Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoro korxonasi xorijga 1 million dollarlik mahsulot eksport qiladi

Buxoro korxonasi xorijga 1 million dollarlik mahsulot eksport qiladi

Foto:Nuz.uz

Buxoro viloyatining Vobkent tumanidagi «Bahor plastiks» O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilayotgan kir yuvish vositalariga nafaqat ichki, balki tashqi bozorda ham talab ortmoqda.

O‘zA xabariga ko‘ra, korxonaning «O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan» tamg‘asi bosilgan raqobatbardosh mahsulotlari Afg‘oniston, Qozog‘iston va Tojikistonga ham eksport qilinmoqda. Xorijlik buyurtmachilar orasida Tojikiston tobora mustahkam o‘rin egallamoqda.

Korxona rahbarining aytishicha, o‘tgan yili 390 ming dollarlik mahsulot chetga eksport qilingan bo‘lsa, shuning yarmini tojikistonliklar buyurtmasi tashkil etadi. Joriy yilda «buyurtma portfeli»ga asosan xorijga 1 million, jumladan, Tojikistonga qariyb 500 ming dollarlik mahsulot yetkazib beramiz.

«Bahor plastiks»ning viloyatdagi turdosh korxonasi hisoblangan Buxoro tumanidagi «Buxoro shaten klean» mas’uliyati cheklangan jamiyati ham qo‘shni mamlakat bozoridan o‘rin topishga ulgurdi. Joriy yilda mazkur sub’yekt tomonidan 120 ming dollarlik kir yuvish vositalari jo‘natiladi. Bu o‘tgan yildagidan 35 foizga ko‘pdir.

Buxoro viloyatidan Tojikistonga to‘qimachilik va boshqa mahsulotlar ham eksport qilinmoqda. O‘tgan yili uning hajmi 445 ming dollardan oshdi.

O‘zbekiston – Tojikiston o‘rtasida tobora rivojlanib borayotgan iqtisodiy hamkorlik aloqalarida Buxoro viloyatining ham o‘z o‘rni bor. Yaqin kunlarda qo‘shni davlat poytaxti Dushanbe shahrida tashkil etiladigan O‘zbekiston milliy sanoat ko‘rgazmasida viloyatda ishlab chiqarilgan mahsulotlar ham namoyish etiladi. Bu o‘ziga xos taqdimot tadbirkorlik sub’yektlarining tojikistonlik ishbilarmonlar bilan o‘zaro manfaatli aloqalarini yanada kengaytirish, yangi shartnomalar imzolanishiga xizmat qilishi, shubhasiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring