Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Deputatlarning jiddiy tanqidiga uchragan qonun loyihasi yangi nom bilan qabul qilindi

Deputatlarning jiddiy tanqidiga uchragan qonun loyihasi yangi nom bilan qabul qilindi

Foto: «parliament.gov.uz»

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yaqinda bo‘lib o‘tgan majlisida «2019-yilga budjet-soliq siyosati Konsepsiyasi va 2020-2021-yillarga prognoz mo‘ljallari qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi deputatlarning jiddiy e’tiroziga sabab bo‘lgani haqida xabar bergandik.

Qonunchilik palatasi Matbuot xizmatining xabar berishicha, 2019-yilgi budjet va soliq siyosatining asosiy yo‘nalishlari Konsepsiyasiga muvofiq ishlab chiqilgan mazkur loyiha parlament quyi palatasining qo‘mitalari, fraksiyalarida bo‘lib o‘tgan muhokamalarda ham, yalpi majlisda ham deputatlarning bir qator savol va e’tirozlarini keltirib chiqargandi.

Muhokamalar yakuniga ko‘ra, ushbu loyiha bo‘yicha mas’ul bo‘lgan Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasiga Hukumat vakillari, tegishli vazirlik va idoralarning mutaxassislarini jalb etib, deputatlar ko‘targan masalalarning yechimini topish topshirilgan edi.

2018 yil 11 dekabr kuni esa parlament quyi palatasining navbatdagi majlisida ushbu qonun loyihasi qayta ko‘rib chiqildi.

Mas’ul qo‘mitaning qonun loyihasi ustida olib borgan ishlari yuzasidan axboroti eshitildi.

Ta’kidlandiki, eng avvalo, Hukumat tomonidan kiritilgan qonun loyihasining nomi uning mazmuniga moslashtirildi, ya’ni «Soliq va budjet siyosatining 2019-yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida» deb o‘zgartirildi.

Qonun loyihasida Soliq kodeksining 22-moddasida soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lagandan keyin xususiy korxona mulkdori, oilaviy korxona ishtirokchisi hamda fermer xo‘jaligi ixtiyorida qoladigan daromadlaridan olinadigan dividendlardan soliq ushlashni bekor qilish taklif etilgan edi.

Qizg‘in muhokamalardan so‘ng ishchi guruh tomonidan ushbu masala yanada chuqur tahlil qilinib, tadbirkorlikka alohida e’tibor qaratilishi inobatga olingan holda, amaldagi tartib saqlab qolindi. Ya’ni, ko‘rsatib o‘tilgan sub’yektlarning dividendiga soliq solishni nazarda tutuvchi norma olib tashlandi.

Mazkur kodeksning 681-moddasi — «Soliq to‘lovchilarni pasportlashtirish» bo‘yicha deputatlar va mutaxasislarning uzoq muhokamalaridan so‘ng, soliq to‘lovchilarning manfaatlarini hisobga olib, mazkur modda soddalashtirildi. Pasportlashtirish jarayonining davriyligi belgilab qo‘yildi, ya’ni, uni har yili emas, balki uch yilda bir marotaba o‘tkazish belgilandi. Shuningdek, soliq to‘lovchilarni pasportlashtirish natijasida tuzilgan dalolatnoma soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni hisoblashga asos bo‘lishiga doir norma, shuningdek, bu jarayonga huquqni muhofaza qilish idoralarini jalb etishga oid norma chiqarib tashlandi. Muhokamalarda ishchi guruh tomonidan alohida ta’kidlandiki, pasportlashtirish jarayoni tadbirkorlarning moliyaviy-xo‘jalik faoliyatiga aralashuvlarni nazarda tutmaydi.

Ushbu kodeksda belgilanayotgan «Mavzuli ekspress o‘rganishlar», «Xronometraj ko‘zdan kechirish», taftish o‘tkazish, tekshirish singari soliq nazoratining shakllari qaytadan ko‘rib chiqilib, yanada takomillashtirildi. Ularning aniq sub’yektlari ko‘rsatib o‘tildi va Kodeksning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilish ustuvorligi ta’minlandi.

Yakka tartibdagi tadbirkorlar faoliyatini tugatish bilan bog‘liq yakuniy tekshiruv faqat yagona soliq to‘lovi to‘lovchisi – yakka tartibdagi tadbirkorga tatbiq etilishi aniq ko‘rsatib o‘tildi. Bu esa, o‘z navbatida, soliq organlari oldida turgan vazifa – soliq tushumlarining to‘liqligini ta’minlashga qaratiladi.

Budjet kodeksining 71-moddasida Mahalliy ijro etuvchi hokimiyatlarning mustaqilligini yanada oshirish, ularning tuzilmasini takomillashtirish, xodimlari ish samaradorligini oshirishda ularga yuklatiladigan vazifalar, mas’uliyat hajmiga mos ravishda moddiy rag‘batlantirish tartibini mustaqil belgilash maqsadida mahalliy budjetlardan moliyalashtirish nazarda tutilgan edi. Shular qatorida qonun loyihasida O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tasarrufidagi hududiy bo‘linmalar va unitar korxonalarning xarajatlarini hududlar budjetlari hisobidan moliyalashtirish taklif etilgan edi. Lekin ommaviy axborot vositalarining «to‘rtinchi hokimiyat» o‘laroq, iqtisodiy mustaqilligini ta’minlash, mahalliy ijro etuvchi hokimiyatlarga bog‘lanib qolmasligi hamda yuz berayotgan jarayonlarga xolisona munosabat bildirishi zaruratini inobatga olgan holda, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tasarrufidagi hududiy bo‘linmalar va unitar korxonalarning xarajatlarini amaldagi respublika budjetlaridan moliyalashtirish tartibi saqlab qolindi.

Muhokamalar davomida boshqa bir qator normalar ham soliq to‘lovchilar manfaatidan kelib chiqib, qayta ko‘rib chiqildi.

O‘ta qizg‘in va amaliy ruhda kechgan munozaralardan so‘ng qonun loyihasi qabul qilindi.

Shuning bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi o‘z ishini yakunladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring