Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Firib zo‘rmi yoki odamlar go‘lmi?

Firib zo‘rmi yoki odamlar go‘lmi?

Ko‘pchilik yurtdoshlarimiz qanday qilib o‘z oyog‘i bilan firib domiga tushib qolganlarini bilmay qolishadi. Tovlamachilar tuzog‘iga  ilinib, necha yillar peshona teri bilan misqollab topgan mol-mulkidan ayrilganlarning holiga kulishni ham, kuyishni ham bilmaydi kishi. Bunday noxush voqealarni eshitganda beixtiyor qadimiy rivoyat yodga tushadi..

Qadim zamonda juda adolatli qozi bo‘lgan ekan. Kunlarning birida uning oldiga bir fuqaro arzu dod qilib kelibdi:

—Qozi janoblari, falonchi qassob meni aldab chuv tushirdi. Undan pullarimni olib bering.

—  U seni nima deb aldadi, pullaringni qachon va qanday oldi, — so‘rabdi qozi.

—  Qassob bir yil avval falon joyda zotdor sigirlar sotilayapti. Senga bittasini arzon narxda keltirib beraman deb mendan pul olgan edi. Hanuz na sigirdan, na pulimni qaytarishdan darak yo‘q. Uyiga borsam «bir kuni olib beraman-da» deb meni quvib soldi.

Qozi voqeani obdon o‘rganibdi, guvohlarning so‘zlarini eshitibdi. So‘ngra qassobni huzuriga  keltirib, shu yerning o‘zida undan arzgo‘yning haqini undirib beribdi.

 Oradan bir qancha vaqt o‘tgach o‘sha fuqaro yana qozining oldiga kelib:

— Janob qozi, qassob meni yana aldadi, adolat  qiling — deb yig‘labdi.

— Xo‘sh, bu gal qassob seni qanday qilib aldadi?

— O‘tgan oyda buqamni so‘ygan edim. Qassob  «sen vaqtingni ketkazma, xaridor qidirib qiynalma.  O‘zim go‘shtini sotib, ertaga pulini keltirib beraman» deb mehribonlik qildi. Lekin, go‘sht ham sotilib ketdiki, pulini beray demaydi...

Uning gapini eshitgan qozi xizmatkorini chaqirdi va arzgo‘yni qirq darra bilan savalashni buyurdi. Bu hukmni eshitgan fuqaroning fig‘oni falakka chiqdi:

– Ey adolatli qozi, nahotki men yolg‘on gapirayotgan bo‘lsam? Axir, mening so‘zlarimga butun qishloq ahli guvoh-ku.

— Men sening rost gapirayotganliginga ishonaman, – dedi qozi, – qassobning muttahamligini ham bilaman. Qirq darra sening axmoqliging va boshqa aldanmasliging uchun. Toki bu senga bir umr saboq bo‘lsin.

Yurtimizda barcha OAV sahifalarida poraning turli ko‘rinishlari bilan bog‘liq har qanday xolatlarga milliy qonunchiligimizda javobgarlik choralari belgilanganligi, g‘araz maqsadli kimsalarning nayranglari haqida ko‘plab maqolalar yoritilmoqda. Lekin, olib borilayotgan targ‘ibot ishlariga qaramay, ayrim fuqarolarimiz hamon  o‘z muammolarini to‘g‘ri yo‘l qolib, egri yo‘l bilan yechishni maqbul ko‘radilar. Natijada muammolar iskanjasiga battar botishadi.

Jamol Turg‘unov (ism, shariflar o‘zgartirilgan) O‘zbekiston davlat konservatoriyasining oxirgi kursida o‘qib yurgan kezlari, nafs domiga ilindi. Uning nufuzli oliy o‘quv yurti talabasi ekanligimi yoki «kazo-kazolar bilan tanishman» deb kerilgani uchunmi hamqishloqlari orasida anchayin obro‘si baland edi. O‘tgan yilning mart oyida Jamol  «O‘rikzor» savdo majmuasida savdo bilan shug‘ullanuvchi qashqadaryolik eski tanishini uchratib qoladi. 

– Sen kattalar bilan tanishsan, bir ukalik qilgin – dedi Mamatqul aka salom alikdan so‘ng. – O‘g‘lim Oybek bu yil maktabni bitirayapdi. Toshkentdagi biror institutga kirgizib qo‘yish kerak.

– Oybekning o‘zi nimaga qiziqadi? – so‘radi tekin o‘lja xidini sezgan Jamol qiyofasiga darrov salobatli tus berib.

Mamatqul akaga uning bu so‘zi «qaysi o‘quv yurtiga kirgizib qo‘yay» degandek tuyuldi:

— E, unga baribir. Ishqilib institut bo‘lsa bo‘ldi. 

– Mayli, men bir akaxonlardan so‘rab surishtiray-chi, lekin..., bilasiz-a?

– Bilaman. Bu yog‘idan xavotir olma, kechroq uyga o‘t, gaplashib olamiz.  

Xullas, o‘sha kuni qashqadaryolik hamqishloqlar o‘zaro til topishdi. Mamatqul aka Jamolga 4,500 AQSh dollari beradigan, u esa Oybekni Nizomiy nomidagi Toshkent davlat Pedagogika institutiga o‘qishga kiritib qo‘yadigan bo‘ldi.

Yosh firibgar bo‘nak sifatida 700 AQSh dollari olib, uy egasi bilan quyuq xayrlashdi. Imtihon oldi esa qolgan 3 ming 800 dollarni qo‘lga kiritdi. Tabiiyki, imtihonda kallasi bo‘m-bo‘sh Oybekka otasining puli yordam berolmadi.

O‘g‘li o‘qishga kirolmagach, Mamatqul aka Oybekdan olgan pulini qaytarishni talab qildi. Pulni allaqachon o‘z ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan nayrangboz esa «kattakon akaxoni Yaltaga dam olishga ketgani, kelasi yil albatta o‘qishga kiritishini» aytib yolg‘on gaplar bilan uning qo‘ynini puch yong‘oqqa to‘ldirar, shu tariqa kunni kunga, oyni oyga ulardi.

Yangi yil arafasida ular yana Mamatqul akaning xonadonida, bayram dasturxoni atrofida uchrashdi. Uy sohibining ukasi mehmonga kelgan ekan.

— To‘lqin ukam ham qizini yuridik kollejga kiritish niyatida bor. Buni eplay olasanmi – so‘radi Mamatqul aka.

 – Aka, institutga kirish sal qiyinroq-da. Lekin, kollej degani «chepuxa».  Direktorning o‘g‘li qalin do‘stim. Ikki ming ko‘kiga bemalol kirgizib qo‘yaman, menga ishonavering...

Po‘rim kiyingan Jamol og‘zini to‘ldirib dadil, ishonchli gapirardi. U har ikki so‘zida ustasi farang firibgarlarga  xos «falonchi yaqin og‘aynim, pistonchi  do‘stim» deyishni kanda qilmasdi.  Shunday qilib, «hojatbaror» student yana ularni chuv tushirdi.

Mamatqul akaning ukasi T.Amirov Jamolga peshona teri bilan topgan ikki ming AQSh dollarini o‘z qo‘li bilan tutqazdi.

Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, sarakni sarakka, puchakni puchakka ajratadigan imtihon pallasi ham yetib keldi. Va yana Mamatqul aka hamda To‘lqin kutganidek bo‘lmadi. Ularning farzandlari o‘qishga kirisholmadi. 

– Haliyam kech emas, – dedi Jamol aka-ukalarning do‘q-po‘pisasiga pinagina buzmay, – to‘g‘rilasa bo‘ladi. Yana qo‘shimcha joy bor. Men kattalar bilan gaplashdim, faqat yana ozgina qo‘shish kerak deyishayapdi.

Bu gal aka-uka Amirovlarning ko‘zlari ochildi. Yosh firibgar Jamol Turg‘unov ularning har ikkisidan  jami ming AQSh dollari olayotgan paytida, tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan ashyoviy dallillar  bilan qo‘lga olindi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Chilonzor tuman sudi tomonidan sayyor sud majlisida  aybdorning o‘z qilmishidan pushaymonligi, birinchi bor sudlanayotganligi, jabrlanuvchilarga keltirilgan zarar to‘liq qoplanganligi va boshqa bir qator xolatlar inobatga olinib Jamol Turg‘unovga tegishli jazo tayinlandi. Bu kunlar o‘tar ketar deganlaridek, novqiron yigitning elu yurt oldida bir umr yuzi shuvut bo‘lgani qoldi. Ana shunday «zo‘r» firib tuzog‘iga go‘llardek oson o‘lja bo‘lib qolmang.

Farida Qoraqulova,
jurnalist

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring