Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bo‘stonliqda yangi soliq rejimi joriy etilishi mumkin

Bo‘stonliqda yangi soliq rejimi joriy etilishi mumkin

Foto: «Xabar.uz»

2020-yil 1-yanvardan Bo‘stonliq tumanida soliq solish va soliq ma’muriyatchiligi bo‘yicha noyob tajribani boshlash taklif etilmoqda. Tegishli loyiha QHTBT portalida joylashtirilgan, deb xabar bermoqda «Norma» nashri.

G‘azalkent shahrida, «Do‘stlik», «Sijak» va «Novobod» mahalla fuqarolar yig‘inlarida (tumanning aholi dam olishi nuqtai nazaridan eng talabgir bo‘lgan qismlari, tahr. izohi) soliq tayanch punktlarini ochish mo‘ljallanmoqda. Ular dam olishni tashkil etish bilan band bo‘lgan sub’yektlarni qonuniylashtirish va ularning daromadlari hisobini yuritish uchun zarurdir. 

Soliq tayanch punktlariga murojaat qilgan jismoniy va yuridik shaxslarga 3 yilga guvohnoma beriladi. Guvohnoma uchun 1 BHM yig‘im undiriladi (maqola berilgan kundagi miqdori – 223 ming so‘m). Bunda ixtiyoriy ravishda qonuniylashtirilganlar birinchi yil yig‘im to‘lamaydilar (guvohnoma uchun yillik to‘lov nazarda tutilgan deb xulosa chiqarish mumkin – loyihada bu aniq aytilmagan, tahr. izohi).

Guvohnoma egasiga dam olish bilan bog‘liq bir qator xizmatlarni ko‘rsatish huquqini beradi. Bunda soliq solishning quyidagi tartibini belgilash taklif etiladi:

  • qat’iy belgilangan soliq topchanlarni ijaraga berishdan olinadigan daromadlardan – 3 BHM, motorli suv transportini berishda – har bir o‘rindiq uchun 3 BHM, motorsiz suv transportini berishda – 3 BHM (bir birlikdagi transport uchun, tahr. izohi), skuter va qorda yuradigan mashinalarni berishda – 5 BHM, kvadrotsikllarni berishda – 5 BHM, paraplan berishda – 3 BHM, otlar berishda – 1 BHM, chang‘i uchuvchilar va snoubordistlar uchun anjomlar berishda – 1 BHM;
  • Bo‘stonliq tumani hududida dam olish uylari va dala hovlilarni ijaraga berish, umumiy ovqatlanish va chakana savdo xizmatlarini ko‘rsatishdan olingan daromadlarga 4%lik stavkada YaST solinadi.

Guvohnomasiz xizmat ko‘rsatilganligi uchun «innovatsion» sanksiya mexanizmi qo‘llaniladi. Birinchi galgi huquqbuzarlik uchun «sariq kartochka» va 1 mln so‘m miqdorida shartli jarima belgilanadi, jarima darhol undirilmaydi. Takror sodir etilgan huquqbuzarlik uchun «qizil kartochka» beriladi va 5 mln so‘m jarima undiriladi, unga birinchi galgi huquqbuzarlik uchun 1 mln so‘mlik jarima ham qo‘shiladi. Jarimani to‘lagan sub’yektga yig‘im undirilmagan holda guvohnoma beriladi.

Xizmatlar ko‘rsatishdan olingan daromadlar yashirilgan (kamaytirib ko‘rsatilgan) hollarda YaST hisobot davrida olingan daromad summasidan 12%lik stavka bo‘yicha hisoblab chiqariladi. 10 mln so‘mdan yuqori miqdordagi soliq qarzdorligi to‘lanmaganligi uchun soliq to‘lovchi tomonidan xizmatlar ko‘rsatishda foydalaniladigan mol-mulk xatlanadi. Buning uchun soliq organi rahbari yoki uning o‘rinsaborining qarori yetarli bo‘ladi.

Shu bilan birga 1-yanvardan Bo‘stonliq tumanidagi tadbirkorlik sub’yektlari uchun yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i, yuridik shaxslar uchun QQS va YaST bo‘yicha taqdim etilgan imtiyozlarni bekor qilish mo‘ljallanmoqda. Faqat profilaktika va aholini davolash bilan shug‘ullanadigan tashkilotlar, shuningdek bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari uchun imtiyozlar saqlanib qoladi.

 Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring