Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Yengil kasallikning og‘ir asoratlari»: Koronavirusni o‘rgangan braziliyalik olimlardan jiddiy bayonot

«Yengil kasallikning og‘ir asoratlari»: Koronavirusni o‘rgangan braziliyalik olimlardan jiddiy bayonot

Foto: «Infox»

Koronavirus (COVID-19) bemorlarida kelgusida Alsgeymer, Parkinson va shizofreniya kabi kasalliklarga duchor bo‘lish xavfi keskin oshib ketadi. Braziliyalik olimlarning «medRxiv»da e’lon qilingan maqolasida shunday xulosaga kelingan.

San-Paulu universiteti, Rio-de-Janeyro universiteti, Braziliya biologiya fanlari milliy laboratoriyasining 60 dan ortiq olimlari tadqiqot o‘tkazgan.

Bu shu paytgacha kam tilga olingan mavzu. Tadqiqotchilarga ko‘ra, koronavirus bosh miya qobig‘idagi neyronlarni halok etadi. Hatto kovidning yengil formasiga yo‘liqqanlarda ham. Va katta ehtimol bilan kasallikni simptomlarsiz o‘tkazib yuborganlarda.

Bosh miyada neyronlar nobud bo‘lishining sababi qonning kislorod bilan yetarlicha ta’minlanmasligidir. Bu esa miya uchun zararli.

Koronavirusni og‘ir formada o‘tkazuvchilar uchun bu odatiy hol. Mediklar bunday effektni ilgari ham qayd etishgan.

Braziliyalik olimlar COVID-19 yengil kechgan kattagina guruh bemorlarini o‘rganishdi. Ta’kidlanishicha, koronavirus neyronlarni ta’minlovchi va o‘zaro bog‘lanishiga xizmat qiluvchi hujayralar — astrotsitlarga shikast yetkazadi. Astrotsitlar shikastlanishi ma’lum ko‘lamga yetgach, bosh miya qobig‘ida o‘zgarishlar boshlanib, ayrim sohalarida atrofiya (hujayralarning o‘lishi) jarayoni boshlanishigacha olib keladi.

Olimlar kuzatgan guruhda bosh miyaning kayfiyat o‘zgarishiga javob beruvchi sohasida atrofiyaning xavfli simptomlari kuzatilgan.

Ayrim bemorlarda bu simptomlar koronavirusning yengil formasidan qutulganlaridan bir necha oy o‘tib ham qayd etilgan. Eng ko‘p kuzatilgan simptomlar — muntazam bosh og‘rig‘i, xotiraning susayishi, uyquchanlik, hid va ta’m bilishning yo‘qolishi. Ayrim bemorlarda esa ilgari kuzatilmagan sudirgi yuz bergan.

Tadqiqot mualliflariga ko‘ra, koronavirusni yengil o‘tkazgan bemorlarda ushbu simptomlarning ayon bo‘lishi jiddiy tashvishlanish uchun yetarli. Vaholanki, aksariyat bemorlar COVID-19ni shunday o‘tkazib yuborishyapti va virusdan oson qutuldim, deb o‘ylashadi. Bosh miya sohalaridagi atrofiya xavfli kasalliklarga zamin yaratishi mumkin — Alsgeymer, Parkinson va hatto shizofreniyagacha, ta’kidlashgan braziliyalik olimlar.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring