Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bolani farzandlikka olish tartibi qanday?

Bolani farzandlikka olish tartibi qanday?

Foto: «Ngobg.info»

Ilgari bolalar tuman va shahar hokimining qaroriga muvofiq farzandlikka berilgan bo‘lsa, endi bolani farzandlikka olishni istagan shaxslarning (shaxsning) arizasiga ko‘ra, vasiylik va homiylik organining farzandlikka olishning asosliligi va farzandlikka olinayotgan bolaning manfaatiga to‘g‘ri kelishi haqidagi xulosasi hisobga olingan holda sud tomonidan farzandlikka beriladi.

Bolani farzandlikka olish istagida bo‘lgan shaxslar Fuqarolik protsessual kodeksiga muvofiq tegishli hujjatlar bilan bevosita sudga murojaat qiladi.

Bu esa jahon tajribasiga mos keladi. Chunki AQSh, Germaniya, Buyuk Britaniya kabi rivojlangan davlatlarda, shuningdek, MDH davlatlarining aksariyatida farzandlikka olish masalasi sudning qarori bilan hal qilinadi.

Mamlakatimizda ham Oila kodeksida belgilab qo‘yilgan bolani farzandlikka olish tartibi yanada takomillashtirilib, 2013-yil 30-aprelda mazkur kodeksning «Farzandlikka olish» deb nomlangan 20-bobiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritildi. Unga ko‘ra farzandlikka olishga faqat voyaga yetmagan bolalarga nisbatan va faqat ularning manfaatlarini ko‘zlab yo‘l qo‘yiladi. Voyaga yetgan erkak yoki ayol fuqarolar bolani farzandlikka olishi mumkin, ota-onalik huquqidan mahrum qilinganlar, muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilganlar, asab kasalliklariga chalinganlar yoki narkologiya muassasalarida ro‘yxatda turuvchilar, qasddan sodir qilgan jinoyati uchun ilgari hukm qilinganlar bundan mustasno.

Agar bola o‘n yoshga to‘lgan bo‘lsa, farzandlikka olish uchun uning roziligi talab qilinadi. Oila kodeksining 156-moddasida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno.

Sudning farzandlikka berish to‘g‘risidagi hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab o‘n kun ichida fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlari farzandlikka olinayotgan bolaning tug‘ilishi qayd etilgan daftarga zarur o‘zgartishlarni kiritishi lozim. Farzandlikka olishni rasmiylashtirish uchun FHDYo organiga sudning hal qiluv qarori, farzandlikka olinuvchining tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi, shuningdek, farzandlikka oluvchi(lar)ning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari taqdim etiladi.

Farzandlikka olish faktining sir saqlanishi qonun bilan kafolatlanadi.

Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan me’yoriy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori (1999-yil 12-aprel) bilan tasdiqlangan «Voyaga yetmagan bolalarni farzandlikka va bolalarni oilaga tarbiyaga olish (patronat) to‘g‘risida»gi nizomga muvofiq ota-onasi vafot etgan; ota-onasi ota-onalik huquqidan mahrum etilgan; ota-onasi sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan; ota-onasi bolani tarbiyalash yoki uning huquq va manfaatlarini himoya qilishdan bo‘yin tovlagan; ota-onasi bir yildan ortiq muddat davomida bolalar muassasalari yoki tibbiy muassasalardagi bolasidan uzrli sabablarsiz xabar olmagan; ota-onasi tarbiyalash, davolash muassasalaridan, aholini ijtimoiy himoyalash muassasasidan va boshqa muassasalardan bolasini olishdan bosh tortgan; ota-onasi bedarak yo‘qolgan yoki vafot etgan deb e’lon qilingan bolalar farzandlikka berilishi mumkin.

Dilyora Aminova,

huquqshunos

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring