Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Har dardning davosi bor. Amerikada silga qarshi yangi dori yaratildi

Har dardning davosi bor. Amerikada silga qarshi yangi dori yaratildi

Foto: «New Atlas»

Nyu-Yorkda joylashgan «TB Alliance» nodavlat tashkiloti olimlari silga qarshi yangi dori vositasini ishlab chiqdi. «Share America» portali xabariga ko‘ra, AQShning oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmon sifatini nazorat qilish boshqarmasi (FDA) yangi doridan foydalanishga rasman ruxsat berdi.

Hozirga qadar sil kasalligining dorilarga chidamli turiga chalingan bemorlar uchun samarali davo vositasi juda kam edi. «TB Alliance» nodavlat tashkiloti tadqiqotchilari yaratgan pretomanid tabletkalari aynan og‘ir ahvoldagi bemorlar joniga ora kirsa ajab emas. Tajriba va sinovlarga ko‘ra, pretomanid 90 foiz holatda silning og‘ir turlariga chalingan bemorlarga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan. Endilikda mazkur hapdorini bedakvilin hamda linezolid antibiotiklari bilan birgalikda qo‘llash mumkin bo‘ladi.

Qayd etish joizki, AQShning oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmon sifatini nazorat qilish boshqarmasi qat’iy mezonlar asosida dori vositalaridan foydalanishga ruxsat beradi. So‘nggi 40 yil ichida boshqarma silga qarshi atigi uchta dori vositasini ma’qullagan.

Yangi hapdori tez fursatda boshqa mamlakatlarda ham sotuvga chiqishi kutilmoqda. Odatda, FDA tasdig‘idan o‘tgan dori-darmonga qisqa muddatda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ham «vasiqa» beradi.

Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, 2018-yilda dunyo bo‘yicha sil kasaliga chalingan 10 million kishi ro‘yxatga olingan, 1,6 million bemor mazkur xastalikdan vafot etgan.

Eng xatarli xastaliklardan biri sanalgan OIV (OITS) infeksiyasining hozircha davosi topilgani yo‘q. Sil tayoqchilarini yuqtirgan bemorlar esa o‘z vaqtida davolansa, darddan xalos bo‘ladi. Ammo shunga qaramay, bugungi kunda sil xastaligidan vafot etayotganlar soni OIV (OITS) infeksiyasi tufayli hayot bilan vidolashayotganlar sonidan  ko‘proq.

JSST xulosasiga ko‘ra, 120 dan oshiq mamlakatda silning dorilarga chidamli turlari tarqalgan. Nyu-York olimlari yaratgan dori ana shunday bemorlarga mo‘ljallangan.

JSST 2014-yilda silga qarish kurash bo‘yicha maxsus strategiya qabul qilgan. Unga ko‘ra, 2015-2035-yillar oralig‘ida sil tufayli vafot etish darajasini 95 foiz, kasallanishning yangi holatlarini 90 foizga qisqartirish ko‘zda tutilgan.

BMT Bosh assambleyasi 2018-yil sentyabrda 2030-yilga qadar butun dunyoda sil epidemiyasiga barham berish bo‘yicha bayonot qabul qilgan.

Eslatib o‘tamiz,  AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) 20 yildan buyon silga qarshi kurash bo‘yicha O‘zbekiston bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Qo‘shma Shtatlar agentligi bu boradagi besh yillik dastur doirasida 7,6 million dollar mablag‘ ajratgan. Mazkur mablag‘ mamlakatdagi laboratoriyalarni yangilash, tashxis va davo usullarini takomillashtirish, tibbiyot xodimlari malakasini oshirish kabi maqsadlarda sarflanadi.

S.Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring