga o‘tadi.

Xullas abituriyentga tanlov imkoniyati faqat hujjat topshirish vaqtida beriladi xolos. O‘sha paytda u OTMlar ro‘yxati va ularning ketma-ketligini to‘g‘ri tanlashi kerak, test o‘tgandan keyin unda tanlov va o‘zgartirish imkoni bo‘lmaydi.

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring