Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yaman fojiasi: Fransiya Saudiya Arabistonidan qamalni bekor qilishni so‘ramoqda

Yaman fojiasi: Fransiya Saudiya Arabistonidan qamalni bekor qilishni so‘ramoqda

Foto: Global Look Press / Mohammed Mohammed

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Saudiya Arabistoni qiroli Salmon bin Abdulazizdan Yamandagi qamalni butunlay bekor qilishni so‘ragan. Bu haqda «Yevronyus» xabar bermoqda.

Saudiya Arabistoni boshchiligidagi arab davlatlari koalitsiyasi 2015-yildan buyon Yamanda hokimiyatni egallab olgan isyonchi husiylarga qarshi harbiy amaliyotlar olib bormoqdalar. Mamlakatga nisbatan iqtisodiy qamal joriy qilingan va Yamanga faqatgina insonparvarlik yordami va oziq-ovqat mahsulotlari maxsus tekshiruvlardan keyingina kiritilishiga ruxsat berilgan.

Dunyodagi ko‘plab nodavlat va xalqaro tashkilotlar ushbu qamalni tanqid qilib kelmoqdalar. Bugungi kunda Yaman dunyodagi eng yomon ijtimoiy inqirozni boshidan kechirmoqda va millionlab insonlar vaboga chalingan. Yamandagi ushbu mojaro shu paytga qadar 8750 nafar kishining o‘limiga sababchi bo‘ldi va ularning aksariyati tinch aholi vakillaridir. BMT hisob kitoblariga ko‘ra, 80 foiz aholi tibbiy dori vositalari, oziq-ovqat mahsulotlari va toza ichimlik suviga muhtoj.

O‘tgan haftada koalitsiya Qizil dengiz bo‘yidagi Hudeyda portini insonparvarlik yordami yuklari, oziq-ovqat va yoqilg‘i uchun bir oy muddatga ochishini ma’lum qilgandi.

24-dekabr kuni Fransiya prezidenti va Saudiya qiroli o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muloqot chog‘ida prezident Makron «Yaman muammosini harbiy kuch bilan hal qilib bo‘lmasligini va bu masalaga o‘zaro murosa orqali yechim topish» kerakligini aytib o‘tgan.

Shuningdek, tomonlar Suriyadagi vaziyat yuzasidan ham fikr almashishgan. Bundan tashqari, Makron qirol Salmonga Afrikada o‘tkazilayotgan «G5 Sahel» operatsiyasiga 100 million dollar mablag‘ ajratgani uchun minnatdorchilik bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron shu yilning noyabr oyida Ar-Riyodga tashrif buyurgan va Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon bilan uchrashgan edi. 2018-yilda esa Eron, Isroil, Falastin, Livan va Iordaniyaga tashrif buyurishi kutilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring