Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buvaydada QVP shifokori kaltaklandi. Nega?

Buvaydada QVP shifokori kaltaklandi. Nega?

Foto: «Xabar.uz»

Shu yilning 24-yanvar kuni Buvayda tumanidagi Nayman qishloq vrachlik punktida o‘z vazifasini bajarayotgan umumiy amaliyot shifokori M.Jo‘rayev kaltaklandi. O‘sha kuni chaqaloqlar emlanayotgan ekan. Jov mahallasida yashovchi ayol uch oylik chaqalog‘ini emlatishga olib keladi. Go‘dakda qichima kasalligi borligini aniqlagan shifokor zudlikda markaziy poliklinikaga borib, dermatolog ko‘rigidan o‘tish lozimligini aytadi. Emlash bola sog‘ligiga xavf tug‘dirmasa amalga oshiriladi, qichima esa yuqumli kasallik.

Xullas, chaqaloqni ko‘rib bo‘lgach, do‘xtir qo‘l yuvish uchun tashqariga chiqadi. Chunki  keyingi bemorni ko‘rishdan avval albatta qo‘l chayilishi kerak. Shifokor qo‘l chayib  kelsa, ayol haliyam shu yerda ekan. Shunda shifokor, ehtimol, balandroq ohangda gapirgan bo‘lishi mumkin, biroq go‘dakni tezroq dermatolog ko‘rigiga olib borishni talab qilgani aniq...  

...Oradan bir soatlar chamasi vaqt o‘tib, shifokor huzuriga yoshi kattaroq kishi va bir yigit kirib keladi. Va: «Sizmi, kelinoyimni haqorat qilgan?» deya shifokorga o‘dag‘aylay boshlaydi. Gap nimada ekanini anglab yetguncha yigit tushmagur shifokorning yuziga kalla qo‘yadi. Natijada uning qoshi yoriladi...

Bor voqelik shu. Vaziyatga QVP feldsheri aralashmaganda holat bundanam ayanchli yakunlanishi mumkin edi.

Darvoqe, mushtumzo‘r yigit (go‘dakning amakisi) do‘xtir huzuriga otasi bilan kelgan ekan. O‘g‘il shiforkorni yoqasidan olib, urishga chog‘lanayotgan paytda shu voqelik ustida turgani aytiladi. Biroq tomonlarni ajratib qo‘ymaydi. Aksincha, yigitning changalidan hamkasbini qutqarishga harakatga qilgan feldsherga qarab: «Aralashmang siz, ikkalasi gaplashib olsin», deyish bilan cheklanadi.

Voqelikning keyingi rivoji kaltak yegan QVP shifokoriga tibbiy yordam ko‘rsatish, yorilgan qoshiga chok tushgandan keyin... taqa-taq to‘xtaydi. Nega? Chunki, bir tomondan tuman hokimi, ikkinchi tomondan tuman bosh imom xatibi o‘rtaga tushib, tomonlarni yarashtirishga tushadi. Bunga muvaffaq bo‘ladi ham. Shifokor «polvon»ni kechiradi...

Albatta, kechirimlilik yaxshi fazilat. Biz ham kul titib, «bosdi-bosdi» bo‘layozgan ushbu voqelikni yana alangalatish niyatidan yiroqmiz. Kechiradimi yoki da’vo qiladimi – bu shifokorning mutlaq huquqi. Shuningdek, shifokor ayolni haqorat qilgan-qilmaganiyam biroz mavhum. Shifokor haqorat qilmaganini ta’kidlaydi. «Polvon» ham ayni vaziyatni ochiqlagani yo‘q (uning o‘zi bilan ko‘rishish nasib etmadi, telefonda bog‘langanimizda «opa, biz kelishvoldik, men uzr so‘radim, u kishi kechirdi», deyish bilan cheklandi). Shunga qaramay, kuppa-kunduz kuni, xizmat vazifasini bajarayotgan shifokor huzuriga ota-bola bostirib kirib, o‘g‘il «kalla qo‘ysa», ota esa... tomoshabinlikdan nariga o‘tmasa?! Bu nima degan gap?

Ikkinchidan, Nayman hududi kattaligi uchun 6 shtat birligida oliy ma’lumotli umumiy amaliyot shifokori ishlashi kerak aslida. Ammo shu choqqacha faqat ikki nafar shifokor ishlab kelgan. Qishloq joylarida bir stavkada ishlaydigan shifokor 700 nafar aholiga xizmat ko‘rsatishi lozim. Bundan anglashiladiki, Nayman QVPda ikki nafar shifokor 11 ming aholi sog‘ligi uchun mas’ul! Ana endi ularning zimmasidagi yukni tasavvur qilavering! Shu kunlarda kuniga 50-60 nafargacha bemorni qabul qilmoqda. Yana deng,  shu ikki nafar shifokor pensiya yoshiga yetib qolgan... Bunga hatto jismonan ulgurish qiyin. Ayniqsa, hozir o‘tkir respirator, nafas yo‘li, kamqonlik, shamollash, bronxit, tonizillit kabi kasalliklar ko‘paygan paytda...

Nihoyat, uchinchidan. Xizmat vazifasini bajarayotgan paytda bemorlarning yaqinlari tomonidan turli tajovuzlarga duch kelish holatlari birinchi marta sodir etilayotgani yo‘q. Tibbiy madaniyat deganda inson o‘zining salomatligi haqida qayg‘urishnigina emas, shifokor bilan qanday munosabatda bo‘lishni ham o‘rganish kerakday. Tomonlarni murosaga chaqirib, yarashtirib qo‘yishning yomon jihati yo‘qdir balki. Biroq buning zamirida insonlar o‘rtasida mehr-oqibatni mustahkamlash emas, hududda jinoyatchilik ko‘rsatkichlarini pasaytirish niyati bo‘lsa, bu kabi mushtumzo‘rlik qayta sodir etilmasligiga kafolat yo‘q.

Og‘riq xuruj qilib, dunyo ko‘zga tor ko‘ringan paytda mansab, mablag‘ yoki mavqe emas, birinchi navbatda shifokor dardga malham bo‘lishini unutmasak, bas!

Sh.Madrahimova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring