Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Farzandini sobiq turmush o‘rtog‘iga tashlab ketgan ayol yettinchi marta sudlandi

Farzandini sobiq turmush o‘rtog‘iga tashlab ketgan ayol yettinchi marta sudlandi

Illyustrativ surat

Bu ayol hali o‘ttiz uchga to‘lgani yo‘q. Qachon va nima sabab bu ko‘chaga kirib qolgani  noma’lum. Ma’lumi shuki, hali-hanuz to‘g‘ri yo‘lni topib olganicha yo‘q. Ozmuncha imkoniyat berildimi unga? Mundoq «o‘zini yig‘intirib», tinch-xotirjam yashasa-chi?! Yo‘qsa, o‘zgani chuv tushirish bilan uzoqqa borib bo‘lmasligini necha bor tanida his etdi?!

Xullas, oltiariqlik  Yulduz Qamarova birinchi marta bundan besh yil burun, firibgarlik jinoyati sodir etganda ayblanganda javobgarlikka tortilishi ehtimoli juda yuqori edi. Biroq Amnistiya akti chiqib, real jazodan qutulib qoldi.

Amnistiyaga ilinish bu — aybing yo‘q degani emas. Aksincha, jinoyating — bo‘yingda, biroq davlatning muruvvati tufayli jazodan ozod qilinyapsan deganidir. Shundan ko‘p o‘tmay Yu.Qamarovaning yana bir «ishi» fosh etildi deng. U Buxoroda ham birovni «uxlatib» ketgan ekan: jinoyat ishlari bo‘yicha Kogon tuman sudi uni uch yil axloq tuzatish ishlariga hukm qildi. Bu 2013-yildagi gap. O‘sha yilning o‘zida u yana ikki marta — jinoyat ishlari bo‘yicha Bag‘dod tumani va Jizzax shahar sudlarida o‘tkazilgan sud majlislarining ham «bosh qahramonlari»dan biriga aylandi. Ayblari tasdiqlandi. Uning ayolligi e’tiborga olinib, ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlandiki, shuning o‘zi o‘zini hurmat qilgan ayol uchun tavba qilishga yetib ortmasmidi? Qayoqda! Oradan ikki yil o‘tib, Yulduzxonning yana «eski» kasali qo‘zg‘adi. Yana firibgarlik! Bu safar uning «ishi»ni ko‘rib chiqqan jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Yashnobod tuman sudi ayolni uch yarim yilga «kesvordi»!

Bu hali hammasi emas. Jazoni o‘tab chiqasola o‘g‘rilikka qo‘l urib, yana hibsga olinganiga nima deysiz?! Bu ish Namanganda sodir  bo‘lgan ekan: ke-yetdi yana, salkam 4 yilni  ilib...

Qisqasi, keyingi besh yil ichida olti marta jinoyatga qo‘l urib, turli jazolarga mustahiq etilgan Yu.Qamarovaning burniga suv kirdi, deysizmi? Yo‘q, bo‘ynidagi ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilrog‘i bilan almashtirilib, ochiqqa chiqqan ayol oltiariqlik Madina Qobilovaning bir dona, umumiy tannarxi 6 000 000 so‘mlik «Qashqar baldog‘i»ni «bir taqib ko‘rish» bahonasida olib, qayta qorasini ko‘rsatmadi. Uning bu tariqa «survorgani» yana firibgarlik jinoyatiga qo‘l urganini anglatsa, ikkinchi tomondan, ma’muriy nazoratda bo‘lish qoidalarini qasddan buzib, istiqomat joyini  o‘zboshimchalik bilan tashlab ketgani, bu ham tegishli jazoga  sabab bo‘lishini bildirib turardi... U  qochib ketishi jarayonida «yo‘l-yo‘lakay» Malohat Ermatovani 200 ming so‘mga tushirishga ulgurganiga uncha-muncha tasavvurga sig‘masa kerak...

Qochib qayoqqayam boradi? Firibgarligi bilan ko‘p joylarda otning qashqasidek bo‘lib qolgan ayolni qo‘lga olish tezkor xodimlarga ko‘p qiyinchilik tug‘dirmadi.

Shunday qilib, Yulduz Qamarova yettinchi bor sudlanib, tegishli jazosini oldi.

Yana bir gap. Ayol turmushga chiqqan, bir nafar farzandiyam bor. Ajrashganiga ancha bo‘lgan — bolasini sobiq turmush o‘rtog‘i voyaga yetkazayotir. Tashlab ketgan-da unga. Oxirgi yillarda asosiy yo‘nalishi «qamoq — ozodlik» bo‘lgani uchunmi padari vafot etganida nainki janoza, hatto undan keyin ham  ota uyida ko‘rinmabdi...

Maqolaga so‘nggi nuqta qo‘yishdan avval xulosanamo gaplar aytilarmidi? Keling, shuni nasiya qilaqolaylik. Zero, xulosa har kimning o‘ziga tan. Ya’ni, birni ko‘rib fikr qil, birni ko‘rib shukr qil... 

Inomjon Olimov,
Farg‘ona viloyati Oltiariq tumani IIB huzuridagi
Tergov bo‘limi tergovchisi, leytenant

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring