Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Anvar Namozov

Dunyoda tasodif yo‘q, bu so‘zlarni o‘qiyotganingiz ham tasodif emas!

Hammasi ideal bo‘lsa...

Hammasi ideal bo‘lsa...

Ana shunaqa, kayfiyating chog‘ bo‘lsa, ilhom parilari bezovta qilaveradi!..

Foto: «kp.ua»

Eshik ohista taqillaganida uyimda ulfatlarim bor edi. Dasturxonda barcha yeguliklar muhayyo: bo‘rsildoq non, qazi-qarta, tandir go‘sht, manti, bug‘i chiqib turgan somsa, totli qaymoq, chaq-chuq, ayniqsa ichimliklarning oqi va qizili... Lekin biz, oshnalar dasturxonga qaramas, har birimiz kitob mutolaasi bilan mashg‘ul edik.

Men o‘rnimdan turdim. Dahlizga o‘tib, eshikni ochdim. Tashqarida bejirim korjomadagi yigitcha turardi. Yuzidan naq nur yog‘ilardi uning! Egnidagi libosi shu qadar jilo berardiki, ko‘zlarim qamashib ketdi.

– Assalomu alaykum, – dedi yigitcha qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib. – Akaxon, ming bor uzr, sizni bezovta qilib qo‘ydim. Bundan judayam xijolatdaman.

– Yo‘g‘-yey, bemalol, – dedim men astoydil. – Keling, ukam, ichkariga kiring.

– Uzr, kommunal to‘lovi masalasida kelgandim, – yigitcha shunday deb guvohnomasini menga uzatdi. – Mana, marhamat, «A»dan «Ya»gacha ko‘rib chiqing!

Men hujjatga ko‘z yugurtirdim:

– Shuncha yil yashab, hali bunday mo‘’jizani ko‘rmagan edim! Rosa chiroyli ekan. Hamkasblaringiz hech qachon guvohnoma ko‘rsatmagan.

– Ularni kechiring, jon aka! – dedi yigitcha qo‘lini yana ko‘ksiga qo‘yib. – Agar xohlasangiz, hammasini huzuringizga olib kelaman, jo‘r bo‘lib kechirim so‘rashadi.

– Shart emas... Idorangizda chuqur islohotlar bo‘lyaptimi, deyman? Mana, maxsus forma kiyib olibsiz! Bundan to‘rt-besh yil oldin faqat televizorda ko‘rardim. Takomillashibdi. O‘zga sayyoraliklarning libosiga o‘xshar ekan. Kommunal-skafandr, gap yo‘q!

– O‘zimizga ham yoqadi, aka. Kechasi yechmay uxlayapman... Xullas, akaxon, siz bilan bog‘liq uch million yettiz yuz ming so‘m qarz...

Men ichkariga oshiqdim:

– Mana, hozir-da!

– Shoshmang, akaxon, siz emas, biz to‘lashimiz kerak. Noto‘g‘ri hisob-kitob bo‘lgan ekan. Ortiqcha qabul qilganmiz! Marhamat, pulni olib qo‘ysangiz!

– Qo‘ysangiz-chi! Turaversin. Keyingi oylar uchun qayd etib qo‘ying!

– Ammo siz beshikdagi nevaralaringizning kelajagi uchun ham to‘lab bo‘lgansiz. To‘g‘ri, hozir hamma shunday qilyapti. Ammo bizni ham to‘g‘ri tushuning, azbaroyi pul ko‘pligidan ishxonamizda qadam bosishga joy yo‘q, banklar qabul qilmayapti. Eshitgan bo‘lsangiz, ortiqcha naqd pul tufayli ikkita bank paq etib yorilib ketdi.

Xullas, yigitni ko‘ndira olmadim. U pullarni qo‘limga tutqazdi-da, imzo chekishimni ham kutmay qochib qoldi. Men ularni qayerga qo‘yishni bilmay, ulfatlarim oldiga qaytdim...

Kechki payt sayrga otlanganimda ko‘cha chekkasidagi o‘rindiqda davra solib o‘tirgan qo‘shni xotinlarga ko‘zim tushdi. Ular, odatdagidek, Navoiy va Fuzuliy, Pushkin va Bayron ijodi haqida qizg‘in bahslashishardi. Shundoq yonimdan maktabning fizika fani o‘qituvchisi Normurodov ulkan «Prado»sida o‘tib ketdi. Meni ko‘rmaganga oldi. O‘tgan safar mashinasini to‘xtatgan va tushib salomlashganida to‘rt-besh erkak uni boshimizda ko‘tarvolib, maktabga eltib qo‘ygan edik.

Ko‘cha bo‘ylab sayr qilar ekanman, ozoda-pokizalikdan ko‘nglim yayradi. Odamlarning bir-biriga shirin muomalasi, muloyim gapirishlari, tabassum ila qarashlaridan erib ketay dedim! Eh, bunday odamlar yana qayda bor?..

Qo‘l telefonim jiringlab qoldi.

– Allo, assalomu alaykum, aka! Vazirlikdan qo‘ng‘iroq qilyapman!

– E-ha, tanidim, ukajon! Yaxshimisiz?

– Alhamdulillah, shukr. O‘zingiz sog‘-salomatmisiz? Bugun ikkinchi asaringizning premerasini o‘tkazdik. Rosa an-shlag-baum bo‘ldi o‘ziyam!

– Iye, men hali yozib ulgurmagan asarimning premerasi o‘tkazildimi? Qoyil! Birinchisi ham shunaqa bo‘luvdi!

– Ana shunaqa! Biz yozilmagan pesalar premerasini ham o‘tkazaveramiz. Endi bittagina iltimosimiz bor, faqat yo‘q demaysiz! Gonorar o‘tkazmoqchi edik, urinishimiz besamar ketyapti! Iltimos, plastik kartochkangizni bo‘shatib qo‘ysangiz.

Men bu ma’murga iltimos qilib, qalam haqini keyingi asarimga qo‘shib berishiga zo‘rg‘a ko‘ndirdim.

Uyga qaytdim. Xotinim va bolalarim televizordan ko‘z uzmay mumtoz navolarni tinglab o‘tirishardi.

Ijodxonamga o‘tdim. Ish stolimga o‘tirdim. Yozgim kelardi!

Ana shunaqa, kayfiyating chog‘ bo‘lsa, ilhom parilari bezovta qilaveradi!..

(Qani edi har kuni birinchi aprel bo‘lsa!)

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring