Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Forishda rentgenda ham ko‘rinmaydigan kariyesni aniqlaydigan innovatsion texnologiya qo‘llanilmoqda (foto)

Forishda rentgenda ham ko‘rinmaydigan kariyesni aniqlaydigan innovatsion texnologiya qo‘llanilmoqda (foto)

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi

Innovatsion rivojlanish vazirligi mutaxassislari Toshkent Davlat stomatologiya instituti bilan hamkorlikda tishlarning tozalik darajasini aniqlaydigan, kariyesni rentgen tasviri orqali ham bilib bo‘lmaydigan davrida aniqlash imkonini beruvchi texnologiyani Jizzax viloyati Forish tumanida joylashgan maktabgacha ta’lim muassasalarida (MTM) joriy qilishni boshlashdi.

Rivojlangan davlatlar aholisi kasallikka chalinmaslik uchun jon kuydirishi oqibatida tish kariyesi aholining bor-yo‘g‘i 30-35 foizida uchrashi aniqlangan. Biroq hozirda O‘zbekiston aholisining 95 foizida, boshqacha aytganda, deyarli barcha yosh qatlamlarida tish kariyesi uchraydi.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi

Shunday ekan, tish kariyesi, uning asoratlari hamda milk kasalliklarining oldini olish usullarini bolalar va ularning ota-onalari orasida keng targ‘ib qilish, ularning stomatologik bilimlari va o‘z tishlarini tozalashga bo‘lgan rag‘batini oshirish muhim omil hisoblanadi. Shu munosabat bilan QLF (Quantitative light fluorescence — miqdoriy nur fluoressensiyasi) texnologiyasiga asoslangan «Qscan» uskunasi tishlarning tozalik darajasini aniqlovchi qurilma bo‘lib, u tishlarga yopishib qolgan, ammo ko‘z bilan ko‘rib bo‘lmaydigan ovqat qoldiqlarini, uning tarkibidagi bakteriyalar ajratayotgan zararli moddalarni aniqlab, ularni qizil rangda ko‘rsata oladi.

Bunda tishlarda yopishib qolgan karashlarni ko‘rgan bolalar yoki ularning ota-onalarida tishlarini to‘g‘ri tozalashga, tish kasalliklari va ularning asoratlari paydo bo‘lmasdan avval stomatologga murojaat qilishiga rag‘bati oshib boradi.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi

Dastlabki harakatlar Jizzax viloyatidagi Forish tumanida joylashgan maktabgacha ta’lim muassasalarida (MTM) boshlandi. Bunda MTM tarbiyalanuvchilariga va ularning ota-onalariga og‘iz bo‘shlig‘ining gigiyenik qoidalari o‘rgatildi, tishlarni to‘g‘ri tozalashda ular tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi, tish kariyesi va uning asoratlari tufayli kelib chiqadigan kasalliklar haqida ko‘rgazmali fotosuratlar taqdim etildi hamda kerakli ma’lumotlar berildi. So‘ngra joriy qilinishi boshlangan qurilma orqali bolalarning tishlari tekshirib ko‘rildi. Ushbu ko‘rgazmali dastur yig‘ilganlarda katta qiziqish uyg‘otish bilan birga, o‘z sog‘lig‘iga befarq bo‘lmaslikka, ota-onalar o‘z bolalarini sog‘lom bo‘lib voyaga yetishi uchun hozirdan harakat qilishga zamin yaratdi.

Mazkur ko‘rgazmali dastur Forish tumanida joylashgan barcha maktabgacha ta’lim muassasalarida doimiy ravishda amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kungacha 2 ta MTM dagi 150 nafardan ortiq bolalar gigiyenik tekshiruvdan o‘tdi.

Baxtinur Xudanov,
Innovatsion rivojlanish vazirligi boshqarma boshlig‘i, t.f.d.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring