Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Fidel Kastroning o‘g‘li o‘z joniga qasd qildi

Fidel Kastroning o‘g‘li o‘z joniga qasd qildi

Foto: AP / Franklin Reyes

Kubaning sobiq rahbari — Fidel Kastroning o‘g‘li Fidel Anxel Kastro Dias-Balart o‘z joniga qasd qildi. Bu haqda Kubaning mahalliy «Gramma» gazetasiga asoslanib, «TASS» axborot agentligi xabar berdi.

Matbuotning yozishicha, fizika fanlari  doktori Fidel Anxel Kastro Dias-Balart bir necha oydan beri og‘ir ruhiy zo‘riqish sababli shifokorlar  nazorati ostida bo‘lib kelgan. U 2018-yil 1-fevral kuni ertalab o‘z joniga qasd qilgan. Kichik Kastro o‘limi oldidan ma’lum muddat shifoxonada davolangan, keyin ambulator davolanishga o‘tkazilgan edi.

Sobiq kommandantening o‘g‘li otasiga juda-juda o‘xshagani sababli uni «Fidelito» (Kichkina Fidel) deb nomlashgan. 68 yoshli kichik Kastro Davlat kengashining fan masalalari bo‘yicha maslahatchisi hamda Kuba Fanlar akademiyasining vitse-prezidenti lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Kichik Kastro 1949-yil 1-sentyabrda Kubaning Gavana shahrida,  qisqa muddat Fidel Kastroning nikohida bo‘lgan Mirta Dias-Balartdan tug‘ilgan edi Kichik Kastro 1974 yilda Moskva Davlat universitetini yadro fizikasi ixtisosligi bo‘yicha tamomlagan. U sobiq ittifoqda Kuba rahbarining o‘g‘li ekanini sir tutish maqsadida Xose Raul Fernandes nomi ostida tahsil olgan.

Ma’lum muddat kichik  Kastro Dubna shahrida (Moskva viloyati)gi Yadro tadqiqotlari institutida faoliyat ko‘rsatgan, I.V.Kurchatov nomidagi Rossiya Atom energiyasi institutida fan doktori ilmiy darajasini olgan.

Kichik Kastro 1980—1992-yillarda Kubaning Atom energiyasi agentligini boshqardi. U Kuba yadro dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish ishlarida faol ishtirok etgan. Uning rahbarligi ostida Kubada 1992-yili «Xuragua» atom stansiyasi ochilgan, ammo ko‘p o‘tmay, uning faoliyati to‘xtatib qo‘yilgan edi. Kichik Kastro yadro fizikasi bo‘yicha o‘ndan ortiq kitoblar, yuzdan ziyod ilmiy maqolalarning muallifi edi.

U 2008-yili Rossiya Xalqaro yadro tadqiqotlari institutining faxriy doktori, 2013-yili MDUning faxriy professori unvonlarini qo‘lga kiritgan edi.

OAV xabarlariga ko‘ra, kichik Kastro ikki marta uylangan. Uning birinchi ayoli rus, keyingisi kubalik bo‘lgan. Birinchi nikohidan ikki nafar farzandi bor.

Kichik Kastroning o‘limi tafsilotlari mamlakat huquq-tartibot organlari tomonidan batafsil o‘rganilmoqda.

Ma’lumki, Fidel Kastro o‘limidan o‘n yilcha ilgari o‘z vakolatlarini ukasiga topshirgan edi. Uning o‘g‘li — kichik Kastroda hech qachon otasining o‘rnini egallash niyati bo‘lmagan. Shu bis mamlakat ichida va tashqarisida uni yirik siyosiy shaxs sifatida ko‘rishmagan.

Eslatib o‘tamiz, Kubaning sobiq rahbari Fidel Kastro o‘tgan asrning 70-yillarida O‘zbekistonga tashrif buyurgan, hamyurtlarimiz bilan uchrashgan, Vatanimiz haqida yaxshi taassurotlar bilan yurtiga qaytgan. 2016 yil 3 sentyabrda O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov vafoti munosabati bilan Kubada motam e’lon qilingan.

Fidel Kastroning o‘zi 2016-yil 25-noyabrda 90 yoshida hayotdan ko‘z yumgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring