Ham sog‘liqqa, ham cho‘ntakka foyda. Nyu-yorklik dizaynerning antiqa tajribasi
Odamlar bayramlarni yoqtirishadi. Ayniqsa, erkaklarga bir sabab topilsa bo‘ldi, darrov ichishga tushadilar. Yangi yil kuni esa, eng ko‘p alkogol iste’mol qilinadigan kechalardan biri sifatida eslanadi. Shunday bayramdan keyin inson biroz vaqt ichkilikdan o‘zini tiyib yuradi. Lekin ushbu holat uzoqroq davom etsa-chi? Masalan, ikki yil.
Nyu-yorklik dizayner Tobias Van Shnayder aynan shu tajribani o‘zida qo‘llab ko‘rdi va ajoyib natijaga erishdi. Uning hayotida birinchi o‘rinda g‘iybat, birovning ortidan gapirish, dardini dasturxon qilish odati yo‘qoldi.
— Eng birinchi anglaganim — odamlar bilan kamroq gaplashadigan bo‘ldim. Hamkasblarim va do‘stlarim ichishga taklif qilganda «yo‘q», deb javob berdim va rostdanam ularning shirakayf suhbatlariga qo‘shilishni istamadim, — deydi Shnayder.
Bunday parhez bilan uning salomatligi va cho‘ntagi ham ancha foyda ko‘rdi. Tobining so‘zlariga ko‘ra, u oyiga ming dollar iqtisod qilish bilan birga yaxshi tushlar ko‘rib, tushkunlikdan ham chiqib keta olgan. Nyu-Yorkda kuniga 1-2 stakan spirtli ichimlik ichish odatga aylanib ulgurganini hisobga olsak, bu ancha yaxshi natija.
— Agar har kuni 2-3 ta kokteyl ichib (ularning har biri choychaqasiz hisoblaganda 10 dollardan), oyiga bitta vino uyga olib ketganimda, ming dollarga yaqin mablag‘ sarflaganman. Bulardan voz kecha boshlaganimda bedor tunlarimga orom kirib, ertalablari bardam uyg‘onishga tushdim.
Shuningdek, Tobias qahva ichishni ham to‘xtatgani sababli, o‘zini ancha xotirjam tutishga o‘tdi. Kofeinning katta qismi uni hayotiy zavqu shavqdan mosuvo etibgina qolmay, ovqat hazm qilish tizimiga ham ta’sir ko‘rsata boshlagan edi.
Alkogol ichimlik va qahvaning zarari haqida hammamiz yaxshi bilamiz. Lekin bu shunchaki gapdek tuyuladi, ba’zida. Ushbu ichimliklar odamni asta-sekin o‘ziga tobe etib, sog‘lig‘iga daxl qilishgacha boradi. Undan ko‘ra, o‘zimizning tabiiy sharbat va choylarga nima yetsin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter