Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tanqiddan so‘ng. Urgut tumani hokimi: «Bozor atrofi tartibga solinadi»

Tanqiddan so‘ng. Urgut tumani hokimi: «Bozor atrofi tartibga solinadi»

Foto: «Xabar.uz»

«Xabar.uz» portalida «Urgutda ko‘chadan ham pul qilishadi» nomli maqola e’lon qilingan edi. Unda muxbirimiz «Urgut savdo kompleksi» MChJ hududida va unga yondosh ko‘chalarda «stoyanchik»lar noqonuniy faoliyat yuritayotgani, avtoturargohga kirib-chiqayotgan mashinalardan pul olinib, chek berilmayotgani haqida hikoya qilgan edi.

Ushbu maqola yuzasidan tahririyat elektron manziliga Urgut tumani hokimi M.Turdiyev imzosi bilan javob xati keldi:

Joriy yilning 22-iyul kuni «Xabar.uz» portalida e’lon qilingan «Urgutda ko‘chadan ham pul qilishadi» nomli maqola tuman hokimligi tomonidan muhokama qilinib, «Urgut savdo kompleksi» MChJga tutash yon atrofidagi hududda noqonuniy ravishda avtomobillarni vaqtincha saqlash joylari tashkil qilinganligi holatlarini o‘rganish maqsadida tuman Davlat soliq inspeksiyasi va tuman prokuraturasi qoshidagi iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘limi xodimlaridan iborat ishchi guruhi tuzildi.

Ishchi guruh tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish davomida «Urgut savdo kompleksi» MChJga chegaradosh «Urgat avto senter» MChJ avtoshohbekati tashkil etish uchun ajratilgan hududdan belgilangan tartibga zid ravishda avtomobillarni vaqtinchalik saqlash joyi sifatida foydalanib kelinayotgani aniqlanib, korxonaga avtomobillarni vaqtinchalik saqlash joylari uchun belgilangan qat’iy soliq to‘lovlarini to‘lash haqida tuman DSIning talabnomasi yuborildi.

Shuningdek, «Urgut savdo kompleksi» MChJga tutash hududda «Afsona plast prestij» MChJ tomonidan avtoturargoh qurilishi boshlanib, keyinchalik to‘xtatib qo‘yilishi natijasida budjetga o‘z vaqtida kelib tushmagan soliq to‘lovlarini undirish maqsadida tuman DSI tomonidan talabnoma yuborildi. Bundan tashqari savdo kompleksi yon-atrofidagi savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari belgilandi.

Hokimlik tomonidan tuman Davlat soliq inspeksiyasi, tuman prokuraturasi qoshidagi iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘limi va «Urgut savdo kompleksi» MChJ rahbariyati savdo kompleksi yon-atrofidagi avtoturargohlarni tartibga solish, ularning faoliyatini qonuniylashtirish va kelgusida maqolada qayd etilgan holatlar takrorlangan taqdirda mas’ul xodimlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilishi haqida rasman ogohlantirildi.

Hozirgi kunda tuman hokimligi tomonidan «Urgut savdo kompleksi» MChJ faoliyatini tartibga solish, uning yon-atrofidagi hududda savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari faoliyatini qonuniylashtirish yuzasidan «Yo‘l xaritasi» ishlab chiqilib, ijrosi nazoratga olindi.

M.Turdiyev, tuman hokimi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring