Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash uchun nima qilish kerak?

Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash uchun nima qilish kerak?

Foto: «Xs.uz»

Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2018-yil mamlakatimiz hayoti uchun muhim yil sifatida belgilanib, o‘ziga xos nom berildi.

«Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash Davlat dasturi» ishlab chiqilishi arafasida ekan, unda nimalarga e’tibor qaratish kerakligi haqida turkum fikr va takliflar berib borishga qaror qildik.

Tadbirkor uchun to‘g‘ri ishlash qonunni buzib ishlashdan ko‘ra oson bo‘lishi kerak

2017-yilda Jahon banki va Xalqaro moliyaviy korporatsiya tomonidan e’lon qilingan «Doing Business-2018» reytingida O‘zbekiston 74-o‘rinni egallab, bir yil avvalgi ko‘rsatkichdan 13 pog‘ona yuqorilgan edi. Hisobotdagi 10ta indikatorning yarimida sezilarli o‘sish qayd etilgani reytingda ko‘tarilishga asosiy sababchi bo‘ldi.

Infografikada ko‘rib turganingizdek, reytingi ko‘tarilgan indikatorlarning aksariyatida tadbirkorlikka turli aralashuvlar va byurokratiya ta’sirining nisbatan kamayishi, ya’ni, avtomatlashtirilgan tizimlarning joriy etilishi o‘z ta’sirini ko‘rsatgan.

Xususan, biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish indikatori bo‘yicha dunyoda 11-o‘ringa ko‘tarilib olishda 2017-yilning 1-aprelidan tadbirkorlik sub’yektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish va hisobga qo‘yish avtomatlashtirilgan tizimi joriy etilgani muhim rol o‘ynadi. Bu tartib korxonani internet orqali yoki «yagona darcha» markazlarida qisqa vaqtda ro‘yxatdan o‘tkazish imkonini beradi.

Bundan qanday xulosaga kelish mumkin? Tadbirkorlarga to‘g‘ri ishlashiga yo‘l qo‘yilsa, natijalar uzoq kuttirmaydi. Agar o‘zgarishlar qilinmasa, nisbatan past ko‘rsatkichlar saqlanib qolaveradi (xalqaro tijorat (168-o‘rin), qurilishga ruxsatnoma olish (135-o‘rin) kabi indikatorlar).

Yurtimizda tadbirkorlik nima uchun kutilgan darajada rivojlanmayapti? Chunki bu soha vakillarini asossiz ravishda tekshirish holatlari ko‘p. Ochig‘ini aytganda, tadbirkorlikning erkin rivojlanishiga o‘zimiz — davlat idoralari yo‘l qo‘ymayapmiz. Hech kimga kerak bo‘lmagan tartib-taomillar hamon saqlanib qolmoqda, joylarda ko‘pgina amaldorlar faqat o‘z shaxsiy manfaatini o‘ylab ish ko‘rmoqda.

Shavkat Mirziyoyev

Tadbirkor uchun to‘g‘ri ishlash qonunni buzib ishlashdan ko‘ra oson bo‘lsa, u hech qanday tekshiruvchi organdan qo‘rqmaydi. Lekin bizda qonunlar o‘sha tekshiruvchi organlar tomonidan yoziladi. Oliy Majlis deputatlari esa aksar hollarda tayyor qonunni tasdiqlab beradi, xolos.

Shuning uchun, Oliy Majlis deputatlarining qonun tayyorlashdagi professional rolini oshirish zarur, ayniqsa, budjet siyosati, soliq ma’muriyati hamda tekshiruvchi organlar faoliyatiga doir qonunchilikda deputatlar haqiqatda qonunlarni ustida qattiq ishlashi lozim, tayyor qonunga yuz foiz ovoz berib qo‘yavermasdan.

Qabul qilinajak davlat dasturida ushbu yo‘nalishda keskin choralar ko‘rilmasa, Prezidentimiz tomonidan belgilangan vazifalarni sifatli va to‘laqonli amalga oshirib bo‘lmaydi.

O‘ylaymizki, mutasaddi rahbarlar bu fikrlarga bee’tibor bo‘lishmaydi.

Tadbirkor

 

Tahririyatdan: Ushbu mavzuda doirasida yana kimda qanday taklif-mulohazalar bor? Marhamat biz bilan bog‘lanib, o‘z fikrlaringizni yuboring.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring