Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Dunyodagi o‘g‘irlangan milliardlar reytingi: Gulnora Karimova nechanchi o‘rinda?

Dunyodagi o‘g‘irlangan milliardlar reytingi: Gulnora Karimova nechanchi o‘rinda?

Foto: «Sputnik»

Yaqinda Rossiya sobiq iqtisodiy rivojlanish vaziri Aleksey Ulyukayev 2 mln. AQSh dollari pora olayotganda qo‘lga tushib, mahkamaga tortildi va 8 yil qamoq jazosiga hukm qilindi. Rossiya tarixida vazirning sudlanishi noyob voqea bo‘lsa-da, dunyo miqiyosida yirik davlat arboblarining poraxo‘rlik ortidan qamalishi tez-tez uchrab turadigan hodisa.

1. Xitoy. Qatldan ham qo‘rqishmaydi

2007-yilda Xitoyda oziq-ovqat va dori vositalari ishlab chiqarish ustidan nazorat qilish boshqarmasi raisi Chjen Syaouy hibsga olindi. U litsenziyalar berishda pora olavergan va faoliyati davomida noqonuniy tarzda «arzimas» 780 ming dollar daromad ko‘rgan. Lekin qat’iy Xitoy qonunlariga ko‘ra, u o‘lim jazosiga tortildi.

2. Ispaniyadagi 95 poraxo‘r

2010-yilda Ispaniyada katta korrupsion janjal ko‘tarildi va turli darajadagi 95 amaldor hibsga olindi. Ular orasida ikki nafar sobiq mer, shahar kengashi a’zolari, yirik tadbirkorlar bor edi. Umumiy hisobda ular davlatning 902 million dollar pulini «yeb» yuborganlikda ayblandilar.

3. Moldova bosh vaziri o‘g‘irlagan milliard

O‘zi kichkinagina, umumiy budjeti 7,5 milliard dollar bo‘lgan Moldova uchun 1 milliard dollarning yo‘qolishi katta iqtisodiy muammolar keltirib chiqardi. 2015-yilda bo‘lib o‘tgan bu mojaro ortidan minglab kishilar Kishinyov va boshqa shaharlarda norozilik namoyishlariga chiqdilar. Oxir-oqibat davlat g‘aznasidan o‘marilgan milliard bo‘yicha davlatning amaldagi bosh vaziri Vlad Filat ayblanib, jazoga tortildi. Lekin o‘sha pullar baribir topilmadi.

4. Germaniyada ham bor...

Bir qarashda poraxo‘rlik umuman tugatilgan Germaniyada ham korrupsion mojaro ko‘tarilganiga nima deysiz? Turli-tuman mahsulotlari bilan dunyo bo‘ylab nom qozongan Siemens kompaniyasi vakillarining offshor hududlarga va Shveysariya banklariga 420 million yevroni olib chiqib ketishi nafaqat bu kompaniyaning, balki butun Germaniyaning obro‘siga salbiy ta’sir qildi. Shundan keyin kompaniyaning 230 nafar turli darajadagi amaldorlari ishdan haydaldi.

5. Atomlar va milliardlar

Rossiya maxsus xizmati xodimlari «Rosenergoatom» davlat kompaniyasining bir nechta poraxo‘r amaldorlari 20 mlrd. rublni jig‘ildonlariga urishganini aniqlashgan. Bular yirik va murakkab ob’yektlar qurilishlarida yuqori malakali mutaxassislar o‘rniga oddiy ishchilarni ishlatib, shuncha pulni o‘zlashtirib yuborishgan.

6. Olimpiadalar ham yaxshi o‘lja

Shuningdek, Sochi olimpiadasi qurilishida ham 17 mlrd rubl talon-toroj qilingani bo‘yicha jinoiy ishlar ochilgan. O‘tkazilishi kutilayotgan JCh-2018 uchun stadionlar qurilishi bo‘yicha ham anchagina gap-so‘zlar bor.

7. FIFA va Shveysariya

Yozef Blatter va Mishel Platinining FIFAdagi qing‘irliklar ortidan 150 million dollarni o‘zlashtirganlari to‘g‘risidagi xabar nafaqat futbol ishqibozlarini, balki butun dunyoni hayratga soldi. Ularning aybi hali sud tomonidan isbotini topmagan bo‘lsa-da, keyinchalik futbolning ikki buyuk korchaloni sohadan butunlay chetlashtirildi.

8. AQSh ham chetda emas

2013-yili Pentagon o‘z harbiy kemalariga turli davlatlarda texnik xizmat ko‘rsatish uchun 200 million dollarlik shartnomalar imzolaydi. Eng qizig‘i, bu mablag‘ning 150 millioni harbiy amaldorlarning hamyonini qappaytiradi. Ular porani nafaqat pul shaklida, balki turli ko‘ngilochar tadbirlar, sayohatlarga yo‘llanmalar, yengiltak juvonlar shaklida ham qabul qilishadi. Birgina Tailandning o‘zida 9 million dollar o‘marilgani aniqlanadi.

9. Chexiyadagi 10 kg. oltin

Chexiyadagi yirik pora bilan bog‘liq shov-shuv 2013-yilda boshlandi. O‘shanda bir nechta amaldor, deputatlar va hatto bosh vazirning maslahatchisi Yan Nadov qo‘lga olindi. Ularning uy-joylari tintuv qilinganida 7 million AQSh dollari va 10 kilogramm sof oltin topildi. Amaldorlar porani “yog‘li” joylarga ishga joylashtirish uchun olishgani ma’lum qilindi.

10. Yana Rossiya...

Skolkovo ilmiy markazi qurilishida deputat Ilya Ponomaryov 750 ming dollarni pora sifatida olganligi to‘g‘risida anchagina shov-shuv ko‘tarilgan bo‘lsa-da, vaziyat sudgacha bormadi. Tez orada 2007-yildan 2015-yilgacha Saxalin gubernatori vazifasida ishlagan Aleksandr Xoroshavinning uyidan 1 milliard rubl naqd pul, Moskvadagi kvartirasidan 800 tadan ortiq zargarlik buyumlari topildi va buning soyasida qolgan oldingi mojarolar bosilib ketdi. Gubernator 5,6 million dollar pora olganlikda ayblanib hibsga olindi.

Bu xorijda e’lon qilingan korrupsion mojarolar. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan 28.07.2017-yilda tarqatilgan xabarga asoslanadigan bo‘lsak, vatandoshimiz Gulnora Karimova yetakchiligidagi guruh tomonidan qayd etilgan jinoyat ishlari bo‘yicha davlat va fuqarolar manfaatlariga yetkazilgan zararning umumiy summasi 1 trln. 270 mlrd. 200 mln. so‘m, 1 mlrd. 651,8 mln. AQSh dollari, 26,1 mln. yevro (milliy valyutada jami 3 trln. 746,8 mln. so‘m)ni tashkil etadi. Gulnora Karimovaga AQSh hukumati tomonidan ham sanksiyalar joriy qilingan, jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining 2015-yil 21-avgustdagi hukmi bilan G.Karimova ayblanayotgan jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan va unga 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring