Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ektor Kuper: «Maqsadimiz Osiyo chempionatida g‘alaba qozonish»

Ektor Kuper: «Maqsadimiz Osiyo chempionatida g‘alaba qozonish»

Foto:«Ufa.uz»

Bugun O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasida O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuper bilan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Ektor Kuper Osiyo kubogiga olib borilayotgan tayyorgarlik jarayoni, bo‘lib o‘tgan yig‘inlar xususida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi:

«Avstraliyada o‘tkazgan yig‘inimizda bo‘lib o‘tgan uchrashuvlardagi natijalar ijobiy bo‘lmaganini ta’kidlay olaman. Lekin o‘rtoqlik o‘yinlari va yig‘inlar mavjud muammoalarni ko‘rib, bilib olish uchun yaxshi imkoniyat hisoblanadi. Sekin-asta mana shu kamchiliklarni bartaraf etgan holda Osiyo kubogiga yaxshi hozirlik olib borishga urinamiz. Osiyo kubogidan umidlarimiz katta. Maqsadimiz qit’aning bosh musobaqasida g‘alaba qozonish.

Shuni alohida ta’kidlashim joizki, men har qanday o‘rtoqlik o‘yini yoki rasmiy uchrashuvga bir xil yondoshaman. Lekin o‘rtoqlik o‘yinlarining yaxshi jihati shundaki, o‘zingizda mavjud imkoniyatdan kelib chiqib, yangi taktikalarni sinab ko‘rish mumkin. Balki mening o‘yin uslubim kimgadir yoqmayotgan bo‘lishi mumkin. Agar o‘zim xato qilganimga amin bo‘lsam, o‘z uslubimni o‘zgartirishim ham mumkin. Men buni to‘g‘ri qabul qilaman.

Osiyo kubogiga tarkib tanlashda urg‘u faqatgina noyabrda bo‘lib o‘tgan yig‘inda qatnashgan futbolchilarga qaratilmaydi. Shu paytga qadar tashkil etgan barcha yig‘inlar davomida bir qator futbolchilarni o‘z ko‘z ostimizga olib qo‘yganmiz. Qolaversa, hali oldinda yana bitta o‘quv-mashg‘ulot yig‘inimiz mavjud. Muxlislarimiz Osiyo kubogiga boradigan tarkibda umuman yangi nomlarni ko‘rishlari ham mumkin bo‘ladi.

Qanday taktika asosida maydonga tushishimiz haqida gapirib o‘tirmagan bo‘lar edim. Asosiysi muxlislar uchun qayd etiladigan natija muhim. Biz ham mavjud tarkibdan kelib chiqqan holda, zarur taktik uslubda o‘z o‘yinimizni shakllantiramiz. Eng muhimi - o‘yinimizda muvozanat bo‘lsa bo‘lgani. O‘yinchilar men talab qilayotgan jihatlarni bajarishga qodir. Ularning mahorati mening talablarimni bajarishga yetishiga ko‘zim yetyapti. Agar mening talablarim yigitlarga mos kelmasa, men o‘z talablarimni o‘zgartirishim ham mumkun. Men hech qachon o‘z talablarimda qattiq turib olmayman, agar zarur bo‘lsa uni yigitlarga moslashtirishim ham mumkin.

Har bir jamoada ham o‘z asosiy uslubi bilan bir qatorda zaxira variantlari ham mavjud bo‘lishi kerak. Lekin zaxira variantlari soni ko‘payib ketishi ham yaxshi emas. Balkim noyabrdagi yig‘inlardan so‘ng ba’zilarda salbiy taassurotlar uyg‘ongandir. Lekin men optimistik ruhdaman va Osiyo kubogiga g‘alaba qozonish niyatida yo‘l olamiz.

Ba’zan mag‘lubiyatlardan so‘ng hammada kayfiyat tushib ketadi. Lekin men murabbiylik faoliyatim davomida bunaqa vaziyatlarni ko‘p ko‘rganman. Ideal jamoa bo‘lish qiyin. Nasib etsa, hali oldinda yaxshi o‘yinlar va chiroyli g‘alabalarga guvoh bo‘lamiz», deya o‘z fikrlarini bildirdi Kuper.

Ochiq muloqot tarzida o‘tgan matbuot anjumani so‘nggida terma jamoamiz muxlislari ham murabbiyga o‘z savol va tilaklari bilan murojaat etishdi. Matbuot anjumani so‘nggida barcha milliy terma jamoamizga yaqinlashib kelayotgan Osiyo kubogida muvaffaqiyatli ishtirok tiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring