Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Dushmanimning dushmani mening do‘stimdir». Kim Chen Inning Rossiyaga tashrifidan keyingi mulohazalar

«Dushmanimning dushmani mening do‘stimdir». Kim Chen Inning Rossiyaga tashrifidan keyingi mulohazalar

Foto:«Grand Island Independent»

Kim Chen In 25-aprel kuni Vladivostokda Vladimir Putin bilan uchrashdi. Bu Shimoliy Koreya rahbarining Putin bilan ilk uchrashuvi bo‘ldi. Kim Chen In KXDR va Rossiya o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni yanada mustahkamlash niyatida ekanligini bildirgan.

Kim Chen In Vladivostokda 26-aprelgacha qolib, u uchun muhim bo‘lgan bir necha, jumladan o‘z vaqtida bobosi Kim Ir Sen bo‘lgan joylarga tashrif buyurishni rejalashtirmoqda. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, Shimoliy Koreya yetakchisi Primore okeanariumida va shaharning boshqa diqqatga sazovor joylarida ham bo‘ladi.

Eski ittifoqchilarning ushbu uchrashuvi fevral oyida Vetnamda besamar yakunlangan Kim Chen In va AQSh Prezidenti Donald Tramp muzokaralari ortidan Shimoliy Koreya uchun o‘ta muhim bir vaqtda tashkil etilmoqda. Xo‘sh, ikki tomon qanday masalalarni muhokama qilishni rejalashtirgan? Sobiq Sovet Ittifoqi Shimoliy Koreyaning eng yirik ittifoqdoshi sifatida Pxenyanga turli jabhalarda, jumladan, yadroviy dasturni ishlab chiqishda yordam qo‘lini cho‘zgan edi. Biroq Sovet Ittifoqi parchalangandan so‘ng Rossiya va Shimoliy Koreya munosabatlari bir joyda depsina boshlagan. Mafkuraviy rishtalar oddiy savdo aloqalari darajasiga tushgan.

Biroq savdo-sotiq bo‘yicha hamkorlikda Shimoliy Koreya Rossiyani o‘ziga tortuvchi bozorga aylana olmagan. Pxenyanning Rossiya mahsulotlarini dunyo bozoridagi narxlarda sotib olishga qurbi yetmaydi. Rossiyaning G‘arb bilan munosabatlari 2000-yillardan bosqichma-bosqich sovuqlasha borishi ortidan Moskva o‘ziga xayrixoh davlatlarga qaytadan e’tibor qarata boshladi. Ya’ni Moskva «dushmanimning dushmani mening do‘stimdir» mantig‘iga asoslangan holda harakat qilmoqda.

Rossiya va Shimoliy Koreya o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuvlar oxirgi marta 2011-yili o‘tkazilgan. O‘shanda sobiq prezident Dmitriy Medvedev Kim Chen Inning otasi Kim Chen Ir bilan uchrashgan edi. Ikki o‘rtadagi munosabatlar geosiyosiy omillar sababli ahamiyatlidir — Rossiyaning sharqdagi muhim Vladivostok port-shahridan uncha uzoq bo‘lmagan hududi Shimoliy Koreya bilan qisman chegaradosh. Shuningdek, Rossiya tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, mamlakatda 8 mingga yaqin shimoliy koreyalik mehnat muhojirlari mavjud. Ular vataniga hayotiy muhim ahamiyatga ega mablag‘ jo‘natib turadi. Ammo BMT joriy etgan sanksiyalar ostida bu ishchilar yilning oxiriga qadar ortga jo‘natib yuborilishi rejalangan.

Foto:«Foto:«Grand Island Independent»»

Vetnamda o‘tgan Kim-Tramp sammiti Shimoliy Koreyaning yadro dasturini tugatish bo‘yicha biror kelishuv yoki ijobiy oldingi siljishsiz yakun topdi. Kim Chen In Prezident Trampdan yadro dasturini tugatish evaziga AQSh o‘z mamlakatiga qo‘ygan barcha sanksiyalarning olib tashlanishini talab qilgan edi, ammo Tramp bunga rozi bo‘lmadi. Boz ustiga, Shimoliy Koreyaga qarshi joriy etilgan xalqaro sanksiyalar yillar davomida mamlakat iqtisodiyotiga jiddiy zarar yetkazdi. AQSh bilan murosa qilmay turib, Shimoliy Koreya sanksiyalar iskanjasidan xalos bo‘la olmaydi. Shu sababdan Shimoliy Koreya o‘z maqsadiga yetishda har qanday xalqaro ta’sir kuchiga ega davlat bilan munosabatlarni yaxshilashga muhtojdir. Hatto, ramziy diplomatik ko‘mak ham Pxenyan foydasiga ishlashi mumkin.

Shimoliy Koreya AQShga «o‘z qobig‘iga o‘ralib olmagani»ni namoyish qilishga urinmoqda. Agar Pxenyan hanuz qudratli davlatlar qo‘lloviga ega ekanini namoyon eta olsa, bu AQSh va Xitoy bilan muzokaralarda Shimoliy Koreyaga sezilarli ta’sir kuchini qo‘lga kiritishga imkon yaratadi. Rossiya bu yo‘lda Pxenyan uchun jozibali makondir. Kim Chen In qudratli davlatlar ishonchini to‘la qozonishi zarur. U Shimoliy Koreyaning iqtisodiy manfaatlari yo‘lida hamda o‘z tuzumining yashab qolishi uchun yuqori darajali diplomatik o‘yinlar olib borishga usta. O‘tgan hafta Vashingtonga bosim o‘tkazish maqsadida Pxenyan o‘zining ballistik raketalar sinovini qaytadan boshlagan edi.

Shimoliy Koreyaning strategiyasi doimo bir-biri bilan ziddiyatli qudratli davlatlar o‘rtasida o‘yin o‘ynash va shu yo‘l bilan o‘ziga kerakli imtiyozlarga erishishdan iborat bo‘lgan. Rossiya bilan muzokara olib borish Pxenyanga Xitoy va AQShga qarshi o‘ynashda qo‘l keluvchi qartaga aylanishi mumkin.

Prezident Putin bir qancha vaqtdan buyon Shimoliy Koreya rahbari bilan uchrashishga ishtiyoqmand ekanini bildirib keladi. Prezident Tramp va Kim Chen In o‘rtasida o‘tkazilgan ikki uchrashuvni ham Kreml bir chetdan kuzatdi. Vetnamdagi sammit muvaffaqiyatsizlikka uchraganidan so‘ng, endilikda Putinda Moskvani o‘yin maydoniga qayta kiritish imkoni tug‘ilmoqda. Vaholanki, Rossiya o‘zining avvalgi suder derjava maqomini qaytarish istagida ekan, har bir mintaqada faolligini oshirish talab etiladi.

AQSh va Xitoy kabi Rossiya ham Shimoliy Koreyaning yadroviy qudratga ega davlatga aylanishiga hohish bildirmaydi. Moskva 2000-yillarning boshida Pxenyanni tinchlantirishga qaratilgan olti tomonlama muzokaralarda ishtirok etgan, lekin bu harakatlar besamar ketgan. Har holda Shimoliy Koreya muammosini hal etishda ishtirok etish Rossiya uchun xalqaro obro‘ masalasi hamdir. Moskva yon qo‘shnisining xalqaro ahamiyatga ega muammolarini yechishda chetda qolib ketishni o‘zi uchun sharmandalik, deb biladi.

Taxmin qilish mumkinki, Putin va Kim Chen In uchrashuvida biror yirik kelishuv yoki ikkala mamlakat uchun ahamiyatli shartnomalar imzolanmaydi. Xalqaro e’tirofga sazovor bo‘lishdan tashqari Shimoliy Koreyaning asosiy e’tibori moliyaviy ko‘makka ega bo‘lishga qaratilgan. Mamlakatning iqtisodiy ahvoli o‘ta og‘ir va Pxenyan sanksiyalarning yumshatilishini juda istamoqda. Shuningdek, u beminnat moliyaviy yordam olishdan ham umid qilmoqda.Biroq Kim Rossiyadan quruq qo‘l bilan qaytishining ehtimoli ko‘proq.

Moskva Shimoliy Koreyani ishonch bildirib bo‘lmaydigan, beqaror va tizginsiz davlat sifatida ko‘rganidan uni qo‘llashga ko‘p pul ajratish niyatida emas. Qrim masalasi ortidan qo‘yilgan sanksiyalar tufayli Rossiya iqtisodiyoti qiyin vaziyatda. Bu uchrashuv Tramp ma’muriyati va Janubiy Koreyaga yo‘llangan ishora bo‘lishi mumkin. Shimoliy koreyaliklar AQSh bilan o‘tgan sammit muvaffaqiyatsizlikka uchraganidan yaxshi xabardor. Shu sababdan Rossiyaga tashrif mamlakat fuqarolariga «tomosha» sifatida xizmat qiladi.

«Iqtisodiy rishtalarga kelganda esa, Rossiya Shimoliy Koreyani deb BMT Xavfsizlik Kengashi sanksiyalarini buzishga jur’at etmaydi. Eng yaxshi holatda, Moskva ayrim kichik sanksiyalarning buzilishiga ko‘z yumishi mumkin. Shimoliy Koreya Rossiya mahsulotlari uchun jozibador eksport bozori emas. Bu Moskvaning sanksiyalar iskanjasida qolayotgan mazkur mamlakatga biror sezilarli yordam bermasligini anglatadi. Ko‘pi bilan bu uchrashuv chiroyli so‘zlar va va’dalar bilan tugaydi. Quruq gap va amalda arzimas natija bilan. Rossiyaning o‘zi xalqaro sanksiyalardan aziyat chekmoqda. Bunday vaqtda Moskva o‘ta ishonchsiz davlat uchun pul ajratmaydi. Biroq Primoredagi Tumannaya daryosi uzra avtomobil ko‘prigi qurilishi haqida so‘z borishi mumkin. Oldin xalqaro yo‘lovchi tashish uchun Rossiya samolyotlarini yetkazib berish imkoniyati muhokama etilgandi. Gaz quvuri qurish va temir yo‘l qurish haqida ham so‘z borgan bo‘lishi ehtimoli yuqori.

Aslida Shimoliy Koreyaning yillar davomida qilib kelgan do‘q-po‘pisalari ortidan ko‘pchilik uning asl harbiy qudratiga ortiqcha baho berib yuboradi.

Avstraliyada joylashgan Lovi Instituti Osiyodagi qudratlar reytingida Shimoliy Koreyani 25 davlat ichidan 17-o‘ringa qo‘ygan. Asia Power Index nomli ushbu reytingda mintaqa davlatlarining harbiy, iqtisodiy va madaniy imkoniyatlari chuqur tahlildan o‘tkazilgan. Shimoliy Koreyaning harbiy imkoniyatlari va qudrati borasida noto‘g‘ri tasavvur shakllanib qolgan. U yadro quroliga ega davlat bo‘lishiga qaramay, iqtisodiy jihatdan anchayin qoloqdir.

Qizig‘i shundaki, tashqi dunyoga ta’sir qilishda, asosan, harbiy kuchiga tayanadigan bu davlat xalqaro munosabatlarda yon berishlarga yo‘l qo‘ymaslikka tirishadi. Ehtimol, Shimoliy Koreya Osiyodagi harbiy jihatdan eng qudratli davlatlardan biridir, ammo u sifatdan ko‘ra songa urg‘u berishni ma’qul ko‘radi.

Mamlakat armiyasi, harbiylashgan jamiyat bo‘g‘inlarini ham qo‘shib hisoblaganda, 1,4 millionni tashkil qiladi. Bu mehnatga layoqatli aholining 8 foizi harbiy sohada faoliyat yuritadi, deganidir. Faqatgina Xitoy, Rossiya va Hindiston armiyasi Shimoliy Koreyanikidan kattaroq. Qiyoslaydigan bo‘lsa, aholisi ikki barobar ko‘p Janubiy Koreyadagi askarlar soni Shimoliy Koreya armiyasining yarmiga teng. Pxenyan ixtiyorida ko‘p sonli jangovar tanklar va, hatto 70 chog‘li eski suvosti kemalaridan iborat flot mavjud. Biroq zamonaviy dunyoda katta sonli armiya qo‘shini va boshqa mintaqa davlatlarini cho‘chitish uchun yetarli emas. Ammo Shimoliy Koreyaning qit’alararo ballistik raketalar va yadro quroli qo‘shnilarga xavf soladi.

Shunga qaramay, butun mamlakatni harbiy holatda tutib turish Shimoliy Koreya uchun ancha qimmatga tushadi. AQSh Qurollar nazorati, tekshiruv va muvofiqlashtiruv byurosining taxminiy hisob-kitoblariga ko‘ra, mamlakat harbiy soha uchun yalpi ichki mahsulotning 24 foizini sarflab kelmoqda. Pxenyan rejimining 70 yillik faoliyati davomida aholi ongiga singdirilib kelingan atrofni istalgan paytda mamlakatga bostirib kirishga shay xorijliklar egallab olgan qabilidagi qarash o‘ziga xos qamal tafakkurining shakllanishiga olib kelgan. Shu sababdan shimoliy koreyaliklar iqtisodiy tanglik kuchaygan bir vaqtda ham harbiy sohaga sarflanayotgan ulkan mablag‘larga nisbatan zarracha e’tiroz bildirmaydi. Shu sababli ham Shimoliy Koreyada harbiy sohadan tashqari barcha sektorlarning rivojlanishi botqoqqa botgan.

CNBC.com

Rivojlanish jadallashayotgan dunyoda Shimoliy Koreya bir joyda depsinib turibdi. Mahalliy narxlardan xulosa qilinsa, Shimoliy Koreyaning iqtisodiyoti Janubiy-Sharqiy Osiyodagi eng qashshoq mamlakatlardan biri bo‘lmish Laosniki bilan deyarli bir qatorda turadi. Biroq Laos aholisi Shimoliy Koreyanikidan to‘rt barobarga kam. Shimoliy koreyalik ishchilarning mehnat samaradorligi Osiyoda eng quyi pog‘onalarda turadi. Tabiiy zaxiralar ham u qadar ko‘p emas. Oziq-ovqat, qayta ishlangan metallar va yonilg‘i, asosan, tashqaridan olib kelinadi. Mamlakatning eng muhim eksport mahsuloti esa briketlangan ko‘mir hisoblanadi.

Pxenyanning diplomatik va iqtisodiy aloqalari abgor holda. Lovi Instituti olib borgan tadqiqotdan ayon bo‘lishicha, Shimoliy Koreyaning 2015-yilda mintaqa davlatlari bilan olib borgan savdo aloqalari taxminan 6 milliard dollarni tashkil qilgan. Bu Janubiy Koreyaning ayni ko‘rsatkichining atigi bir foiziga tengdir. Shimoliy Koreyaning dunyo bo‘ylab 46 ta elchixonasi mavjud va bu elchixonalar bir necha bor g‘ayriqonuniy faoliyat yuritishda ayblangan. Shimoliy Koreya dunyodan butunlay ajralib qolmagan. Uning bir necha yaqin do‘stlari ham bor. Masalan, yonginada joylashgan qo‘shni Xitoyni olaylik. Ikkala davlat o‘zaro mudofaa shartnomasini imzolagan bo‘lib, ulardan biri tashqi hujumga uchraganda ikkinchisi harbiy ko‘mak ko‘rsatish majburiyatini oladi. Iqtisodiy jihatdan, Xitoy tom ma’noda Shimoliy Koreyaning jon tomiridir. O‘zaro savdo Shimoliy Koreya tashqi savdo aylanmasining 87 foizini tashkil qiladi, deyiladi Lovi Instituti olib borgan o‘rganishlar natijasida. BMT Shimoliy Koreyaga nisbatan sanksiyalar joriy qilganda Xitoyni ularni qo‘llab-quvvatlagan, ammo, katta ehtimol bilan, qo‘shnisiga qarshi ishlab chiqilgan jazo choralarini imkon qadar yumshatishga ham intilgan. Xitoy uchun tartibsizlik hukm suruvchi Shimoliy Koreya kerak emas. Agar Kim rejimi qulasa va mamlakatda beqarorlik boshlansa, Xitoyning chegaralari qochoqlar bilan to‘lib ketadi. Shu sababli rasmiy Pekin hozirgi holat saqlanib qolinishidan manfaatdor. Shimoliy Koreya tinimsiz o‘zgarishlarga yuz tutayotgan dunyoda o‘zgarishsiz qolishning uddasidan chiqa olgan bo‘lsa ham, uni xalqaro ta’sirga ega davlat, deb bo‘lmaydi. Janub kabi Shimoliy Koreya ham butun Koreya yarimorolining qonuniy boshqaruviga da’vogarlik qiladi. Biroq u janubiy qo‘shnisidan ko‘ra anchayin zaif. Qolaversa, Janubiy Koreya AQSh bilan mudofaa shartnomasiga ega va ikki davlat ittifoqchi sanaladi. Boz ustiga, Seulning iqtisodiy ta’siri butun Osiyoga kuchli yoyilgan. Janubiy Koreya mintaqadagi muhim investorlardan biridir. Madaniy jihatdan ham Janubiy Koreya ko‘p ta’sirga ega. Teleseriallar Seulning o‘z madaniy ta’sirini mamlakat sarhadlaridan tashqariga yoyishida muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi. Yiliga 15,7 million sayyoh Janubiy Koreyaga tashrif buyuradi. Qiyoslash uchun: atigi 1,4 million xitoylik sayyoh har yili Shimoliy Koreyaga boradi. Bundan so‘ng Pxenyan qanday yo‘l tutishi mumkin? AQSh prezidenti bilan ikki marta uchrashishga muvaffaq bo‘lgan Kim Chen In yaxshi rol ijro etgan ko‘rinadi. U Singapur va Vetnamning yutuqlarini maqtab, Shimoliy Koreya rivoji uchun tajribalar o‘rganib ketishga va’da bergan edi. Biroq u butun dunyo e’tiborida bo‘lgan masala — yadrosizlantirishning aniq muddatini belgilashga rozi bo‘lmadi.

Agar Pxenyan rejimi yadro qurolidan voz kechgandan so‘ng omon qolishiga ko‘zi yetsa va iqtisodiy o‘sish yo‘lini tanlasa, u holda uning eng yaqin hamkori, shubhasiz, Janubiy Koreya bo‘ladi. Ammo qanchayin iqtisodiy erkinlikka zo‘r bermasin shimolliklarning Janubiy Koreyaga yetib olishiga bir necha o‘n yillab vaqt ketadi.

Abduvali Saybnazarov

Manba: «O‘zA»

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring