Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Erkinjon Turdimov: «Endi deputatlar saylovchilar bilan zarur bo‘lsa tunu kun ishlaydi»

Erkinjon Turdimov: «Endi deputatlar saylovchilar bilan zarur bo‘lsa tunu kun ishlaydi»

Foto: «Zarnews.uz»

Kecha, 19-iyul kuni Samarqandda xalq deputatlari viloyat kengashining ellik to‘rtinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. «Zarnews.uz» xabar berishicha, sessiyada o‘tgan davrda viloyatda amalga oshirilgan ishlar va yechimini kutayotgan muammolar muhokama qilingan.

Deputatlar yilning ikkinchi yarmida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida shifokorlar va aholi uchun sharoitlar yaratish, oilaviy poliklinika va qishloq vrachlik punktlarini zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash, viloyatda hududlararo 6 ta perinatal markaz tashkil etish, viloyat «Ona va bola skrining markazi»da sitogenetik laboratoriya tashkil qilish lozimligi bo‘yicha takliflarini kiritgan.

Viloyatda yoshlarga oid davlat siyosati, fermer xo‘jaliklarining yer uchastkalaridan foydalanish samaradorligini oshirish, atrof-muhit ifloslanishining oldini olish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va boshqa yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan ishlar va mavjud muammolar yuzasidan hisobot va takliflar sessiyada ko‘rib chiqilgan.

Sessiya yakunida so‘zga chiqqan viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov shunday dedi:

— Qog‘ozbozlik, hisobotbozlik, tadbirbozlikdan endi butunlay voz kechamiz. Har bir rahbar va mas’ul o‘ziga birkitilgan ish uchun javob beradi. Hokimlar haftaning yakshanba kuni, tashkilot rahbarlari payshanba kuni xalq oldida o‘z faoliyati bo‘yicha gazeta, televideniye va radio orqali hisob beradi. Shuning uchun ular o‘z sohasi bo‘yicha tumanlardagi ahvoldan xabardor bo‘lishi, aholining muammosini yechishga tayyor turishi lozim.

Endi deputatlardan ham bevosita deputatlik faoliyati yuzasidan saylovchilar oldidagi hisoboti jiddiy so‘raladi. Ular saylovchilar bilan zarur bo‘lsa tunu kun ishlaydi, muammosini joyida hal etadi. Bajarilgan ishlarni quruq hisobot emas, amalda bo‘lishini ta’minlaydi. Agarda bu tadbirlar xo‘jako‘rsinga qilinsa, ommaviy axborot vositalari orqali barchaga oshkor qilamiz. Maqsadimiz — odamlar davlat rahbarining xalq bilan muloqot qilish talabi bajarilayotganini sezib yashasin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring