Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Dasturga kiritilgan Oqdarband qishlog‘ida qanday ishlar qilinmoqda?

Dasturga kiritilgan Oqdarband qishlog‘ida qanday ishlar qilinmoqda?

Foto: «Xabar.uz»

«Obod qishloq» dasturi asosida qishloqdagi muammolar o‘rganilib, bu yerda aholining yashashi uchun munosib turmush sharoiti yaratish yuzasidan aniq chora-tadbirlar rejasi belgilanib, bajarishga kirishildi. Oqdarbandga qurilish ashyolari, aholiga zarur mahsulotlar va buyumlar, dori-darmonlar, uy-ro‘zg‘or jihozlari yuklangan atomashinalar uzuksiz kelib turibdi. Davlat va jamoat tashkilotlari, yirik ishlab chiqarish korxonalari, tijorat banklari vakillaridan iborat viloyat 4-sektori ishchi guruh a’zolari va tuman sektorlari rahbarlari qishloq faollari bilan hamkorlikda ko‘cha va yo‘llarni, ijtimoiy inshootlarni, uy-joylarni ta’mirlashmoqda, obodonlashtirish ishlarini bajarishmoqda.

Oqdarband qishlog‘ining «Ittifoq» mahallasi viloyat davlat soliq boshqarmasiga berkitilgan bo‘lib, ushbu mahallada 86 xonadon mavjud. Mazkur hududda ham ijtimoiy himoyaga muhtoj, yolg‘iz yashovchi va nogironligi bo‘lgan shaxslarga hamda ishsiz fuqarolarga yaqindan amaliy ko‘mak berilmoqda. Xususan, bu yerda elektr uzatish tarmoqlari ta’mirlanib, simyog‘ochlar yangilanmoqda. Ichki yo‘llarga shag‘al to‘kilib, tekislash ishlari boshlangan. Eski, pastqam va yaroqsiz holga kelib qolgan binolar buzilib, o‘rniga yangilari qurilmoqda. Kam ta’minlangan 10 dan ortiq oila uylari joriy ta’mirlanib, tom qismi almashtirildi.

Xonadonlarga ko‘rsatilayotgan ko‘mak har bir oiladagi besh-o‘n odamni xursand qilayotgan bo‘lsa, ko‘cha, yo‘llar, gaz, suv, elektr tarmoqlaridagi, maktab va bog‘chalardagi ta’mirlash, obodonlashtirish ishlari yuzlab odamlarning og‘irini yengil qilib, hayotdan mamnun etmoqda.

Ayni paytda mazkur hududda viloyat 4-sektori ishchi guruh a’zolari uyma-uy yurib, o‘tkazayotgan muloqotlarda muammolar eshitilib, joyida hal etish choralari ko‘rilayotir. Ayollarni tadbirkorlik, uy mehnatining turli shakllariga jalb etgan holda bandligini ta’minlash bilan birga xonadonlarda mavjud tomorqa yerlaridan unumli foydalanishga, issiqhonalar tashkil etishga va bu orqali aholining daromadini yaxshilashga erishilmoqda.

Qishloqda yashovchi aholining qariyb uchdan bir qismini eron millatiga mansub fuqarolar tashkil etishini inobatga olsak, «Obod qishloq» dasturining aynan ushbu qishloqqa tatbiq etilganligi, mamlakatimizda millatlararo totuvlik, o‘zaro ahillikning yorqin namunasi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Dilrabo Kuryazova,

jurnalist

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring