Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Dostavshik» sifatida BMW X7 va Mercedes’ga ruxsatnoma olmoqchi bo‘lgan vijdonsiz uddaburonlarga iltimosnoma

«Dostavshik» sifatida BMW X7 va Mercedes’ga ruxsatnoma olmoqchi bo‘lgan vijdonsiz uddaburonlarga iltimosnoma

Davlat xizmatlari agentligi direktori Halilillo To‘raxo‘jayev «Dostavщik» sifatida BMW X7 va Mercedes kabi premium-klass avtomashinalarga ruxsat olishga ariza berayotgan hamda vijdoni yo‘q va afsuski, tadbirkor sha’niga katta dog‘ tushirayotgan «uddaburon, uchar» tadbirkorlarga iltimosnoma bilan murojaat qildi.

I L T I M O S N O M A

Har yerda ruxsatnomalarni «sotish» haqida gapirilmoqda. Buning asosiy sababi nimada?

Karantin davrida oziq-ovqat savdosi va umumiy ovqatlanish korxonalarining yetkazib berish xizmatlari uchun (kurerlik va «dostavka») avtotransportlarga maxsus ruxsatnomalar berilishi belgilangan. Bugungi kunda bunday toifadagi arizalar soni 30.000 dan ortiqni tashkil etmoqda.

E’tiborlisi, aynan mazkur korxonalar tomonidan «premium-klass« avtotransport vositalariga, shu jumladan, BMW X7, Mercedes, Leksus, Hyundai, Captiva, Malibu-2, Tracker va shunga o‘xshash mashinalar uchun ham «kurerlik»ni amalga oshirish uchun arizalar yuborilmoqda.

Ushbu arizalarga ilova qilingan hujjatlarda mazkur toifadagi avtomashinalarni haydovchilari kurer sifatida rasmiylashtirilgan ish beruvchining buyrug‘ini taqdim qilmoqda.

Mamlakatimizda hukm surayotgan ushbu og‘ir kunlarda bunday ishlarni amalga oshirishga «uddaburon» tadbirkorlarimizning vijdonlari qanday qilib yo‘l qo‘ymoqda ekan?

Aynan ushbu «premium-klass» mashinalar egalari virus tarqatuvchi bo‘lib chiqsa-chi? Mayli, pul uchun hamma narsaga tayyor ekansiz, hech bo‘lmasa, yaqinlaringiz sog‘ligi haqida hech o‘ylab ko‘rdingizmi? Axir bu virus «domino» effekti orqali tarqaladi-ku?

«Premium-klass« haydovchilari, ushbu mablag‘ni hozirgi sharoitda qiynalib qolgan ehtiyojmand oilalarga sarf etsangiz ruhiyatingiz yengil tortarmidi?

Maxsus ruxsatnomalarni rasmiylashtirish uchun Davlat xizmatlari markazlari xodimlari tinmay mehnat qilmoqda. Bizda har bir hujjatning haqqoniyligiga alohida baho berish katta qiyinchiliklar tug‘dirmoqda.

Bunga asosiy sabablardan biri siz bo‘lmoqdasiz !

Aynan Sizdek «hurmatli»lar tufayli, haqiqatdan ham oziq-ovqat, dori-darmon, don mahsulotlarini yetkazib beruvchilar tegishli ruxsatnomasini o‘z vaqtida ololmayapti!

Balki Sizda uyat, vijdon kabi his-tuyg‘ular kamroq, xudbinlik esa ko‘proqdir, lekin Sizni jinoyat kodeksidagi javobgarlikning muqarrarligi prinsipi normalari ham qo‘rqita olmaydimi? Insoniylik his tuyg‘ulari ham shunday vaziyatda uyg‘onmaydimi?

Biroq bitta narsani aniq bilishingizni hohlaymiz, g‘arazli maqsadingiz yo‘lida hujjatlarni soxtalashtirishga jinoiy javobgarlik muqarrardir.

Qadrli fuqarolar! Insonligimizni unutmaylik. O‘zimizdan boshqalarni ham o‘ylaylik.

To‘g‘ri tushunganingiz uchun minnatdorman.

Halilillo TO‘RAXO‘JAYeV,
Davlat xizmatlari agentligi direktori

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring