Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Britaniya armiyasi Rossiya tahdidi tufayli Germaniyaga qaytmoqda

Britaniya armiyasi Rossiya tahdidi tufayli Germaniyaga qaytmoqda

Foto: «Glas.ru»

Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Rossiya va Xitoydan kelayotgan tahdidlarga yanada samarali javob berishga qaratilgan Qurolli Kuchlarni modernizatsiya qilish rejasini taqdim etdi. Britaniya qo‘shinlarini Germaniyadan olib chiqilishi tugaganidan bir yil o‘tmay, London GFRga 250 ga yaqin tank va jangovar mashinalarni qayta jo‘natish, shuningdek, boshqa mamlakatlardagi harbiy mashg‘ulotlarda qatnashadigan armiya brigadasini joylashtirish rejasini e’lon qildi.

«The Times», «Financial Times» va «Sky News» nashrlari xabar berishicha, Buyuk Britaniya Mudofaa vaziri Ben Uolles 25-noyabr, payshanba kuni o‘z nutqida, milliy qurolli kuchlar tarkibini qayta ko‘rib chiqish va kontingentlarini dunyoning turli burchaklarida joylashtirishni aytib o‘tgan.

Uolles quruqlikdagi qo‘shinlarni modernizatsiya qilish bo‘yicha «Kelajak askari» dasturini taqdim etdi. Bu Buyuk Britaniya armiyasining 20 yildan ortiq vaqtdagi tubdan qayta ko‘rib chiqilishiga, yanada moslashuvchanlikka, birdamlik va samaradorlikka erishishga qaratilgan.

Rejaga ko‘ra, Germaniya O‘mon va Keniya bilan bir katorda Britaniya armiyasining uchta yangi mintaqaviy tayanch punktlaridan biriga aylanadi. Maqsad sayyoramizning turli burchaklarida, jumladan, Rossiya va Xitoydan kelayotgan xatarlarga munosib javob qaytarish imkoniyatlari yaratishdir, deb ta’kidlaydi Sky News nashriyoti.

«Bizning armiyamiz butun dunyo bo‘ylab keng ko‘lamli tahdidlarga – kiberurushdan tortib jang maydonidagi mojarogacha qarshi turish qobiliyatiga ega bo‘ladi», dedi Uolles.

Kelgusi 10 yil ichida uskunalar sotib olish uchun qo‘shimcha 8,6 milliard funt sterling ajratiladi.

Eslatib o‘tamiz, Buyuk Britaniya o‘z qo‘shinlarini Ikkinchi Jahon urushi tugaganidan keyin Germaniyada joylashtirgan edi.

Bu 1954-yilgi joylashtirish to‘g‘risidagi shartnoma va 1951-yilgi NATO kuchlari maqomi to‘g‘risidagi bitim asosida amalga oshirilgan. 2010-yilda bu yerdagi Britaniya harbiy kontingenti taxminan 20 ming atrofida edi. 2020-yilga kelib esa barcha ingliz harbiylari o‘z vatanlariga qaytish rejalashtirilgan edi.

Bu qaror rasmiy Londonning mudofaa budjetini tejash niyati bilan izohlanar edi. Shu bilan birga, bu parlament saylovlarida g‘alaba qozongan Torilarning ham bu masala ustuvor vazifasidan biri hisoblanardi.

Ammo Qrim muammosi ko‘tarilishi bilan ushbu reja o‘zgardi. 2018-yilda London Germaniyadagi harbiy kontingentini nafaqat kamaytirmasligini, balki uni kuchaytirish zarurligini e’lon qildi. Mabodo, Rossiyaning hujumi sodir bo‘lsa, Yevropaning sharqiy qanoti mudofaasini kuchaytirish va «raqibdan ortda qolmaslik» asosiy maqsad etib belgilandi.

Endilikda Germaniyadagi yangi harbiy inshootlarga yangilangan Challenger 3, BTR Boxer va Ajax tanklari yuboriladi . Bundan tashqari, u yerda minalardan tozalash vositalari, tankerlar va artilleriya texnikasi joylashtiriladi.

Xorijda uchta yangi baza yaratilishiga qaramay, mamlakat o‘zida Britaniya muntazam armiyasini qisqartirish rejalashtirilgan, ya’ni ular miqdori 82 ming kishidan 73 ming kishigacha kamaytiriladi. Shu tariqa Britaniya 33 ta armiya ob’yektidan xalos bo‘ladi. Ularning aksariyati kichik harbiy qismlar, zaxira markazlari va kursantlar uchun o‘quv markazlaridir.

Piyoda qo‘shinlari tizimida 4 ming harbiydan iborat to‘rtta yangi bo‘linma qayta tashkil etiladi. Ularning har birida inspektorlar otryadi bo‘ladi – bular gibrid mojarolarga ixtisoslashgan maxsus kuchlar hisoblanadi.

Maftuna A’zamjonova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring