Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Dunyo bo‘yicha o‘lim jazosi qo‘llanishi kamaydi

Dunyo bo‘yicha o‘lim jazosi qo‘llanishi kamaydi

Foto: «AFR»

Bugun, 12-aprel kuni «Amnesty International» xalqaro inson huquqlari tashkilotining o‘tgan yil yakunlari haqidagi hisoboti e’lon qilindi. Bu haqda Fransiyaning «Yevropa 1» radiosi xabar bermoqda.

Unda aytilishicha, dunyo bo‘yicha o‘lim jazosi soni kamayib bormoqda. O‘tkan yili Gvineya va Mo‘g‘uliston o‘lim jazosini bekor qilgan davlatlar qatoriga qo‘shilgan. 2017-yil davomida dunyoning 23 ta mamlakatida jami 993 ta o‘lim jazosi qayd etilgan. Bu ko‘rsatkich 2016-yildagidan 4 foiz kam. O‘lim jazosi bo‘yicha rekord sifatida qayd etilgan 2015-yilga nisbatan esa 39 foiz kamayganini ko‘rish mumkin. O‘sha yili dunyo bo‘yicha 1634 ta holat qayd etilgan edi.

Xitoy kirmagan hisobot

Qayd etish kerakki, o‘lim jazosi eng ko‘p qo‘llanadigan va aniq soni sir saqlanadigan Xitoy ushbu statistikadan joy olmagan. Xitoydan tashqari, dunyo bo‘yicha qayd etilgan o‘lim jazosi bilan bog‘liq holatlarning 84 foizi Eron, Saudiya Arabistoni, Iroq va Pokiston hissasiga to‘g‘ri keladi. Shunga qaramay, o‘tgan yili o‘lim jazosi bilan bog‘liq holatlar Eronda 31 foiz, Pokistonda esa 11 foiz kamaygan.

«Amnesty International»ning hisob-kitoblariga ko‘ra Belarusning bu boradagi yutuqlari anchayin salmoqli. 2017-yilda mamlakatda oldingi yillarga nisbatan o‘lim jazosi yarmiga kamaygan. Shuningdek, Misr ham bu borada yaxshi natijalarga erishgan. Mamlakatda o‘lim jazosi 20 foiz kamaygan. Ammo AQShda bu ko‘rsatkich 2016-yilga nisbatan yuqori bo‘lgan. Mamlakatda 2017-yilda 41 ta o‘lim jazosi bilan bog‘liq holat qayd etilgan. 2016-yilda esa 1973-yildan buyon eng kam miqdor qayd etilgan edi: 32 ta. AQSh o‘lim jazosi eng ko‘p qo‘llanadigan davlatlar orasida 8-o‘rinda bormoqda.

Sahroi kabir janubidagi Afrika davlatlari ham bu borada yaxshigina yutuqlarga erishmoqda. Gvineya mintaqadagi o‘lim jazosini bekor qilgan 20-davlatga aylandi. Gambiya esa o‘lim jazosini qo‘llamaslik va uni bekor qilishga chorlovchi xalqaro protokolni imzoladi.

Bugungi kunda dunyodagi 195 davlatdan 142 tasi o‘lim jazosini qonun yo‘li bilan yoki amalda bekor qilgan. Shulardan 106 tasida bu jazo butunlay bekor qilingan.

O‘zbekistonda ham 2008-yildan o‘lim jazosi butunlay bekor qilingan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring