Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bitta kubok uchun 32 jamoa: fors shahzodalari!

Bitta kubok uchun 32 jamoa: fors shahzodalari!

Foto: «Eurosport»

Futbol bo‘yicha jahon chempionati ishtirokchilari haqidagi turkum maqolalar e’lon qilishda davom etamiz. Mezbon Rossiya va ilk yo‘llanma sohibi Braziliyadan so‘ng jahon chempionatiga borishi aniq bo‘lgan 3-terma jamoa – Eron haqida hikoya qilamiz.

Laqablari: «timi melli» «fors leopardlari», «Eron sherlari», «fors shahzodalari».

Konfederatsiya: OFK.

Bosh murabbiy: Karlos Keyrush.

Sardor: Ashkan Dejaga.

Eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchi: Javod Nekunam (151).

To‘purar: Ali Dayi (109).

Uy stadioni: «Ozodiy».

FIFA reytingida: 36-o‘rin (2018 yil 12 aprel).

Eng yuqori o‘rin: 15-o‘rin (2005 yil avgust).

Eng past o‘rin: 122-o‘rin (1996 yil may).

Ilk o‘yin: Afg‘oniston – Eron 0:0 (Kobul, Afg‘oniston; 1945-yil 25-avgust).

Eng yirik g‘alaba: Eron – Guam 19:0 (Tabriz, Eron; 2000-yil 24-noyabr).

Eng yirik mag‘lubiyat: Turkiya – Eron 6:1 (Istanbul, Turkiya; 1950-yil 28-may), Janubiy Koreya – Eron 5:0 (Tokio, Yaponiya; 1958-yil 28-may).

Jahon chempionatidagi ishtiroki: 4 marta.

Osiyo kubogi g‘olibi: 8 marta.

Ilk taassurot

Eronda dastlabki futbol jamoalari 1900-yillarning boshida tuzilib, 1920 yilda rasman mamlakat futbol federatsiyasi tashkil etilgan. 1945-yildan FIFA, 1954 yildan OFK a’zosi hisoblanadi. Asosiy o‘yinlarini o‘z bag‘riga 80 ming muxlisni sig‘dira oladigan muhtasham «Ozodiy» o‘yingohida o‘tkazadi.

Natijalar

Eron nisbatan yopiq mamlakat bo‘lganligi sababli jahon chempionatlari saralash va final bahslaridan bir necha bor chetda qolgan. Bir gal chetlatilgan bo‘lsa, boshqa safar bosh tortgan yoki umuman qatnashmay qo‘yaqolgan. Final qismidagi 4 ta ishtirokda guruh bahslari bilan cheklangan.

Argentinada bo‘lib o‘tgan 1978-yilgi jahon chempionati guruh bahslarida Shotlandiya terma jamoasi bilan durang (1:1) o‘ynab,  Niderlandiya va Peru terma jamoalariga yutqazgan Eron uyga qaytishga majbur bo‘lgan edi. Yigirma yil o‘tib, Fransiyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatiga chiqishga muyassar bo‘lgan eronliklarni siyosiy jihatdan noqulay raqib AQSh kutib turardi. Aynan ana shu o‘yindagi muvaffaqiyat Eron terma jamoasi uchun jahon chempionati final bosqichidagi ilk va hozircha yagona g‘alaba sifatida tarixga kirgan – 2:1! Ulkan g‘alabada Eronning o‘sha paytdagi yulduzlari – Ali Dayi, Mehdi Mehdavikiya, Karim Bageriy, Xudoydod Aziziy, Hamid Estililarning hissasi katta bo‘lgan.

Keyrush davri

2011-yil 4-aprelda Eron futbol federatsiyasi portugaliyalik murabbiy Karlush Keyrush bilan shartnoma imzoladi. Aytish mumkinki, o‘sha paytda avlodlar almashinuvini boshdan o‘tkazayotgan terma jamoa o‘yinida pasayish kuzatilayotgan va federatsiya vaziyatdan chiqish maqsadida tajribali Keyrushni olib kelgandi. Bu qaror to‘lig‘icha o‘zini oqladi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Ikki bora og‘ir saralash guruhidan jahon chempionatiga chiqish masalasini hal etgan Keyrushning terma jamoa uchun qilgan yana bir ishi kelib chiqishi eronlik bo‘lgan va boshqa mamlakatlarda tug‘ilib o‘sgan futbolchilarni terma jamoaga taklif etishi bo‘ldi. Uning birinchi tanlovi — Germaniya o‘smirlar va yoshlar terma jamoasida maydonga tushishga ulgurgan, bugungi kunda terma jamoa sardoriga aylangan Ashkan Dejaga ilk o‘yindayoq dublga erishgan edi. «Nemislashgan» yana bir futbolchi darvozabon Daniel Dovariy, Hollandiya fuqarosi Rizo G‘unchannajod, Shvetsiyadan Umid Nazariy va Somon Quddus, amerikalik Stiven Beytashurlar ham xuddi Dejaga kabi terma jamoaga jalb etilishdi.

Asosiy yulduz

Karlush Keyrush jahon chempionatiga raqobatbardosh jamoani olib bormoqda. Muhammadiy va Izzatullohi Rossiya chempionatida «pishayotgan» bo‘lsa, Jahonbaxsh Hollandiyaning «AZ»ida yetakchiga aylandi. Ammo barchaning e’tibori baribir asosiy yulduz – Sardor Azmunga qaratilgan. 23 yoshli futbolchining «Instagram»dagi sahifasida 2,3 mln obunachisi bor. U «Rubin»da porlab, «Rostov» safida yevrokuboklarda ajoyib o‘yin ko‘rsatdi. Terma jamoada uning iste’dodi tinimsiz naf keltirmoqda. Yoshlar jamoasi tarkibidagi 29 o‘yinda 30 ta gol urgan Sardor asosiy jamoada 30 o‘yinda 22 marta raqiblarini xafa qildi.

Saralash va tayyorgarlik

Saralash bahslarida «A» guruhida qatnashgan Eron xuddi to‘rt yil oldin bo‘lgani kabi O‘zbekiston, Janubiy Koreya va Qatar bilan bir guruhdan o‘rin oldi va xuddi to‘rt yil oldingidek birinchi o‘rin bilan jahon chempionati final bosiqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Chempionatga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Eron terma jamoasi bir necha uchrashuvda ishtirok etdi. Avvaliga Afrika vakili Togo mag‘lub etildi – 2:0. Rossiya bilan «Qozon arena»dagi durangdan so‘ng Panama va Venesuela terma jamoalarini yutdi. Eronliklar joriy yilda hozircha faqat Afrika vakillari bilan kuch sinashishdi. Ikki g‘alaba, bir mag‘lubiyat. Jahon chempionati boshlangunga qadar Eron termasi yana bir nechta o‘rtoqlik o‘yinlarida maydonga tushadi. Ulardan biri O‘zbekiston terma jamoasi.

So‘nggi beshta o‘yin

Sana

Raqib

Hisob

Gol mualliflari

Shahar

1

2017-yil 9-noyabr

Panama

2:1

Dejaga, Quddus

Grats, Avstriya

2

2017-yil 13-noyabr

Venesuela

1:0

Jahonbaxsh

Neymegen, Gollandiya

3

2018-yil 17-mart

Serra-Leone

4:0

Holizoda 2 ta, Xonzoda, Rizoiy

Tehron

4

2018-yil 23-mart

Tunis

0:1

Muhammadiy (avtogol)

Tunis

5

2018 yil 27 mart

Jazoir

2:1

Azmun, Taremi

Grats, Avstriya

Raqiblar

Eronliklar jahon chempionatida anchagina kuchli raqiblar bilan bir guruhdan joy olgan. Yevropa grandlari Portugaliya va Ispaniya terma jamoalarining o‘ziyoq «Eron sherlari»ni qiyin ahvolga solib qo‘yishi shubhasiz. Afrika vakili Marokashni esa kuchsiz jamoa deb bo‘lmaydi. Chempionatdagi ilk o‘yin ham aynan afrikaliklarga qarshi 15 iyun kuni bo‘lib o‘tadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring