Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Germaniyaga viza, Berlin devorining qulashi, prezidentlik saylovlari» – Germaniya elchisi Tilo Klinner bilan intervyu (video)

Avvalambor, sizni Germaniyaning O‘zbekistondagi elchisi etib tayinlanganingiz bilan tabriklaymiz. Elchilikka tayinlanish jarayonlari qanday kechdi va shu kungacha O‘zbekiston haqidagi fikrlaringiz qanday edi?

– Men ayni damda O‘zbekistonda ekanimdan juda ham mamnunman. Elchi etib tayinlanishim juda tez fursatda amalga oshdi. Tayinlanish jarayonimda Afg‘onistondagi himoyaga muhtoj shaxslarni evakuatsiya qilish jarayonlari ketayotgan edi. Odatda boshqa davlatlarga elchi etib tayinlanish jarayoni ko‘proq vaqtni oladi. Mening holatimda bu 10 kundan sal ko‘proq vaqtni talab qildi.

Sizning dastlabki karerangiz sud-huquq sohasida boshlangan. Janob elchi, qanday omillar sizni xalqaro diplomatiyaga olib kirdi?

– Men bir vaqtning o‘zida advokat sifatida ham ish yuritganman. Faoliyatim davomida xalqaro insonparvarlik bo‘yicha mehnat qilardim va shu soha bo‘yicha Federal tashqi ishlar vazirligiga ishga kirganman.

Diplomatik vakil sifatida Rossiya, Xitoy, Pokiston, Qozog‘iston kabi davlatlarda faoliyat olib borgansiz. Siz uchun O‘zbekiston yuqoridagi davlatlardan nimasi bilan farq qiladi?

– Hamma davlatlar bir-biridan farq qiladi. O‘zbekiston ham bundan mustasno emas. O‘zbekistonda uzoq tarixga ega bo‘lgan an’analar mavjud. Bu yerda 2 yoki 3 ming yillik tarixga ega bo‘lgan shaharlar bor. Nemislar uchun Buyuk ipak yo‘li davlati sifatida ham O‘zbekiston juda qiziqarli hisoblanadi. Xabaringiz bor, Buyuk ipak yo‘li deganda kattagina savdo-sotiq ishlarini o‘zida mujassamlashtirgan yo‘lni ko‘z oldimizga keltiramiz. Hozirgi kunda «Yangi ipak yo‘li» degan atama ham yuzaga kelgan. Bu o‘rinda, Markaziy Osiyo davlatlari, shu jumladan, O‘zbekiston ham muhim o‘rin tutadi.

30 yillik tajribaga ega diplomat sifatida O‘zbekistondagi so‘nggi yillardagi o‘zgarishlarni qanday baholagan bo‘lar edingiz?

– O‘zbekistonni uzoq yillardan beri bilaman. Aniqrog‘i 90-yillardan boshlab O‘zbekistonga tez-tez tashrif buyurib turganman. Oxirgi 5 yil ichida bo‘lib o‘tgan islohotlarni tilga oladigan bo‘lsak, ularning miqyosi juda ham keng va ular o‘sishni, yuksalishni o‘zi bilan birga olib keldi. Bu islohotlar aholining yashash tarziga ham o‘z hissasini qo‘shmoqda.

O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi munosabatlar azaldan yaxshi bo‘lgan. Davlatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar Shavkat Mirziyoyev davrida qanday o‘zgardi? Qaysi sohalardagi yutuqlarni aynan e’tirof eta olasiz?

– Haqiqatdan ham, janob Shavkat Mirziyoyev davrida davlatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar faollashdi. Bundan tashqari, ikki davlat rahbarlari o‘rtasida ham shaxsiy aloqalar mavjud. Germaniya Prezidenti O‘zbekistonga tashrif buyurgan va o‘zaro fikr almashishgan. Iqtisodiyotdan tashqari institutlararo va qonunchilik sohalariga tegishli bo‘lgan islohotlar juda muhim hisoblanadi. Muntazam shart-sharoitlar bo‘lsa, iqtisodiy o‘sish o‘z mavqeida va darajasida bo‘ladi.

Germaniya Yevropa Ittifoqining eng faol a’zolaridan biri. Yevroittifoqning siyosiy yo‘nalishlari aynan Germaniyada o‘z aksini topgan desak, adashmagan bo‘lamiz. Germaniyaning O‘zbekistondagi missiyalari nimalardan iborat?

– To‘g‘ri aytdingiz, Germaniya Yevropa Ittifoqining bir qismi hisoblanadi. Uning siyosati Yevropa siyosatining bir qismidir. Maqsadlarimiz doimiy ravishda hamkorlik va hamjihatlik borasidagi bitimga asoslanadi. Germaniya Yevropa Ittifoqi bilan birga, O‘zbekiston bilan aholining turmush tarzini yaxshilashga qaratilgan barcha sohalarda keng qamrovli va yaqindan hamkorlik qilishga tayyormiz. Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati mavjud. «GIZ» deb ataladi. Ular amalga oshirayotgan loyihalarning mazmuniga ko‘ra, boshqarish huquqiga taalluqli bo‘lgan islohotlarda barcha fuqarolarning haq-huquqlari davlatga bo‘lgan ko‘rinishini izohlab beradi. Bu barcha fuqarolar o‘z haq-huquqlarini amalga oshira olgandagina davlat ham bundan mamnun bo‘ladi.

O‘zbekistonga Yevropa Ittifoqi tomonidan «GSP+» nomli loyiha taqdim etildi. O‘zbekiston mahsulotlarini boj to‘lovlarini to‘lamasdan turib, Yevropa Ittifoqiga eksport qila oladi. O‘zbekistonda shirindan-shakar mevalar yetishtiriladi. Ammo ularni Yevropa bozorlariga yetkazish uchun logistika kerak bo‘ladi. O‘zbekiston yoshlari uchun malakali bilim olishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan dual tizimimiz ham bor. Dual tizimida yoshlar bir vaqtning o‘zida ham maktabda o‘qib, ham ishlab chiqarish korxonalarida ishlay oladi.

Ikkita jihatni aytib o‘tmoqchi edim. Yaqinda O‘zbekiston xalq ta’limi vaziri bilan uchrashdim. Nemis tilini chet tili sifatida o‘rgatishni yanada keng qamrovli qilmoqchimiz. Maqsadimiz shuki, O‘zbekiston yoshlari nemis tilini xohish bilan o‘rganishsin. Ilm-fan sohasida aytadigan bo‘lsak, Shavkat Mirziyoyev tomonidan tashkillashtirilgan Yangi O‘zbekiston universitetida ko‘plab nemis professorlari faoliyat olib borishyapti. Ularning bir qismi Myunxenning texnika universitetidan kelgan. Bu universitetda ishlab chiqarish korxonalari, firmalar va sanoat klasterlari birgalashib hamkorlik qiladi. Bavariyada texnika universitetining umumbavariya hamjihatligi bor. Biz ham shu rejalarga qarab, ish olib boryapmiz.

Har yili ko‘plab o‘zbekistonliklar ish va ta’lim uchun viza dasturiga hujjat topshiradilar, lekin hamma ham viza olishning uddasidan chiqa olmaydi. Viza berish nimalarga bog‘liq?

– Men umumiy javob bermoqchiman. Birinchi navbatda, mantiqqa va qonunga mos keladigan sababni ko‘rsatish kerak. Ko‘plab iqtisodiy delegatsiyalar Germaniyaga borish xohishini bildirishadi. Bu ham qonuniy asos. Bemalol borish mumkin. Qandaydir mutaxasis sifatida, hamshira sifatida yoki boshqa kasblarni amalga oshirish uchun Germaniyaga borsa bo‘ladi. Biz kerakli bo‘lgan vizani berishga tayyormiz. Sharti shuki, u yerga borgach ish qidirishi kerak emas. Ular tayyor ishga borishi kerak.

O‘zbekiston bilan ayni paytda qanday hamkorliklar ko‘zda tutilyapti?

– Bu savolga ko‘plab sohalarni misol qilish mumkin. «Thyssen Mining» kompaniyasi va «Eriell group» kompaniyasi o‘rtasida tog‘-konchilik va metalurgiya sohasidagi hamkorlik uchun tuzilgan shartnomaga guvoh bo‘ldik. Modernizatsiya yo‘nalishidagi hamkorlik, tibbiyot texnalogiyalari, logistika, avtomatizatsiya sohalarida ham hamkorlik qilamiz. Bu hamkorlikni yanada yuqori natijalarga ko‘tarish niyatimiz bor.

Har yili 3 oktyabr kuni Germaniya birligi kuni nishonlanadi. Aynan o‘sha paytda Berlin devorining qulashi sizda qanday taassurot qoldirgan? Xotiralaringizni bo‘lishsangiz.

– Berlin devorining qulashi Germaniya birlashishidan bir yil avval sodir bo‘lgan. Bu hammamiz uchun kutilmagan holat edi. Qochqinlarning kelishi yoz oylariga to‘g‘ri kelgan. Holat barqaror emas edi. Men juda hayron qoldim. Kichkina o‘tirishdan qaytib, televizorni oldiga o‘tirib qarasam, shunday narsalarni ko‘rsatishyapti. Bunaqasi bo‘lishi mumkin emas, deb o‘yladim. Bu holat Yevropaning markazida kelajak uchun yo‘naltirilgan holat bo‘ldi. 1990 yil 3 oktyabr kuni biz Brandenburg darvozalari ostida edik. Bu xohishga qarab, amal qilingan holat emas edi.

Germaniya birlashgunga qadar ham rivojlanayotgan davlat edi, lekin birlashgach juda katta yutuqlarga erishdi. Germaniyaning asosiy yutug‘i nimada bo‘ldi?

– Germaniyaning ikki bo‘lagi qaytadan tinch holatda birlashtirildi. Bu, o‘z navbatida, modernizatsiyani keltirib chiqardi. Sharqiy qismida bu sal orqada qolayotgan edi, lekin hozir modernizatsiya sohasida bu ikki davlat jipslashib, bog‘lanib ketdi. Germaniyaning birlashishi o‘sishni olib keldi. Intellektual jihatdan turtki berdi. Boshida Sharqiy federal yerlarda bu oson bo‘lgani yo‘q. Hozir Yena va Layspik shahri atroflari yaxshi rivoj topgan.

Sizning elchilikka kelish vaqtingiz Markaziy Osiyodagi qaynoq siyosiy jarayonlar paytiga to‘g‘ri keldi. Bu siyosiy jarayonlarda O‘zbekiston juda faol bo‘ldi. Bu kutilgan holatmidi?

– Shunday bo‘ldi. Prezidentingiz aytganidek, O‘zbekiston xohlasa ham, xohlamasa ham bu jarayonlarga aralashar edi. O‘zbekiston anchadan beri muhim o‘yinchi sifatida ishtirok etayotgan edi. O‘zbekiston tomonidan Germaniya uchun evakuatsiya missiyasini amalga oshirishga ko‘rsatilgan ko‘makning mavjudligi bu missiyasini samarali amalga oshirishga imkon yaratdi.

O‘zbekiston ham xuddi biz kabi Afg‘onistonda anarxiya vujudga kelmasligini xohlaydi. Anarxiya bilan birga muammolar kelib chiqishi mumkinligini bilamiz. Qanday qilib Afg‘onistonga gumanitar yordam berish haqida o‘ylayapmiz. Gumanitar yordam sifatida O‘zbekiston mahsulotlar yetkazib beryapti. Afg‘onistonda aholining bu yilgi qishdan yaxshi o‘tib olish uchun O‘zbekistonning hissasi katta bo‘ladi. Afg‘onistondagi hukumat o‘zini qanday tutadi, ularning xatti-harakatlari nimalarga olib keladi, bu samarali yoki samarasiz ekanini kelajak ko‘rsatadi. Nima bo‘lganda ham Markaziy Osiyodagi barqarorlik, tinchlik uchun O‘zbekiston ko‘plab ishlarni amalga oshirdi. Bu narsani tan olib, qo‘llab-quvatlaymiz.

– 24 oktyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga saylov bo‘lib o‘tadi. Bu O‘zbekistondagi sizning faoliyatingizdagi birinchi eng katta siyosiy jarayon. Saylov sizni qay darajada qiziqtirmoqda?

–  Prezidentlik sayloviga qiziqishimiz katta. Saylov siyosiy xohishni bildirishda eng muhim jarayon hisoblanadi. Biz kuzatuvchi missiyasini amalga oshirishda birinchi navbatda elchixona vakillari bilan ishtirok etamiz. Prezidentlik saylovi demokratik tamoyillar orqali olib boriladi.

Elchining diplomatik va siyosiy faoliyati bir tomon bo‘ladigan bo‘lsa, uning qiziqishlari, xobbilari, bo‘sh vaqtini o‘tkazish bir tomon bo‘ladi. Bo‘sh vaqtlaringizda qanday madaniy hordiq olasiz?

– Men o‘spirin paytlarimdan beri tarixga juda qiziqaman. Shuning uchun bo‘sh vaqtim bo‘lsa, tarixiy kitoblarni o‘qiyman. Matematikaga ham qiziqaman. Vaqti-vaqti bilan pianino chalaman. O‘zbekistonda ilk marotaba qishda chang‘i uchgani bormoqchiman. Buni orziqib kutyapman.

Janob elchi aytingchi, Merkel xonim davrida davom etayotgan O‘zbekiston-Germaniya o‘rtasidagi ijobiy aloqalar janob Olof davrida qanday davom etadi, deb o‘ylaysiz?

– U bilan birga tuziladigan hukumat bu yagona bo‘lishi mumkin bo‘lgan hukumat emas. Ehtimollarning boshqachasi ham mavjud. Qaysi partiyalar bilan koalitsiya tuzishdan qat’i nazar partiyalarning so‘zlariga binoan O‘zbekistonga bo‘lgan yondashuv o‘zgarishsiz qoladi. Federal prezidentimiz janob Frank-Valter Shtaynmayer Sotsial-demokratik partiya vakili. O‘zbekiston bilan aloqalarni yanada rivojlantirish tarafdori. Qanday koalitsiya tuzilishidan qat’i nazar pozitsiyamiz o‘zgarmaydi, deb o‘ylayman.

Janob elchi sizga mazmunli suhbat uchun minnatdorlik bildiramiz.

– Rahmat. Biz yurtingizdagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlaymiz. O‘zbekiston tanlagan rivojlanish yo‘lini e’tirof etamiz.

Sanjar Shomurodov suhbatlashdi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring