Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yevropa bosh diplomati Isroilni ommaviy qirg‘inda aybladi

Yevropa bosh diplomati Isroilni ommaviy qirg‘inda aybladi

Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Isroil harbiylari hujumi oqibatida G‘azodagi maktabda 100 dan ziyod odam halok bo‘lganidan chuqur taassuf bildirdi.

So‘nggi haftalarda G‘azodagi kamida 10 ta maktab Isroil hujumiga nishon bo‘lganini tanqid qilgan YeI bosh diplomati ushbu ommaviy qirg‘inlarni biror asos bilan oqlab bo‘lmasligini ta’kidlagan. Siyosatchi tinch aholi o‘limining oldini olish uchun o‘t ochishni to‘xtatish kerakligini uqtirgan.  

Avval xabar berganimizdek, Isroil armiyasi 10 avgust kuni G‘azo sektoridagi «Al-Tabain» maktabiga bergan zarba oqibatida kamida 100 kishi halok bo‘ldi, o‘nlab odam yaralandi.

Tel-Aviv ma’muriyati maktabda HAMAS harakatining qo‘mondonlik markazi joylashganini iddao qilgan. Falastin harakati buni rad etgan.

WAFA axborot agentligiga ko‘ra, «Al-Tabain» maktabida uy-joyidan ajralgan 6000 ga yaqin falastinlik jon saqlab kelgan.

Falastin tashqi ishlar vazirligi maktabdagi qatliomni keskin qoralagan va bu fojia xalqaro tashkilotlar o‘z vazifasini bajara olmayotgani oqibati ekanini ta’kidlagan. Tashqi siyosat mahkamasi bayonotida qayd etilishicha, Isroil G‘azo sektoridagi boshqa xunrezlik amaliyotlari kabi «Al-Tabain» maktabidagi qatliom uchun ham javob berishi shart.

Turkiya tashqi ishlar vazirligi G‘azo sektoridagi maktabga hujumni insoniyatga qarshi jinoyat deb atagan.

O‘nlab tinch aholi vakillari o‘limiga olib kelgan hujumni arab davlatlari ham qoralagan. Xususan, Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vazirligi Isroildan ommaviy qirg‘inlarni to‘xtatishni talab qilgan.

2023-yil 7-oktyabrda HAMAS hujumiga javoban G‘azo sektoriga bostirib kirgan Isroil armiyasi xalqaro huquqqa ko‘ra daxlsiz sanalgan o‘nlab maktablarga hujum uyushtirib kelmoqda.

2023-yil noyabr oyida Isroil BMTning «Al-Faxura» maktabini bombaladi. Portlash oqibatida kamida 50 kishi halok bo‘ldi, 200 ga yaqin odam jarohatlandi.

2024 yil iyun oyida BMTning falastinliklarga ko‘mak bo‘yicha agentligi tasarrufidagi maktabga raketa zarbasi yo‘llandi. Hujum oqibatida kamida 40 kishi, jumladan, 14 nafar bola va 9 nafar ayol halok bo‘ldi.

Joriy yil iyul oyida esa Isroil BMTning Falastin qochqinlari ishlari bo‘yicha agentligiga qarashli Nuseyrat qochqinlar lageridagi maktabga hujum uyushtirdi. Oqibatda kamida 17 kishi halok bo‘ldi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring