Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Damas», senga yetishmoq havas!

«Damas», senga yetishmoq havas!

Foto: «GM Uzbekistan»

Kunda-kunora ertalab ishni «Gmuzbekistan.uz» saytining «Xaridorlar» bo‘limidagi «Arizani kuzatish» bo‘limidan boshlayman. Qurg‘ur navbat 2-3 kun yoki 10-15 kunda bir kamayadi. 4 oy bo‘ldi – endi 98 taga kamayibdi...

Qish kunlarining birida amakim telefon qildi:

— Jiyan, avtosalondan «Damas» olmoqchi edim, tezroq chiqarib beradigan tanishlar yo‘qmi?

Tabiiyki, bu ish bilan shug‘ullanmaganim uchun jo‘yali javob berolmadim:

— Kelavering-chi, bir gap bo‘lar!

Amakimning o‘g‘illari Rossiyada ishlaydi. O‘zi esa qishloqda traktorchilik qiladi. Otam davrimizda bir yayrasin deb o‘g‘illari amakimga mashina olib bermoqchi bo‘lishibdi. Qishloqda nima yaxshi, albatta quling o‘rgilsin «Damas»-da!

«GM Uzbekistan» AJning rasmiy dilerlik korxonalarida barcha qulay sharoitlar yaratilgan. Kirib borishingiz bilan o‘zgacha muhit — sizni tavoze bilan kutib olishadi. Zarur servis xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan. Navbatingizni onlayn kuzatish imkoniyati borligi har xil shubha-gumonlardan xalos etadi.

Avtosalonning mijozlarga xizmat ko‘rsatuvchi qoshi kamon xodimi bir zumda hujjatni rasmiylashtirib, navbatni onlayn kuzatish imkonini beradigan, avtomobillarni yetkazib berish shartnomasini tuzish uchun ariza nusxasini taqdim etdi. Internetni yaxshi bilaman-ku, darhol tekshirib ko‘rdim: 965-o‘rin.

Xizmat ko‘rsatuvchi xodim bu mashinaga xaridor ko‘pligini tayinlagani uchun ajablanmadim. Bir oyda korxonadan 150-200 ta «Damas» ishlab chiqariladigan bo‘lsa, biror 6 oyda navbat yetib kelsa kerak deb o‘yladim!

Fevral oyi boshida shartnoma imzolangani uchun navbatlar bir kunda 5-6 taga kamaya boshladi. Keyin birdan to‘xtab qoldi. Biror haftadan so‘ng kompaniya rahbariyatiga elektron xat yozdim. Unda respublika bo‘ylab hafta davomida 17 kishiga «Damas» sotilgani, bu mijozda o‘z-o‘zidan xavotir paydo qilishi, bundan tashqari, narx-navo oshsa pul qadrsizlanishiga ham olib kelishini ta’kidladim. Qishloq sharoitida «Damas» juda ro‘zg‘orbop mashina. Amakim ishsizligi bois mashinadan mavsumiy ishlarda foydalanishini bayon qildim. Ikki kunda qo‘ng‘iroq bo‘ldi, besh kunda javob xati ham keldi. Ularning mijozga bo‘lgan munosabatidan ko‘nglim tog‘dek ko‘tarildi. Unda shunday deyiladi:

«...murojaatingizdagi ayrim kunlarda navbat o‘zgarmayotgani bo‘yicha, «GM Uzbekistan» AJ tomonidan ichki bozorda sotish uchun avtomobillar oyma-oy taqsimot asosida rasmiy dilerlarga ajratiladi. «Damas» avtomobili sotib olish uchun navbatda turgan mijozlar ko‘pligi tufayli bir oy uchun ajratilgan taqsimot bir necha kun mobaynida sotiladi va keyingi oy taqsimot bo‘lguniga qadar navbatlarda siljish kuzatilmaydi».

Xotirjam bo‘ldim. Bir oyda respublika bo‘yicha o‘rtacha yuzta «Damas» avtomobili taqsimlansa, demak, 9 oyda navbat ham kelib qolsa kerak. O‘shandan beri har kuni tekshiraman. Kompaniya saytida bir oyda qancha «Damas» mashinasi ishlab chiqarilishi va taqsimlanishi haqida birorta xabar topolmadim. Mana, bugun oyning oxiri, tekshirsam amakimning navbati 867-o‘rinda ekan. Eh-he! 4 oydan beri 98 taga kamayibdi. Shunday bo‘lgach, qanday xayolga borasiz!

So‘nggi vaqtlarda internet va ommaviy axborot vositalari orqali «GM Uzbekistan» AJ atrofida sodir bo‘layotgan noxush vaziyatlar yuzasidan turli xabarlar tarqaldi. Bu bejiz bo‘lmasa kerak.

Men esa amakimni xursand qilish uchun har kuni saytni kuzatishda davom etaman!

Fazliddin Sattorov,
jurnalist

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring