Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Dunyodagi eng qudratli flot kimga tegishli?

Dunyodagi eng qudratli flot kimga tegishli?

Foto: «RIA Novosti»

«The National Interest» jurnali dunyodagi eng qudratli beshta harbiy-dengiz flotini ma’lum qildi: Ular orasida AQSh, Xitoy, Rossiya, Buyuk Britaniya va Yaponiya bor.

Birinchi o‘rinni Amerika harbiy-dengiz kuchlari egalladi. Maqola muallifining ta’kidlashicha, AQSh dunyodagi har qanday flotdan ko‘ra ko‘proq kemalarga ega.

— Boshqa birorta ham harbiy-dengiz floti AQSh harbiy-dengiz kuchlari kabi bu qadar global qamrovga ega emas. Ular Tinch, Atlantika va Hind okeanlari, shuningdek, O‘rtayer dengizi va Fors ko‘rfazida munatazam harakat qiladi, — deydi u. Amerika floti, nashrning yodga olishicha, 10 ta avianosets, 9 ta desant kemasi, 22 ta kreyser, 62 ta esminets, 17 ta fregat va 72 ta suvosti kemalariga ega.

Ro‘yxatning ikkinchi pog‘onasidan Xitoy harbiy-dengiz floti joy oldi. Xitoy floti rivojlanishiga mamlakat iqtisodiyotining yuksalishi turtki berdi. 1989-yildan buyon mudofaa budjeti qariyb o‘n baravar oshdi, deb ta’kidlaydi «The National Interest». Ayni vaqtda Xitoy 1 ta avianosets, 3 ta desant transporti, 25 ta esminets, 42 ta fregat, 8 ta atom va taxminan 50 tacha oddiy suvosti kemalari mavjud.

Ro‘yxatdagi uchinchi o‘rinni Rossiya harbiy-dengiz floti egalladi. Muallifning yozishicha, Rossiya an’anaviy ravishda quruqlikdagi qudratli kuch hisoblanishiga qaramay, u sovet flotining kattagina qismini meros qilib olgan. Shu bilan birga, yangi kemalar asta-sekin safga qo‘shilmoqda, shuningdek, eskilari zamonaviylashtirilmoqda. Rossiya floti tarkibida 79 ta yirik kema, jumladan, 1 ta avianosets, 5 ta kreyser, 13 ta esminets va 52 ta suvosti kemasi mavjud.

To‘rtinchi o‘rindan Buyuk Britaniya Qirollik harbiy-dengiz floti joy oldi. Mamlakatning boshqa qurolli kuchlari singari Britaniya floti ham so‘nggi yillarda izchil pasayishga duchor bo‘lmoqda, deb yozadi nashr. Ayni vaqtda Buyuk Britaniya harbiy-dengiz kuchlari 3 ta katta desant kemasi, 19 ta fregat va esminets, 7 ta zarbdor atom suvosti kemasi va 4 ta ballistik raketali suvosti kemasiga egalik qiladi.

Yaponiya mudofaa dengiz kuchlari beshinchi o‘rinni egalladi. Kunchiqar yurt floti tarkibida 114 ta kema, jumladan, 46 ta esminets bor. 16 ta kemadan iborat Yaponiya suvosti floti esa dunyodagi eng yaxshilaridan biri sanaladi, deb yozadi «The National Interest».

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring