Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Firibgarni sudga bergan jarqo‘rg‘onlik ayol jarimaga tortildi

Firibgarni sudga bergan jarqo‘rg‘onlik ayol jarimaga tortildi

Foto: O‘zA

O‘zAda qizini oliy o‘quv yurtiga kiritib qo‘yish uchun pora bergan ayol haqida maqola e’lon qilindi.

Aytilishicha, o‘tgan yili yozda jarqo‘rg‘onlik Muhabbat opa qizi bilan oliy o‘quv yurtiga topshiriladigan hujjatlarni to‘g‘rilab yurish asnosida tumandagi sport kollejida o‘qituvchi bo‘lib ishlaydigan bir odam bilan tanishib qoldi. Ayolning niyatini bilgan Shamsiddin unga beminnat yordam berishini aytadi.

Avvaliga sal ikkilangan ayol oliy o‘quv yurtiga 3 ming dollar bilan kirish bir qarashda qulayroq tuyuldi va hojatbaror yigitning etagidan mahkam tutdi.

Shu tariqa Toshkent Davlat jismoniy tarbiya institutiga o‘qishga kiritib qo‘yish «operatsiyasi» boshlandi. Shamsiddin shu ta’lim dargohida ishlaydigan kursdoshiga qo‘ng‘iroq qilib, Muhabbat opaga qizining hujjatlarini topshirishda ko‘maklashishini so‘raydi. Institutga kelgach esa, tabiiyki, ularning ishi osongina bitadi. Ayol esa bundan xursand bo‘lib, shu yerda ishlasa o‘qishga kiritadi-da, deb unga ishona boshladi. Chunki tanishi ishni kursdoshi orqali bitirishini aytib qo‘ygandi.

Toshkentdan uyga qaytgan ayol tanish-bilishlaridan qarz ko‘tarib, Shamsiddinga 2,5 ming dollar topib beradi.

Bu orada test sinovlari o‘tib, sal o‘tmay uning javoblari ham e’lon qilindi. Shamsiddin shu kuni ayolga qo‘ng‘iroq qilib, «qo‘yni so‘ying opa, qizingiz o‘qishga kirdi», deb suyunchi ham so‘raydi.

Ayolning oilasida xursandchilik boshlangan hamono abituriyent qiz o‘z telefoni orqali Davlat test markazi bazasiga so‘rovnoma yuborib ko‘radi. Afsuski, u yerdan rad javobi keladi.

Hamma tashvish shundan keyin boshlandi. Pulni o‘z ehtiyojiga sarflab yuborgan Shamsiddin har xil bahonalar to‘qiy boshlaydi. Bir oy kuting, ikki oy kuting, paxta mavsumi o‘tsin, yangi yil kelsin...

Toqati toq bo‘lgan ayol sudga murojaat qildi.

— Mazkur holat yuzasidan olib borilgan sud jarayonida sudlanuvchining firibgarlik, ya’ni aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zgalarning mulkini qo‘lga kiritgani aniqlandi, — deydi Jinoyat ishlari bo‘yicha Jarqo‘rg‘on tumani sudi sudsi B.Ikromov. – Jazo tayinlashda barcha jihatlarni e’tiborga olindi va unga 9,7 million so‘m jarima jazosi tayinladi. Sudda ikkinchi tomonning xatti-harakatlariga ham baho berildi. Ayol pora berish, ya’ni mansabdor shaxsning o‘z xizmat mavqeyidan foydalangan holda sodir etishi lozim yoki mumkin bo‘lgan muayyan harakatni pora bergan shaxsning manfaatlarini ko‘zlab bajarishi qonunga xilof ekanligini bila turib, bevosita yoki vositachi orqali mansabdor shaxsga moddiy qimmatliklar berish yoki uni mulkiy manfaatdor etish maqsadida, sudlanuvchiga 2,5 ming AQSh dollarini pora tariqasida bergan. Bu qilmishi uchun unga 7,4 million so‘m miqdorida jarima qo‘llanildi. Pora sifatida berilgan va keyinchalik ayblanuvchidan olingan 2,5 ming dollar davlat foydasiga musodara etildi.

Shu kunlarda ham bunday holatlar uchrab turibdi. Bosh prokuratura matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Rishton tuman bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumani markaziy poliklinikasi “Narkologiya” bo‘limi hamshirasi R. va Andijon davlat universiteti tabiiy fanlar fakulteti o‘qituvchisi S. fuqaro Z.ni mazkur universitetning jismoniy tarbiya fakulteti kunduzgi ta’lim bo‘limiga Toshkent shahridagi tanishlari orqali o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilib, firibgarlik yo‘li bilan undan 5 ming AQSh dollarini olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Mazkur holat yuzasidan R. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi ko‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring