Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bolalar quvonchi – baxtdan nishona

Bolalar quvonchi – baxtdan nishona

Foto: «Xabar.uz»

Bolalar... Ular bizning kelajagimiz, boshlagan ezgu ishlarimizning davomchilari, ko‘zimizning nuri,  qalbimiz sururi. Ular bilan hayotimiz obod, ko‘nglimiz charog‘on. Shu sababli ham bolalarimiz baxtli bo‘lishlari uchun hamma narsamizni berishga tayyormiz. Ayniqsa, 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kunida ularga ko‘rsatayotgan mehru muhabbatimiz yanada oshadi.

Mana, 68 yildirki, to‘kin yoz faslining ilk kuni ko‘pchilik mamlakatlarda Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni sifatida nishonlanadi. Mabodo, bu kun dam olish kuniga to‘g‘ri kelmasa ham, haqiqiy bayramga aylanadi. Park va attraksionlar, turli bolalar oromgohlari, teatrlar bolalar bilan to‘lib-toshadi. Barcha yaxshi narsalar ularga bag‘ishlanadi.

Qisqacha bu kunning tarixi haqida to‘xtalsam. 1949-yili Parijda ayollarning Xalqaro demokratik federatsiyasi kongressi bo‘lib o‘tadi. Bu kongressda bolalarning birdamligi va baxt-saodati kafolati bo‘lgan mustahkam tinchlikni ta’minlash uchun doimiy kurash haqidagi shior baralla yangraydi. Negaki, Ikkinchi jahon urushidan keyingi davrda sayyoramizda yashovchi barcha mas’um bolajonlarning sog‘liq va xotirjamligini saqlash dolzarb muammoga aylangan, urushda halok bo‘lgan, ota-onasiz yetim qolgan minglab bolajonlar ohi ko‘pchilikni befarq  qoldirmayotgan edi.

Va 1950-yildan e’tiboran 1-iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni sifatida nishonlana boshlandi.

1989-yili BMT Bosh  Assambleyasi bolalar huquqlari to‘g‘risida Konvensiya qabul qildi. Unda butun dunyo mamlakatlari uchun bolalar huquqlarini himoya qilishni ta’minlash  to‘g‘risidagi vazifalar o‘z aksini topgan.

Dunyoning ko‘plab mamlakatlari va shaharlarida ushbu kunda bolalar huquqlari va ularni himoya qilish haqida munozara va leksiyalar  o‘qiladi, tushuntirish ishlari olib boriladi. Shuningdek, bayramga bag‘ishlanib turli  quvnoq va madaniy-ommaviy tadbirlar, sport musobaqalari o‘tkazilib, konsertlar tashkil etiladi. Shu kuni og‘ir bemor, davolanishga muhtoj va nogiron bolalar uchun xayriya aksiyalari va tadbirlar tashkil qilinadi.

Bolalarni himoya qilish kunini  nishonlash orqali  keng jamoatchilik diqqatini muammoli bolalarga, ularning huquqlarini himoya qilish, himoyalangan dunyoda yashash imkoniyatiga, baxtli bolalikka ega bo‘lishlari va o‘z mamlakatining to‘la-to‘kis va xotirjam fuqarosi bo‘lib o‘sishlariga erishishga qaratiladi.

Mamlakatimizda ham bu kunni katta tantana bilan bayram qilish an’anaga aylangan. Boshqa soha korxona va tashkilotlarida bo‘lgani kabi  bizning  filialimizda ham bolalar salomatligini mustahkamlash, ularning eng go‘zal damlari shodlikka, xursandchilikka to‘la o‘tishi uchun harakat qilinyapti. Bu borada ish beruvchi hamda boshlang‘ich kasaba uyushmasi qo‘mitasining birdamligi qo‘l kelmoqda.

An’anaga ko‘ra, bu yil ham korxonamizda faoliyat yurituvchi xodimlarning  uch yoshdan o‘n yoshgacha bo‘lgan farzandlari ishtirokida rasm chizishga oid «Mening oilam» ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi. Tanlov bolalarning yoshiga qarab, uch guruhga bo‘lingan holda tashkil etildi.  Tanlov natijalariga ko‘ra, har bir guruh g‘oliblari alohida mukofotlanishdi. Shuningdek, barcha ishtirokchilarga sovg‘a-salomlar topshirildi.

Xalqaro bolalarni himoya qilish kunida dam olib, yayrashlari uchun xodimlarning uchdan o‘n uch yoshgacha bo‘lgan farzandlari Abdulla Qodiriy nomidagi istirohat bog‘iga chipta bilan ta’minlandi.

Bolajonlarga ko‘rsatilayotgan bu e’tibor xodimlarimizning unumli ishlashlariga yana bir sabab bo‘lib xizmat qiladi, albatta.

Jaloliddin Isroilov,
«O‘zbektelekom» AK «BKM» filiali huquqshunosi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring