Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yevropa koronavirusga qarshi karantinsiz kurashishga qaror qildi. Xo‘sh, qanday qilib?

Yevropa koronavirusga qarshi karantinsiz kurashishga qaror qildi. Xo‘sh, qanday qilib?

Foto: Google Images

Yevropa koronavirusning ikkinchi to‘lqiniga hozirlik ko‘rmoqda. Bahorgi karantin ko‘hna qit’a iqtisodiyotiga omonsiz zarba berdi. Uzlatnishin hayotning insonlar ruhiyatiga salbiy ta’sirini-ku aytmasa ham bo‘ladi! Falaj holatiga tushib qolgan iqtisodiyotni davlat ko‘magi bilan bilan oyoqqa turg‘azish amrimahol ekani ayon bo‘lib qoldi. Shu bois siyosatdonlar virusga qarshi karantinsiz kurashgan ma’qulligini ta’kidlamoqda. Alhosil, Yevropa mamlakatlari bo‘ylab infeksiyaga qarshi kurashning shvedcha tajribasi qo‘llanishi kutilmoqda.

Shvetsiya pandemiyaning ilk davridanoq keskin karantin cheklovini joriy etmadi. Umumiy ovqatlanish maskanlari, bog‘cha va maktablar faoliyatini davom ettirdi. Garchi bu hol dastlab tanqidiy baholangan bo‘lsa-da, endilikda aksar davlatlar shvedcha usul ma’qul ekanini tan olmoqda.

Pandemiya davrida YeI nafaqat tashqi dunyodan ihotalandi, hatto ittifoqqa a’zo 27 davlat o‘rtasida ham chegaralar yopildi. Bu hol so‘nggi o‘n yillarda kuzatilmagan edi. Misli ko‘rilmagan karantin cheklovlari sabab iqtisodiyotning turli sohalari kasodga uchrayozdi.

Yevroittifoq mamlakatlarining bir yillik iqtisodiy ishlab chiqarishi 14 trillion yevroni tashkil etadi. Koronavirus yillar mobaynida davom etib kelayotgan iqtisodiy o‘sishga chek qo‘ydi.

Yevropaning ikki qudratli arbobi – Fransiya prezidenti Emmanuel Makron hamda Germaniya kansleri Angela Merkel karantin cheklovining zararli jihatlari haqida bayonot berdi. Xususan, Merkel bahorgi karantinn davridagi Yevropa ittifoqining 450 million aholisi uyga qamalganini noxush tushga o‘xshatgan.

Kansler xonim, ayni choqda, kuz va qishda epedemiyaga qarshi kurash ikki karra mushkul kechishini eslatgan va ijtimoiy masofaga rioya qilish, niqob taqish kabi choralar bo‘yicha jazo kuchaytirilishi mumkinligini ham istisno etmagan.

Portugaliya bosh vaziri Antoniu Koshta ham garchi vaziyat mushkul bo‘lsa-da, hukumat mart va aprel oyidagi kabi keskin cheklovlarga qaytmasligini e’lon qildi.

Pandemiyaning ilk to‘lqinidan juda katta yo‘qotishlar bilan chiqqan Italiya ham yalpi karantin tartibiga qaytmaslikni ma’qul ko‘rmoqda. Italiya sog‘liqni saqlash vaziri Roberto Speransaga ko‘ra, hozirda shifokorlar virusga qarshi kurash borasida katta tajriba to‘pladi, test va ko‘rik o‘tkazish jarayoni takomillashdi.

E’tiborli tomoni, shu paytga qadar keskin cheklovlar tarafdori bo‘lib kelgan Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa bo‘yicha mintaqaviy direktori Hans Klyuge ham yalpi karantinsiz kurashishni tavsiya etmoqda.

Qayd etilishicha, mart oyida vaziyat o‘ta mavhum edi. Koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash borasida yetarli ma’lumotga ega bo‘lmagan tibbiyot vakillari ham sarosimaga tushib qolgan edi. Endi esa davolash-muolaja borasida katta bilim va tajriba orttirildi. Ayrim mamlakatlar esa vaksina yaratishga juda-juda yaqin turibdi. Eng muhimi, odamlar ongida ko‘r-ko‘rona qo‘rquv o‘rnini ongli ehtiyotkorlik egalladi. Ta’lim maskanlari ochilgani esa ijtimoiy hayotni eski o‘zanga qaytarish yo‘lidagi dadil qadamdir.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring