Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

DTM testga o‘zgarishlar kiritmoqchi edi. Adliya vazirligi loyihaga e’tirozlar bildirdi

DTM testga o‘zgarishlar kiritmoqchi edi. Adliya vazirligi loyihaga e’tirozlar bildirdi

Adliya vazirligi DTMning test tizimiga kiritishni rejalashtirayotgan o‘zgarishlari bo‘yicha o‘z xulosalarini berdi, deya xabar berdi bloger Shahnoza To‘raxo‘jayeva.

Unda loyiha bo‘yicha bir qator takliflar va e’tirozlar bildirilgan. Xususan:

Vazirlik DTMdan imtihonda foydalaniladigan darsliklar masalasiga aniqlik kiritishni, ya’ni ushbu darsliklar ro‘yxatini shakllantirish uchun aniq mezonlarni ishlab chiqishni talab qilgan.

Loyihadagi eng bahsli o‘rinlardan biri – test sinovlarini takror topshirish uchun eng kam ish haqining 1 baravari miqdorida to‘lov undirilishi masalasiga Adliya vazirligi e’tiroz bildirgan. «Bu fuqarolarning konstitutsion huquqlariga zid, chunki konstitutsiyada har kimga moddiy va jismoniy imkoniyatlaridan qat’i nazar, ta’lim olishi uchun bir xil imkoniyat berishni belgilab qo‘yilgan. Shu bois mazkur band qayta ko‘rib chiqish kerak, ushbu masala aholi o‘rtasida noroziliklar yuzaga kelishi mumkinligini inobatga olish lozim» deyiladi vazirlik xulosasida.

DTM rahbarining maqomini vazirga tenglashtirish bo‘yicha bandga ham e’tiroz bildirilgan. DTM vakolatlari kengaytirilishi maqsadga muvofiq emas, ya’ni ushbu qaror loyihasidan ko‘zlangan maqsadga. Adliya vazirligi «loyihaning tartibga solish predmeti bo‘lmagan 6-band ortiqcha sifatida chiqarib tashlanishi lozim» degan xulosani bergan. Ushbu bandda DTMning vakolatlarini kengaytirish, xususan, uning direktorini lavozimiga ko‘ra vazirga tenglashtirish, rahbarga Davlat test markazi tuzilmasiga o‘zgartirishlar kiritish huquqini  berish nazarda tutilgan.

Loyihada 2 yil muddatga amal qiladigan sertifikat berilishi belgilangan. Ammo sertifikat qanday tartibda beriladi va berilgandan keyin uning qanday yuridik kuchi bo‘ladi degan masalalar ochiq qolgan. Amalga oshirilishining aniq mexanizmiga ega bo‘lmagan normalar huquqni tartibga solishdagi bo‘shliqlarni paydo qiladi va bu o‘z navbatida korrupsiyaga yo‘l ochadi. Shu sababli Adliya vazirligi ushbu sertifikatni berish tartibini ishlab chiqish va uning huquqiy oqibatlarini aniq bayon etish lozim deyapti.

Adliya vazirligi regulation.gov.uz portalida fuqarolarning ushbu loyiha bo‘yicha bildirgan taklif va mulohazalarini har tomonlama, sinchkovlik bilan o‘rganib chiqishni ta’kidlagan va o‘z xulosalariga ushbu fikr-mulohazalardan qo‘chirmalarni ilova qilgan.

Adliya vazirligining mazkur talablari asosida DTM loyihani qayta ko‘rib chiqishi va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritishi lozim.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring