Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxorodagi rahbarlar «qilamiz-tozalaymiz»dan nari o‘tmayotgan chiqindixona haqida

Buxorodagi rahbarlar «qilamiz-tozalaymiz»dan nari o‘tmayotgan chiqindixona haqida

Buxoro viloyati, Buxoro tuman, Gulshanobod MFY Jonbobo aholi punktida namunali uy-joylar 2012 yilda qurilgan va fuqarolarga yashash uchun topshirilgan edi. Ammo qurilish ishlari yakunlandiyu, chiqindilarini tozalash «esdan chiqib» qoldi. Aholi esa hamon chiqindi orasida yashamoqda.

Chiqindi olinmagach, bu yer axlatxonaga aylandi. Buxoro shahrining turli joylaridan qurilish hamda maishiy chiqindilar keltirilib, aholi yashaydigan uylarning orqa tomonida to‘kila boshladi. Bu masalada bir necha marotaba tegishli tashkilotlarga murojaat qilinishiga qarmasdan, biror rahbar boshini og‘ritib ham ko‘rgani yo‘q. Har safar murojaatdan so‘ng rahbarlar kelib, ahvolni ko‘rib, «qilamiz-tozalaymiz», deb aldab ketishadi. Yurtimizda va butun dunyoda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash ketayotgan, tozalik uchun milliardlar sarflanayotgan vaqtda Jonbobo aholisi antisanitariya sharoitida yashashga majbur bo‘lib bo‘lmoqda.

Chiqindi ortgani sari turfa xil hasharotlar ko‘payib bormoqda va daydi itlar dastidan tunda yurish ham juda qiyin. Joriy yilning 25 may kunida ham xuddi shunday holat ro‘y berdi: bir qurilish tashkiloti tomonidan katta yuk mashinasida (davlat raqami 80 AA 76 73 ) qurilish chiqindilari keltirib tashlandi. Garchi fuqarolar ogohlantirganiga qaramasdan, haydovchi o‘z «ishi»da — chiqindi to‘kishda davom etdi. Uning aytishicha, bu yerni bir «kattakon» sotib olgan ekan va tez kunda g‘isht ishlab chiqarish zavodi qurilar emish.

Aholining birdan-bir maqsadi — atrof tozalansa, bu yerlarni o‘z tashabbusi bilan obodonlashtirib, ko‘kalamzorlashtirishni niyat qilgan. Ammo bu niyatga yetish uchun rahbariyatdan ham ozgina iroda kerak bo‘lyapti. Topilarmikan o‘sha iroda?

Agar topilmasa, o‘zlari ham kelib yozning jaziramasida mana shu qo‘lansa hidli havodan nafas olib, bir haftagina yashab ko‘rsin...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring