Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bosh vazir Sog‘liqni saqlash vaziriga hokimlar emas, o‘z xodimlarining yonini olishni aytdi

Bosh vazir Sog‘liqni saqlash vaziriga hokimlar emas, o‘z xodimlarining yonini olishni aytdi

Foto: «Sputnik»

Ayni damda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida Bosh vazir Abdulla Aripov rahbarligida «Hududlarda dala va tozalash-obodonlashtirish ishlariga tibbiyot va ta’lim muassasalari xodimlari, talabalar va ijtimoiy soha vakillarini jalb qilishni taqiqlash va ushbu holatlarga yo‘l qo‘ygan barcha darajadagi hokimlar va rahbarlarning shaxsiy mas’uliyat va javobgarligini oshirishga qaratilgan choralarni belgilash» masalasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

Mazkur yig‘ilishda «Xabar.uz» axborot-tahliliy portali muxbiri Jamshid Niyozov ham ishtirok etmoqda.

Yig‘ilishda so‘zga chiqqan sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov shunday dedi:

— Hurmatli yig‘ilish qatnashchilari, haqiqatan ham men rahbar sifatida shu masalaga e’tibor bermaganman va nazoratimga olmaganman. Prezident Sayxunobodda o‘tkazgan yig‘ilishdan keyin ertasigayoq Jizzax viloyatidagi barcha tashkilotlar rahbarlari, deputatlar, hokimlar, kasaba uyushmalari rahbarlari, jamoatchilik vakillar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdik. Bundan keyin har bitta viloyatda shunday yig‘ilish o‘tkazishni reja qilib oldik. Shu bilan birga 19-aprel kuni soat 14:00 da Bosh vazir o‘rinbosari Akmalov Qahramon Valiyevich boshchiligida butun Respublika bo‘yicha selektor o‘tkazishni rejalashtirdik.

Har bir vazirlik va boshqarmalarda nazorat guruhlarini tashkil etdik. Ishonch telefonlariga xabar berish tizimini yo‘lga qo‘yyapmiz.

Albatta, bu yerda har bir rahbarimiz va xodimlarimizning huquqiy savodxonligi va madaniyatini oshirish bo‘yicha ham ish olib borishimiz kerak. Bu masalada ham chora-tadbirlarni belgilab oldik.

Men prezidentga va sizga, Abdulla Nig‘matovich, minnatdorlik bildirmoqchiman. Chunki mana shu ijtimoiy soha, ayniqsa, tibbiyot sohasi xodimlarini bunday noqonuniy ishga jalb qilishda sizlar qalqon bo‘lib, to‘siqlarni qo‘yib berayapsizlar. Shuning uchun minnatdorlik bildiraman va bu borada bundan keyin xatoga yo‘l qo‘ymaslikka va’da beraman!

O‘z navbatida Bosh vazir Abdulla Aripov notiqqa mahalliy hokimiyat vakillariga nisbatan advokatlik qilishni yig‘ishtirib qo‘yish masalasida dakki berdi:

— Siz o‘zingizning qo‘l ostingizdagi xodimlarga advokatlik qiling, mahalliy hokimiyatlar rahbarlarining yonini olib, advokatlik qilsangiz yoki ular bilan munosabatingiz buzilishidan qo‘rqib ishlasangiz, bu ish ketmaydi, bunaqa fakt aniqlansa, sizga nisbatan boshqacha chora ko‘riladi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu yig‘ilish Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan o‘tkazilganini alohida qayd etish kerak.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring